Jamiyat | 12:02 / 12.09.2021
22033
6 daqiqa o‘qiladi

Sud Samarqanddagi munozarali turar joy qurilishi masalasiga nuqta qo‘ydi - Bir mojaro silsilasi

Samarqand shahrida faoliyat ko‘rsatuvchi «AFROSIYOBSTROYSERVIS» MChJ ikki yildirki, sudma-sud sarson bo‘lib kelayotgan edi. 4 marta sudda arizasi qanoatlantirilmagan prokuratura ham endi vaziyatga adolat ko‘zi bilan qaraydi degan ishonchda.

Ko‘p qavatli turar joylar qurishga ixtisoslashgan korxona direktori Zarina Sobirovaning ma'lum qilishicha, «AFROSIYOBSTROYSERVIS» MChJga Samarqand shahar hokimi (A.Shukurov)ning 2015 yil 10 noyabrdagi 1428-Q sonli qarori bilan Amir Temur ko‘chasidagi 6-, 12-, 14- hamda Mirzo Ulug‘bek ko‘chasidagi 3-, 5-, 7-, 9-umumfoydalanishdagi uylarni o‘z hisobidan buzib ko‘chirish, bo‘shagan maydonga ko‘p qavatli turar joy binosi qurishga ruxsat berilgan.

Samarqand shahrining qoq markazida joylashgan ushbu manzilda 51 kishi yashaydigan uylarni buzib ko‘chirish uchun MChJ uzoq muzokara olib borgan, shu vaqtgacha 8,5 mlrd so‘m sarflagan. Ularning 17 nafariga shu joyda barpo etiladigan yangi uylardan berilishi haqida kelishuv mavjud. Yana 14 oilaning turar joylari buzilishni kutib turibdi.

Buzilib bo‘shatiladigan bu joyda 6ta korpusdan iborat, 5 qavatli 148ta kvartirali turar joylar qurilishi rejalashtirilgan. Zarur ruxsatnomalar olingan. Ayni paytda korpuslardan bittasi qurib bitkazilgan, yana biri qad rostlamoqda.

Samarqand shahar prokuraturaci shahar hokimining qurilish ishlarini boshlashga izn beruvchi 2015 yilgi 1428-Q sonli qarorini bekor qilishga ko‘p marta uringan. Ammo bu urinishlar besamar ketdi.

Birinchi urinish

Samarqand shahar prokuraturasining 2020 yil 18 fevraldagi №2-10676-20 sonli protestini shahar hokimi o‘zining 2020 yil 25 mart sanasidagi 145-Q sonli qarori bilan qanoatlantirib, 2015 yilgi 1428-Q sonli qarorni bekor qilgan.

Protestda qurilayotgan turar joy binolari shaharsozlik kodeksiga mos kelmasligi, madaniy meros obektlari mavjud hududda barpo etilayotgani kabi vajlar keltirilgan.

Ammo o‘zining haqligiga ishongan «AFROSIYOBSTROYSERVIS» MChJ bu qaror ustidan sudga ariza kiritgan. Ishtixon tumanlararo ma'muriy sudining tegishli hal qiluv qarori bilan Samarqand shahar hokimining 2020 yil 15 martdagi 145-Q sonli qarori haqiqiy emas, deb topilgan. Bu o‘z-o‘zidan hokimning 2015 yildagi qarori o‘z kuchida qolganligini anglatadi.

Ikkinchi urinish

Ikki marta prokuratura 2020 yil 25 sentabr sanasida tadbirkor qurilish ishlari olib borayotgan manzilda yashovchi fuqarolar manfaatida sudga da'vo arizasi kiritib, yana 2015 yilgi shahar hokimi qarorini bekor qilishni so‘raydi.

Holbuki, ushbu manzilda yashovchi fuqarolarning aksariyat qismi quruvchi bilan bitim tuzishga erishgan va o‘z uylari buzilishiga qarshilik ko‘rsatishmagan. Ularning bu xohish va istaklarini ifodalovchi, shahar hokimi nomiga yozilgan va imzolangan arizalari ham bor.

