Sport | 10:02 / 28.08.2021
4496
3 daqiqa o‘qiladi

Elbek Rahimovning o‘limidan so‘ng Qashqadaryoda sport murabbiylariga shogirdlarni nazorat qilishda e'tiborli bo‘lish uqtirilmoqda

Taniqli sportchi va murabbiy Elbek Rahimov o‘ldirilgandan so‘ng Qashqadaryo viloyatida og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarning oldini olish maqsadida yakkakurash sport turlari bo‘yicha ishlayotgan murabbiylariga shogirdlarini nazorat qilishda e'tiborli bo‘lish uqtirilmoqda. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, Qarshi shahar IIBda «Sport yovuzlikka emas, ezgulikka xizmat qilsin» shiori ostida tadbir bo‘lib o‘tgan. Unda viloyat IIB, Turizm va sport boshqarmalari, sport to‘garaklari rahbarlari, murabbiylar, sportchilar va sport sohasida tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan shaxslar ishtirok etgan.

Tadbirda viloyat IIB boshlig‘ining 1-o‘rinbosari polkovnik Jasur Atayev sport — sog‘lik va salomatlik garovi ekani, davlatni dunyoga tanitish bilan birga ravnaqi va porloq kelajagi uchun ham muhimligini ta'kidlagan.

IIB mutasaddisi yig‘ilganlarga keyingi paytlarda ayrim sportchilarning o‘zboshimchaligi, manmanligi, o‘z kuchiga ortiqcha baho berayotgani, arzimagan bahona tufayli nizoga borayotgani ayanchli holatlarni keltirib chiqarayotganini bildirgan. U ayniqsa kurash, sambo, jangovar sambo, karate og‘ir atletika bilan shug‘ullanib kelayotgan yoshlarning o‘zaro kuch sinashish natijasida kelib chiqayotgan kelishmovchiliklar, og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarni keltirib chiqarayotganini aytgan.

Qayd etilishicha, tadbirda endi har bir ota-ona farzandining murabbiyi bilan uzviy aloqani yo‘lga qo‘yishi, bolaning o‘qish va to‘garakdan keyingi vaqti qayerda kimlar bilan o‘tayotgani nazorat ostiga olishi yuzasidan mutasaddilar oldiga aniq vazifalar qo‘yilgan.

Shuningdek, Elbek Rahimovning o‘ldirilishi bilan bog‘liq hodisa, bundan tashqari Qarshidagi kafeda og‘ir atletika bilan shug‘ullanadigan yigitning mast bo‘lib janjallashgani ortidan kelib chiqqan pichoqlashish boshqalarga saboq bo‘lishi uqtirilgan. Yoshlar sport bilan shug‘ullanib to‘playotgan kuchini yovuzlikka emas, ezgulikka ishlatishi, murabbiylarga o‘z shogirdlariga e'tiborli bo‘lishlari ta'kidlangan.

Ғайрат Йўлдошев
Tayyorlagan Ғайрат Йўлдошев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid