O‘zbekiston | 08:22 / 18.09.2021
16551
3 daqiqa o‘qiladi

«Sog‘lom turmush tarzi» platformasi bo‘yicha foydalanuvchilarga to‘lovlar vaqtincha to‘xtatildi

Joriy yil 14 sentabrdan boshlab 1hls.uz mobil ilovasi bo‘yicha foydalanuvchilarga to‘lovlar vaqtincha to‘xtatildi. Bu haqda Turizm va sport vazirligi xabar bermoqda.

Foto: Kapital.uz

Ma’lum qilinishicha, aholini kunlik yurish va yugurishga targ‘ib qilish bo‘yicha “Sog‘lom turmush tarzi” platformasi, ya’ni www.1hls.uz veb-sahifasi hamda mobil ilovasi bo‘yicha joriy yil 10 iyundan 13 sentabrga qadar bir sutka davomida o‘n ming va undan ortiq qadam yurgan 18 yosh va undan yuqori yoshdagi O‘zbekiston fuqarolarining platformadagi elektron hamyoniga jami 9,4 mlrd so‘m mablag‘lar to‘lab berildi.

Shuningdek, har oyda har bir tuman (shahar) bo‘yicha eng ko‘p yurgan shaxsga 300 ming so‘mdan, har bir hudud bo‘yicha eng ko‘p yurgan shaxsga 500 ming so‘m, respublika bo‘yicha eng ko‘p yurgan shaxsga qo‘shimcha ravishda 1 mln so‘m to‘lanib, joriy yil iyun-avgust oylari davomida jami 206,7 mln so‘m mablag‘ foydalanuvchilar elektron hamyoniga o‘tkazib berildi.

“Turizm va sport vazirligining Moliya vazirligi G‘aznachiligida ochilgan shaxsiy g‘azna hisobvarag‘iga tushadigan tegishli daromadlar manbalarining bir me’yorda doimiy tushish imkoniyati cheklanganligini inobatga olib, mazkur shaxsiy g‘azna hisobvarag‘ida 500,0 mln so‘mdan kam mablag‘ qolsa, mobil ilova bo‘yicha foydalanuvchilarga to‘lovlar, ushbu shaxsiy g‘azna hisobvarag‘ida 5,0 mlrd so‘mgacha mablag‘ yig‘ilgunga qadar avtomatik tarzda to‘xtatilishi belgilab qo‘yilgan.

Bunda, shaxsiy g‘azna hisobvarag‘idagi mablag‘lar 5,0 mlrd so‘mga yetgunga qadar mobil ilovada o‘n ming va undan ortiq qadam yurgan fuqarolarga to‘lanadigan to‘lovlar to‘lanmasligi ko‘rsatib o‘tilgan.

Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda, joriy yil 14 sentabrdan boshlab mobil ilova bo‘yicha foydalanuvchilarga to‘lovlar vaqtincha to‘xtatilganligini ma’lum qilamiz”, deyiladi vazirlik xabarida.

Avvalroq, avgust oyida eng ko‘p piyoda yurganlarga qariyb 69 million so‘m mukofot puli berilgani xabar qilingandi.

O‘tgan oy davomida respublika bo‘yicha tumanlar kesimida 203 ta g‘olib aniqlangan. Uchta tuman aholisi esa haligacha platformadan foydalanishmagan. G‘oliblarga umumiy hisobda 68 million 900 ming so‘m mablag‘ to‘lab berilgan.

Mavzuga oid