Jahon | 11:13 / 19.09.2021
42718
5 daqiqa o‘qiladi

Afg‘oniston: qizlarga maktabga borishga ruxsat yo‘q, ayollar huquqlarini cheklovchi vazirlik tiklandi

Afg‘onistonda hokimiyatga qaytgan toliblar bolalar va erkak o‘qituvchilarga maktablarga qaytishga ruxsat berishgan, lekin qizlar hozircha maktabdagi mashg‘ulotlardan chetlatilgan.

18 sentyabrdan bolalar maktabga qaytishdi. Qizlar esa hozircha uyda o‘tiradi. Asosiy muammo shu bilan bog‘liqki, endi qizlarni faqat ayol o‘qituvchilar o‘qitishi mumkin, layoqatli ayol o‘qituvchilar esa juda kam.

Yangi hukumatning rasmiy vakili Zabihullo Mujohid hukumatda qizlarni sinfxonalarga qaytarish bo‘yicha rejalar mavjudligini ma'lum qildi, ammo ayni vaqtda «protsedurani qayta ishlash» jarayoni, jumladan o‘qituvchilarni taqsimlash ishlari olib borilmoqda.

Shu bilan birgalikda, Afg‘onistondagi vaziyat o‘tgan asrning 90-yillariga qaytishi borasida xavotirlar bor, o‘shanda butun mamlakat bo‘ylab ayollar ta'limiga taqiq joriy etilgandi.

Maktablar faoliyatini 18 sentyabrdan boshlab tiklash haqidagi rasmiy bayonotda barcha erkak o‘qituvchilar va o‘quvchilar o‘z ta'lim muassasalariga qaytishi darkor ekani ko‘rsatilgan.

Hozircha qizlar faqat boshlang‘ich sinflarda o‘qishi mumkin, masalan, Hirotda bunga ruxsat berilgan. Surat 2021 yil 14 sentyabrda olingan. Ammo ular ta'limni o‘rta maktabda ham davom ettirishi hozircha aniq emas.

Afg‘onistonda 13 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar umumta'lim maktablarida o‘qishadi, ularning katta qismi bu davrda o‘g‘il bolalar va qiz bolalar uchun alohida sinflarda o‘qishadi.

BBC bilan suhbatlashgan o‘rta maktab o‘quvchi qizlaridan biri endi unda ta'lim olishni davom ettirish umidi yo‘qligi va kelajak qorong‘ilik ostida qolganini aytib o‘tgan.

«Har tongda uyg‘onaman va o‘zimdan so‘rayman: menga yashashning nima keragi bor? Men endi uyda o‘tirib, menga uylanmoqchi bo‘lgan odam eshik taqillatishini kutishim kerakmi? Bu ayollar uchun hayotning yagona maqsadimi?» - deydi toliblar qaytishidan oldingi davrda huquqshunos bo‘lishni maqsad qilgan qiz.

Uning otasi esa onasi savodsiz bo‘lgani va eridan doimiy ravishda so‘kish eshitganini aytadi. «Men qizim ham shunday holatga tushishini istamasdim», deydi u.

Toliblarning o‘tgan asrdagi hukmronligi davrida qizlar faqat sakkiz yoshgacha o‘qishi mumkin edi, shunda ham ular uchun yagona fan Qur'onni o‘rganish bo‘lgan.

Boshqa bir 16 yoshli maktab o‘quvchisi maktablar qizlar uchun qayta ochilmasligidan qo‘rqmoqda, chunki toliblar avval bo‘lgani kabi ayollarga ta'lim olishi kerakmas deb hisoblashi mumkin.

Hafta boshida toliblar ayollarga universitetlarda o‘qishga ruxsat berilishi, ammo ular erkaklar bilan bir xonada bo‘lmasligi hamda yangicha dress-kodga amal qilishi kerakligini aytishgandi.

Ammo gap shundaki, universitetlarning aksarida shunchaki ayollar uchun alohida auditoriyalar qilishga sharoit yo‘q. Bundan tashqari, agar qizlar o‘rta maktablarga bora olishmasa, ularda oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun yetarli bilimlar bo‘lmaydi.

Toliblar hukumati ag‘darilishi va ular yana hokimiyatga qaytishi orasidagi 20 yil vaqt davomida Afg‘onistonda maktab o‘quvchilari bo‘lgan qizlar soni noldan ikki yarim millionga yetgandi, ayollar savodxonligi darajasi 30 foiz atrofida.

Boshqa tomondan, bunday o‘sishga asosan shahar aholisi hisobiga erishilgan.

Ayollar ishlari bo‘yicha vazirlik (sobiq) binosida endi yangi peshtaxta o‘rnatilgan, unda bu bino endi Fazilat va nuqsonlar vazirligiga tegishli ekani aytilgan.

Hokimiyatga qaytgan toliblar Afg‘onistonda ayollar huquqlari ta'minlanishi, bu faqat shariat qonunlari doirasida bo‘lishini aytishga shoshilishgandi.

Hozircha yangi hukumat Xotin-qizlar masalalari vazirligini yopib, uning o‘rniga Fazilatlarni targ‘ib qilish va nuqsonlarga qarshi kurashish vazirligini tiklashdi. 20 yil muqaddam bu vazirlik qat'iy diniy qoidalarni ijro etish va ayollar uchun qattiq cheklovlar qo‘yish bilan shug‘ullangan.

BBC’ning Afg‘oniston bo‘yicha korrespondenti Liz Dusetning fikricha, toliblar yetakchilari 20 yil ichida dunyo o‘zgargani va ular ham o‘zgarishi kerak bo‘lganini tan olgan bo‘lsa-da, berilgan va'dalar hamda amalda olib borilayotgan siyosat o‘rtasidagi tafovut tobora ayonlashib bormoqda.

Mavzuga oid