O‘zbekiston | 17:25 / 16.09.2021
38291
6 daqiqa o‘qiladi

Toshkentning «o‘gay bolalari». Talabalar nega ijaraga qo‘yilmaydi?

Ta'lim olaman, kelajagimni quraman deb har yili viloyatlardan minglab yoshlar azim poytaxtni qora tortib keladi. Oliygohga qabul qilinganini eshitgan talabaning kayfi chog‘, axir u kamida vazir bo‘lishni niyat qiladi-da. Ammo Toshkent bo‘lajak vazirlarni kulib qarshi olmaydi, talaba buni tunashga boshpana topolmagan ilk kunidayoq his qiladi...

Deylik, Toshkentda biror tanishi bo‘lmagan 1-bosqich talabasi poytaxtga bir to‘da yuklari bilan keldi. U bu kecha qayerda tunaydi? Tabiiyki, oliygoh hech qachon 1-bosqich talabasini darrov yotoqxonaga qabul qilmaydi. Qo‘shimchasiga u kontrakt asosida o‘qishga qabul qilingan bo‘lsa. Ustiga-ustak, yotoqxonaga «temir daftar»da turuvchi va oilada birdan ortiq kontrakt asosida o‘qiydiganlar qabul qilinib, ortgan o‘rinlar qolgan talabalarga tarqatiladi. Yotoq yetmaganlar otang bozor, onang bozor, deb uy bozoriga yo‘l oladi.

«10 marta talabaga ijara uy berganman va hammasida pushaymon bo‘lganman»

Uy bozorida 1 xonali kvartira ijarasi 200-250 dollardan kam emas. Buni uy bozoridagi maklerlar ham tasdiqladi. Surishtiruvlarimizga ko‘ra, bir talabaning oylik ijara puli 70-80 dollarga to‘g‘ri keladi. Lekin undan ham avval talaba uchun ijara uy topish muammo. Aksar uy egalari talabaga uy berishga rozi bo‘lmaydi.

Shunday uy egalaridan biri Abror Zohidov 10 marta talabaga ijara uy bergani va 10 martasida ham pushaymon bo‘lganini aytadi.

Abror Zohidov

«Oy oxirlab ijara pulini olishga borganimda, talabalar biror marta ijara pulini to‘liq berishmagan. Bundan tashqari, ular hech aytgan 4 kishi deb 4 kishi turmaydi. 6-7 kishi bo‘lib ketishadi. Talabalar deyarli bir xil yoshda bo‘lgani sabab, hech kim mas'uliyatni o‘z bo‘yniga olmaydi, xona to‘zib ketadi. Oilani ijara qo‘ysam, mas'uliyat bir kishi zimmasida bo‘ladi, pul vaqtida to‘lanib, xonadon toza turadi», deb holatga izoh berdi Abror aka.

Ijara masalasi faqat talablarning dardi emas

Toshkentda rivojlanaman deb ishlayotgan, qo‘shimcha hunar o‘rganayotgan yoshlar ham turar joy topishda ancha qiynalmoqda. Shunday yoshlardan biri E'zoza Olimovaning ta'kidlashicha, oilali bo‘lmagan har qanday kishi uchun Toshkentda turar joy topish katta muammoga aylanadi. Ijara uy topish bir muammo bo‘lsa, topilgan uy narxi yana bir muammo.

E'zoza Olimova

«Davlat ishida ishlaydigan odam o‘rtacha 3-4 million so‘m oylik olsa, uning kamida yarmini ijaraga bersa, qolgan ehtiyojlarini qaysi puliga qondiradi? Istardimki, hozir yangi qurilayotgan uylar bilan bir qatorda viloyatdan kelgan mehmonlar uchun oyliklarimiz ko‘taradigan narxda ijara uy inshootlari qurilsa, shunday tizim yaratilsa», dedi E'zoza.

Xo‘sh, nega shaharda ijara uy narxlari bu qadar balandlab ketgan?

Ijarachi Abror Zohidovning fikricha, bunga sabab ijaraga qo‘yish poytaxtda biznesga aylanmaganidir. Ya'ni bozorda taklifga nisbatan talab ancha katta. Bozorda talab va taklif qonuni ishlamaydi. Faqat ijaradan daromad qiladigan biznesmenlar kam. Chunki ular katta pul tikkan ko‘chmas mulkini ijaraga qo‘ysa, 1 foiz ham daromad olmaydi. Ular tezroq foyda beradigan boshqa biznesga o‘ta qoladi.

Muhabbat Ma'mirova

Toshkentga kelib, ijara uy izlab yurgan talabalar bilan suhbatda bo‘lgan jurnalist Muhabbat Ma'mirova ijarachi va ijarada turuvchi o‘rtasida ishonchli tizim yo‘q deb hisoblaydi. Uning fikricha, maklerlarga ham ishonch yo‘q. Oxirgi vaqtda ular orqali ham ijara uy topish muammo bo‘lyapti.

«Shuning uchun xuddi reklama agentliklariga o‘xshagan, ijara uylarni reklama qilib beradigan alohida agentlik yoki platformalar shakllantirilishi kerak, deb o‘ylayman. Barcha ijaraga odam qo‘yuvchilar ko‘chmas mulki haqidagi hamma ma'lumotlarni shu yerga joylashi lozim», deydi u.

Oliygoh talabaning turar joy muammosini hal qilib, keyin o‘qishga chaqirishi kerak

Demak, poytaxtda talabaga ham, o‘zini rivojlantirish uchun kelgan yoshlarga ham ijaraga uy topish mushkul. Ijara narxlari ham oylik maoshlar bilan nomutanosib. Buni bartaraf etish uchun ijara biznesini rivojlantirish kerak.

Shuningdek, ijarachi va ijarada turuvchi o‘rtasida vositachilik qiladigan ishonchli platforma yaratilishi kerak.

Bundan tashqari, har yili 1-bosqich talabalari 10-15 kunsiz yotoqxonaga ham joylasholmaydi. Ular sarson-sargardon yoki kunlik ijarada, yoki qaysidir uzoq qarindoshining uyida ming xijolatpazlik bilan yashaydi. OTM talabalarni o‘qishga chaqirishdan oldin turar joy muammosini hal qilishi shart. Hech bo‘lmaganda 1-bosqich talabasi viloyatdan kelganda, eshikma-eshik sarg‘aymay yotoqxonaga joylashib bo‘lgach, o‘qishni boshlashi kerak. Biz talabalar yotoqxonaga qaysi shartlar asosida qabul qilinishi, yangi o‘quv yilida qancha talaba yotoqxona bilan ta'minlanishi haqida Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligiga murojaat qilgandik. Biroq savollarimiz ochiq qoldi.

Zuhra Abduhalimova, Kun.uz muxbiri,
Tasvirchi va montaj ustasi – Muhiddin Qurbonov.

Mavzuga oid