2020 yil 12 noyabrda Samarqand shahar ma'muriy sudi fuqarolar prokuratura arizasida ko‘rsatib o‘tilgan da'vodan voz kechishgani sababli arizani ko‘rmasdan qoldirgan.

Uchinchi urinish

Hali sud yuqorida tilga olingan ajrimni chiqarmasdan, prokuratura 2020 yil 4 noyabr kuni Samarqand shahar ma'muriy sudi raisi nomiga davlat va jamiyat manfaatlarini ko‘zlab hokimning 2015 yil 1428-Q sonli qarorini haqiqiy emas, deb topish to‘g‘risida boshqa ariza kiritadi.

Bu ariza turli vajlar bilan keyingi surila-surila, oradan 9 oy o‘tgach Samarqand shahar ma'muriy sudining 12.07.2021 yilgi qarori bilan qanoatlantirishdan rad etiladi.

To‘rtinchi urinish

Sud bu arizani qanoatlantirmagach, 10 avgust kuni Samarqand shahar prokuraturasi nomidan Samarqand viloyat ma'muriy sudi apellyatsiya instansiyasiga apellyatsiya tartibida protest keltiriladi.

Protestda qurilish ishlari Samarqand shahrining madaniy meros obektlari qurshovida bufer zonada olib borilayotganiga urg‘u beriladi.

Hudud Samarqand shahrining bufer zonasida joylashgani rost. Biroq madaniy meros boshqarmasi va ekspertlar ko‘p qavatli turar joy binosi qurish uchun monelik yo‘qligi, qadimiy shaharning osori-atiqalariga soya solmasligi haqida allaqachon xulosa bergan.

Xullas, shahar prokurorining 2021 yil 10 avgustdagi apellyatsiya tartibidagi protesti 26 avgust kuni Samarqand viloyat ma'muriy sudining apellyatsiya sudlov hay'ati tomonidan ko‘rib chiqildi va protest qanoatlantirilmadi. Tadbirkorlar vaziyatni sinchiklab o‘rgangan odil sud to‘g‘ri baho berib kelmoqda, degan xulosada. Ayni paytda ularning shahar prokuraturasiga ham da'vosi yo‘q.

Xulosa o‘rnida

Mushohada qilinsa, mana shu kabi holatlarda prokuratura va sud yordamida hokimning 6 yil avvalgi qarorini bekor qilishdan osoni yo‘qdek.

Ammo xususan shu voqeada quruvchi hali o‘z kuchida bo‘lgan hokim qarori asosida qurilish ishlarini boshlagan. Bu orada qurilishga, aholi uy-joyini buzib ko‘chirishga, ularning vaqtinchalik ijara to‘lovlari uchun milliardlab mablag‘ sarflagan.

Xo‘sh, mana shunday vaziyatlarda ishlar teskari ketadigan bo‘lsa, tadbirkor qurilishga sarflagan pullarni kim qoplab beradi? Hokim qarori noto‘g‘ri chiqarilgan, deyilgan taqdirda ham buning uchun nega shahar hokimligi emas, quruvchi aybdor bo‘lishi kerak?

Qurib bitkazilgan turar joy binosi korpusi taqdiri nima bo‘ladi? O‘sha yerda yashagan, uylari buzilgan oilalar taqdiri-chi? Ko‘plab o‘rinli savollar kelib chiqmoqda.

Aslida, prokuratura o‘z talablarini shahar hokimi qarorini bekor qilishga emas, loyiha-smeta hujjatlarini talab darajasiga keltirishga yo‘naltirsa yaxshi bo‘lar edi. Aytaylik, ShNQ bo‘yicha uylar orasidagi masofaga amal qilish, uylarning balandligini nazorat qilish kabi.

Quruvchilar adolat tantana qilganiga ishonishadi, prokuratura vaziyatga odilona baho berishi, beshinchi urinishni amalga oshirmasligidan umid qilishmoqda va qurilish ishlarini tezroq nihoyalab, uylarni o‘z egalariga topshirishni istashmoqda.

Shuhrat Shokirjonov, Kun.uz maxsus muxbiri.

Mavzuga oid