Jahon | 23:15 / 10.09.2021
3990
2 daqiqa o‘qiladi

Misrda koronavirusga chalingan sayyohlar bepul davolanadi

Misrga kelgach yoki u yerda dam olish vaqtida koronavirusga chalingan xorijiy sayyohlarning davolanishi uchun ketadigan tibbiy xarajatlarni davlat qoplab beradi. Bu haqda Misrning turizm va qadimiyliklar vaziri Xolid al-Ananiy ma'lum qildi.

Foto: Chris McGrath/Getty Images

“Agar Misrga kelgan sayyoh koronavirusga chalinsa, bu muammoni hal qilishning ikki yo‘li bor. Agar kasallik og‘ir shaklda kechmayotgan bo‘lsa, unda mehmonxona bemor haqida sog‘liqni saqlash va turizm vazirliklariga xabar qiladi. Sayyoh mehmonxonada alohida xonaga joylashtirilib, u yerda o‘zi va atrofidagilar (agar kasallik alomatlari bo‘lsa) mehmonxona hisobidan davolanadi”, deb aytgan vazir.  

Uning ta'kidlashicha, ikkinchi variantga ko‘ra, kasallik og‘ir shaklda kechsa, unda sayyoh shifoxonaga yotqiziladi va davolash sog‘liqni saqlash vazirligi hisobidan olib boriladi. 

Al-Ananiy Misr JSST tavsiya qilgan vaksinalar bilan emlanganlarni qabul qilishini eslatib o‘tgan.

Ayni vaqtda Misrga QR-kodga ega to‘liq emlanganlik haqidagi sertifikat (vaksinaning ikkinchi komponenti safardan eng kamida 14 kun oldin kiritilgan bo‘lishi kerak) yoki Misrga kelishdan oldidan 72 soat ichida olingan manfiy PZR-test bilan kirish mumkin. 6 yoshgacha bolalarga hech qanday tibbiy ma'lumotnoma shart emas. Agar sayyohda emlanganlik sertifikati yoki PZR-test bo‘lmasa, unda u aeroportda 30 dollarga testdan o‘tishi imkoniyati mavjud.

Shuningdek, barcha sayyohlar samolyot bortida tibbiy deklaratsiya formasini (Health Declaration Form) to‘ldirishlari lozim bo‘ladi.

Mavzuga oid