Jamiyat | 21:44 / 17.09.2021
14088
2 daqiqa o‘qiladi

Yozuvchi va tarjimon Olim Otaxon vafot etdi

Taniqli yozuvchi va tarjimon Olim Otaxon 17 sentabr kuni 70 yoshida olamdan o‘tdi. Marhum Toshkentdagi «Chig‘atoy» qabristoniga dafn etilgan.

Olim Otaxon 1951 yili 12 aprelda Toshkentning Beshyog‘och dahasiga qarashli Chaqchimon mahallasida tug‘ilgan. 1969–1974 yillarda ToshDU (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti)ning filologiya fakultetida tahsil olgan.

Olim Otaxon ish faoliyatini hozirgi «Turkiston» gazetasida musahhihlikdan boshlagan. U turli yillarda Toshkent viloyati kino prokatida reklama muharriri, Toshkent milliy cholg‘u asboblari fabrikasida ekspeditor, O‘zbekiston teleradio davlat qo‘mitasining adabiy-dramatik eshittirishlar bosh tahririyatida muharrir va O‘zbekiston televideniyesi dublyaj studiyasining bosh muharriri vazifalarida ishlagan.

Olim Otaxonning «Kutish» nomli birinchi hikoyasi o‘quvchilik yillarida «Toshkent oqshomi» gazetasida bosilib chiqqan edi. Shundan so‘ng «Bolalik kaptarlari» (1981), «Oqshom xayollari» (1986), «Ozod qushlar haqida qo‘shiq» (1988), «Adoqsiz ko‘chalar» nomli hikoyalar to‘plamlari e'lon qilindi.

Olim Otaxonning jahon adabiyotining mumtoz adiblari ijodidan qilgan tarjimalari e'tiborga molikdir. Yasunari Kavabataning bir qator hikoyalari, Jyek Londonning «Ajdodlar nidosi», «Oq so‘yloq» qissalari, Uilyam Folknerning «Qirmizi yaproqlar» qissasi bilan «Quyosh zavoli» hikoyasi, Xulio Kortasar, Skott Fitsjyerald, Karlos Fuenteslarning ayrim hikoyalari o‘zbek o‘quvchilariga uning tarjimasida ma'lumdir.

Olim Otaxon adabiy tarjima haqida fikr yuritib, «tarjimon faqat o‘ziga yaqin asarni tarjima qilishi kerak. Ha, zo‘r yozuvchilar ko‘p, ammo o‘zingniki bo‘lganlarini tanlab, umr bo‘yi ular bilan shug‘ullanish kerak. Masalan, men Kavabataga umrimni berdim. Adabiyot va hayot orasidagi chegarani yo‘qotdim», – degandi.

Kun.uz marhumning oila a'zolari va yaqinlariga hamdardlik bildiradi.

Mavzuga oid