Jahon | 20:29 / 24.09.2021
8360
2 daqiqa o‘qiladi

Suriyada o‘n yil ichida 350 mingdan ortiq kishi o‘ldirilgani ma'lum qilindi

Mishel Bacheletning so‘zlariga ko‘ra, ularning 26 ming 727 nafarini ayollar va 27 ming 126 nafarini bolalar tashkil etadi.

Foto: AP Photo/Ariel Schalit

Suriyada 2011 yil martdan 2021 yil martgacha bo‘lgan davr mobaynida 350 mingdan ortiq kishi o‘ldirilgan. Bu haqda BMTning inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Mishel Bachelet ma'lum qildi.

“Biz Suriyadagi nizo davomida 2011 yil martdan 2021 yil martgacha 350 ming 209 nafar shaxs o‘ldirilganini aniqladik”, – dedi oliy komissar.

Bacheletning so‘zlariga ko‘ra, ularning 26 ming 727 nafarini ayollar va 27 ming 126 nafarini bolalar tashkil etadi.

Eng ko‘p halok bo‘lganlar Halab viloyatiga to‘g‘ri keladi: 51 ming 731 kishi. Keyingi o‘rinlarda Damashq atrofidagi qishloqlar (47 ming 483 kishi), Xoms (40 ming 986 kishi), Idlib (33 ming 271 kishi), Homa (31 ming 993 kishi) va Tartus (31 ming 369 kishi) joylashgan.

Bacheletning izoh berishicha, ushbu statistika puxta tekshiruvlarga asoslangan, ammo bu ma'lumotlarni nizo qurbonlarining to‘liq ro‘yxati deb qabul qilmaslik lozim.

Uning so‘zlariga ko‘ra, gap faqat tekshiruvlarda aniqlangan miqdor haqida bo‘lib, qurbonlarning haqiqiy soni bundan ko‘p.

 

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid