O‘zbekiston | 09:47 / 18.09.2021
9183
3 daqiqa o‘qiladi

Denovda fuqaroning kaltaklab o‘ldirilishi yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha tergov tugallanib sudga yuborildi

Denovda profilaktika inspektorining yordamchilari fuqaroni urib o‘ldirib qo‘ygani yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi. Surxondaryo viloyati prokuraturasining xabar berishicha, mazkur jinoyat ishi bo‘yicha o‘tkazilgan tergov tugallangan. Jinoyat ishi mazmunan ko‘rib chiqish uchun viloyat sudiga yuborilgan.

Ma'lum qilinishicha, 2021 yil 10 iyul kuni Denov tumani Oqtom mahallasida yashovchi Yu.Xushmatov tuman IIO FMBga akasi X. Xushmatov yashash uyida janjal qilib tinchligini buzayotganligi haqida xabar bergan.

Shunga asosan, tuman IIO FMB profilaktika inspektori va uning ikki nafar yordamchisi H.Xushmatovning xonadoniga kelishgan va uni avtomashinaga o‘tkazib, tuman IIBga olib ketishgan.

Yo‘lda profilaktika inspektorining yordamchilari H.Xushmatovni bir necha bor urib, tan jarohati yetkazgan. Oqibatda H.Xushmatov 11 iyul kuni shifoxonada vafot etgan.

Holat yuzasidan Denov tumani prokuraturasi Jinoyat kodeksining 104- va 206-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan. Mazkur jinoyat ishi yuzasidan o‘tkazilgan tergov davomida X.Sh. va T.F. ga nisbatan 2021 yil 12 iyul kuni Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi «d» va 206-moddasi 1-qismi bilan ayblov e'lon qilingan. Ularga nisbatan Jinoyat ishlari bo‘yicha Denov tuman sudining shu kundagi ajrimi bilan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Shuningdek, Denov tuman IIB profilaktika inspektori S.P. ga nisbatan 2021 yil 12 avgust kuni jinoyat kodeksining 206-moddasi 1-qismi va 208-moddasi bilan ayblov e'lon qilingan. Unga nisbatan munosib xulq-atvorda bo‘lish haqidagi tilxat ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Qayd etilishicha, mazkur jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari tamomlanib, ko‘rib chiqishlik uchun ayblov xulosasi bilan viloyat sudiga yuborilgan.

Eslatib o‘tamiz, Denovda fuqaroning profilaktika inspektori yordamchilari tomonidan kaltaklab o‘ldirishi uning turmush o‘rtog‘i bu haqda ijtimoiy tarmoqlar orqali videomurojaat qilgandan so‘ng omma e'tiboriga tushdi. Shundan so‘ng Bosh prokuratura va Senat bu hodisa yuzasidan munosabat bildirdi.

Ayol joriy yil 29 iyul kuni tarqalgan videosida aybdorlarga “18 kundan beri hech kim chora ko‘rmayotgani”ni aytgan. Rasmiy axborotda esa ikki gumondor Xushvaqtov vafot etganining ertasiga, joriy yid 12 iyul kuni qamoqqa olingani aytiladi.

Ta'kidlash kerak, Bosh prokuratura va Senat ayolning videomurojaati tarqalganidan keyin holatga munosabat bildirdi, vaholanki, voqea ayol murojaatidan 18 kun oldin, 11 iyul kuni ro‘y bergan.

Mavzuga oid