O‘zbekiston | 16:47 / 20.09.2021
1809
2 daqiqa o‘qiladi

Xorazmlik ota farzandlariga aliment o‘rniga uy berdi

Xorazm viloyatida istiqomat qiluvchi ota voyaga yetmagan 2 nafar farzandining ta'minoti uchun mo‘ljallangan aliment o‘rniga uy berdi.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Bog‘ot tumanlararo sudining ijro hujjatiga asosan, 2020 yil mart oyida qarzdor Sh.X. undiruvchi M.M. foydasiga voyaga yetmagan 2 nafar farzandi ta'minoti uchun oylik ish haqi va boshqa daromadlarining 1/3 qismi miqdorida aliment undirish belgilangan edi.

Ijro hujjati Majburiy ijro byurosi Tuproqqal'a tuman bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan va tegishli tartibda ijro ishi yurituvi qo‘zg‘atilib, ota tomonidan aliment pullari oyma-oy, o‘z vaqtida, to‘liq to‘langan.

Alimentchi ota Byuroning tuman bo‘limiga murojaat qilib, farzandiga to‘lanishi lozim bo‘lgan aliment evaziga o‘z uyini rasmiylashtirib berish istagini bildirgan.

Shu bois, unga tegishli huquqiy tushuntirish berilib, Vazirlar Mahkamasining 808-sonli qaroriga muvofiq, sobiq turmush o‘rtog‘i bilan kelishilgan holda Bog‘ot tumanidagi uyini uning nomiga rasmiylashtirib bergan. Shundan so‘ng, qarzdor sud tomonidan aliment to‘lashdan ozod qilingan.

Mavzuga oid