O‘zbekiston | 10:41 / 28.08.2021
10477
2 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryoda 108 yoshli momoga davlat mukofoti topshirildi

Surxondaryo viloyati Bandixon tumanida yashovchi 108 yoshli momo prezident tomonidan «Shuhrat» medali bilan taqdirlandi. Mukofotni momoga viloyat hokimi To‘ra Bobolov topshirgan. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati rahbari Kun.uz’ga xabar berdi.

Joriy yil 25 avgustda Shavkat Mirziyoyevning «O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz yilligi munosabati bilan davlat xizmatchilari hamda ishlab chiqarish va ijtimoiy-iqtisodiy sohalar xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida»gi farmoniga asosan bir guruh yoshi ulug‘ insonlar «Shuhrat» medali bilan mukofotlangan. Ular orasida Surxondaryo viloyati Bandixon tumani Birdamlik mahallasida yashaydigan 108 yoshdagi Zulfin G‘afforova (Jumayeva) ham bor.

Ma'lum qilinishicha, 27 avgust kuni To‘ra Bobolov onaxon xonadonida bo‘lib, unga prezidentning bayram tabrigini o‘qib eshittirgan va davlat mukofotini tantanali tarzda topshirgan. Shundan so‘ng Zulfin momo bilan dildan suhbatlashib, salomatligi bilan qiziqqan. 20 dan ortiq nevara, 14 chevara va uch evaraning suyukli momosi bo‘lgan Zulfin G‘afforova mehmonlarga bolalik, yoshlik va undan keyingi og‘ir yillar haqida o‘z xotiralarini so‘zlab bergan. Mustaqillikning keyingi yillarida ko‘rsatilayotgan e'tibor uchun davlatimizga cheksiz minnatdorlik bildirgan.

Qayd etilishicha, shu kuni pir-u badavlat onaxonga viloyat hokimining bayram sovg‘alari ham topshirilgan. Tabarruk momo Vatanimizga tinchlik, yurtimizga obodlik, xonadonlarga to‘kinlik tilab, duo qilgan.

Mavzuga oid