Jahon | 03:20 / 24.09.2021
16424
3 daqiqa o‘qiladi

Rim aholisi to‘ng‘izlardan aziyat chekmoqda

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Italiya poytaxti Rimda to‘ng‘izlar to‘dalari bamaylixotir yurib, mahalliy aholiga ko‘plab muammolar tug‘dirmoqda. The Local nashrining xabar berishicha, yovvoyi hayvonlar yo‘lning piyodalar va transport harakatlanadigan qismida, uylar hovlilarida izg‘ib yuribdi. 

Ta'kidlanishicha, to‘ng‘izlar shahar sharoitiga ko‘nikib, piyodalar va transport qatnovidan hech ham cho‘chimayapti. Odamlar esa to‘ng‘izlar sababli hattoki itlarini sayrga olib chiqish ham xavfli bo‘lib qolganini aytishmoqda.

Twitter’ning italyan segmentida #cinghiali, ya'ni “to‘ng‘izlar” xeshtegi ommalashmoqda.Foydalanuvchilar ushbu xeshteg ostida Italiya ko‘chalarida yurgan to‘ng‘izlarni, bu bilan bog‘liqlar memlar va hazillarni e'lon qilishmoqda. Ulardan ba'zilarining kinoya qilishicha, endi Rimga velosiped yo‘lkalaridan tashqari, to‘ng‘izlar uchun ham yo‘lkalar zarur.

Ta'kidlanishicha, oxirgi yillarda shaharda, ayniqsa uning shimoliy qismida to‘ng‘izlar tobora ko‘p paydo bo‘lmoqda.

Italiya qishloq xo‘jaligi vaziri Stefano Patuanelli ushbu vaziyatni “butun mamlakat bo‘ylab his qilinayotgan favqulodda vaziyat” deb atagan.

“Ushbu vaziyat faqat Rimda yuz berayotgandek tuyulishi mumkin, biroq bunday emas. Bu muammo haqida boshqa hududlar ham har kun hisobot bermoqda”, deb aytgan vazir.

Uning aytishicha, bu muammoga kurashish uchun yangi qonunlar zarur emas, mavjud qonunlar ham yetarli.

Bu orada fermerlarning ta'kidlashicha, pandemiya sababli kiritilgan lokdaun vaqtida 2020 yilda fermalar va shaharlar chekkalariga kirib qolgan to‘ng‘izlar soni 15 foizga oshib, rekord darajaga – 2,3 mln boshga yetgan.

Italiyaning provinsial shaharlarida to‘ng‘izlar sababli yuzaga kelgan avtofalokatlar soni oxirgi 10 yil ichida 81 foizga oshgan. 2020 yilda ular bilan bog‘liq yuz bergan yo‘l-transport hodisalarida 16 kishi vafot etgan, 215 kishi jarohat olgan.

Mavzuga oid