Jahon | 13:57 / 26.09.2021
18593
9 daqiqa o‘qiladi

Germaniyada saylov - asr boshidan buyon ilk bor Merkelsiz

Germaniyada bugun Bundestagga saylovlar bo‘lib o‘tadi, unda 19 yil ichida ilk marta hukmron Xristian-demokratlar ittifoqidan Angela Merkel nomzod sifatida ko‘rsatilmaydi.

Yashillar yetakchisi Annalena Berbok, sotsialistlar yetakchisi, Merkel davridagi vitse-kansler Olaf Sholtz, Merkel partiyasining yangi yetakchisi Armin Lashet - ular Germaniyaning navbatdagi kansleri bo‘lish uchun asosiy nomzodlar.

Germaniya kansleri Angela Merkel uch yil oldin navbatdagi saylovlarda ishtirok etmasligini ma'lum qilgandi. Shu tufayli XDI hokimiyatni boy berishi ham mumkin.

Saylovoldi so‘rovlari Germaniyada Xristian-demokratlar ittifoqi/Xristian-sotsialistlar ittifoqi bloki o‘ng-markazchilari va Sotsial-demokratik partiya so‘l-markazchilari koalitsiyasi hukmronligi davri nihoyat yakunlanishini ko‘rsatgan.

Bu «og‘ir vaznli» partiyalar uchun berib kelingan ovozlarning  bir qismini 2015-2016 yillardagi migratsiya inqirozi davrida maydonga chiqqan va aksilimmigratsiya yo‘nalishidagi o‘ng populistlarning «Germaniya uchun muqobil» partiyasi olishi kutilmoqda, so‘nggi vaqtlarda «yashillar» partiyasi ham sezilarli ko‘tarilishga erishgan.

Bundan tashqari, shu vaqtgacha partiya uchun emas, Merkel xonim uchun ovoz berib kelgan saylovchilar endi XDIdan yuz o‘girishi tayin.

Natijada reytingi bir-biriga yaqin uch yetakchi partiya - sotsial-demokratlar, XDI va yashillar koalitsiyasi yuzaga kelishi mumkin: Merkel davridagi barcha to‘rt saylov siklida ikki partiya (XDI va SDP) koalitsiyasi tuzilgandi.

  • So‘nggi so‘rovnomalarga ko‘ra, Germaniya sotsial-demokratik partiyasini 25 foiz saylovchilar, XDI/XSIni 23 foiz, «Yashillar»ni 16,5 foiz, Germaniya ozod demokratik partiyasini 11 foiz, «Germaniya uchun muqobil» partiyasini 10 foiz va «So‘llar»ni 6 foiz saylovchilar qo‘llab-quvvatlashga tayyor.

Bu koalitsiya tarkibi bo‘yicha bir necha variantlar bor. Sotsialistlar va yashillar yetakchilari saylovoldi kampaniyasi yakunida o‘z qarashlari yaqinligini namoyish etishdi. Bundan tashqari, barcha yetakchi siyosatchilar bo‘lajak hukumatga «Germaniya uchun muqobil»ni qabul qilishdan bosh tortgan.

Yangi hukmron koalitsiya qanday ko‘rinishda bo‘lmasin, nemis sharhlovchilari tashqi siyosatda jiddiy o‘zgarishlar bo‘lishini kutishmayapti.

Olaf Sholtz va Annalena Berbok so‘nggi saylovoldi debatlari vaqtida bir-birini tanqid qilishga urinmadi - germaniyalik sharhlovchilar buni ularning hukmron koalitsiyada birgalikda ishlashga tayyorligi sifatida talqin qilishdi.

Sotsial-demokratlar ko‘p yillar davomida Moskva bilan XDIdan ko‘ra do‘stona munosabatda bo‘lib kelgan, ammo partiya yetakchisi Olaf Sholtz sobiq kansler Gerxard Shryoder kabi «Putinning do‘sti» emas (garchi Shryoder hukumati davrida partiya bosh kotibi bo‘lgan esa-da). Umuman olganda, bu kampaniya davomida Sholtz ham boshqa partiyalar yetakchilari kabi tashqi siyosat haqida ko‘p gapirmadi, gapirsa ham shu vaqtgacha Merkel olib borgan siyosat yo‘nalishidan chiqmadi. Uning asosiy tezisi: Germaniya tashqi siyosatni Yevropa Ittifoqi bilan kelishgan holda yuritishi kerak.

Yashillar esa rossiyaliklarning «Shimoliy oqim» gaz quvuri loyihasining ikkinchi bosqichiga qat'iy qarshi kayfiyatda, bundan tashqari, ular G‘arb qadriyatlariga asoslangan va inson huquqlari hamda fuqarolar erkinligini himoya qiladigan tashqi siyosat yuritish niyatlarini bildirishgan.

Rossiya yo‘nalishida o‘zgarishlar faqatgina jahon kapitalizmga qarshi kurashuvchi So‘llar partiyasi (Die Linke) Federal hukumatdan o‘rin olgan taqdirda kuzatilishi mumkin. Bu holatda moskvaparast ritorika rasmiy darajada yangrab, Rossiyadagi axborot agentliklarida «Bundestagdagilar Rossiyani qo‘llashmoqda» sarlavhali kam sonli xabarlar o‘rnida «Nemis vaziri Rossiyani qo‘llab-quvvatlamoqda» sarlavhali xabarlar paydo bo‘lishi mumkin.

Bu saylovoldi kampaniyasida asosiy mavzular tashqi siyosat, ayniqsa Rossiya mavzusi bo‘lmadi, balki «yashil» iqtisodiyot, umuman energetika, shuningdek, boylarga soliqlarni oshirish orqali soliq yukini qayta taqsimlash, minimal ish haqini oshirish va albatta pandemiyadan chiqish, koronavirus tufayli qo‘llangan favqulodda iqtisodiy choralarni saqlab qolish yoki bekor qilish masalalari bo‘ldi.

Muvaffaqiyatli va muvaffaqiyatsiz tanlovlar

Kansler lavozimga Xristian-demokratlar ittifoqi/Xristian-sotsialistlar ittifoqi siyosiy kuchidan Armin Lashet, Germaniya sotsial-demokratik partiyasidan Olaf Sholtz va «Yashillar» partiyasidan Annalena Berbok asosiy da'vogarlar hisoblanmoqda.

Angela Merkel Xristian-demokratlar ittifoqi partiyasi rahbarligidan ketishini e'lon qilgach, ehtiyotkorlik bilan uning vorisini aniqlash uchun harakat boshlandi va bu uzoq davom etdi, lekin saylovoldi so‘rovlariga ko‘ra tanlov to‘g‘ri bo‘lib chiqmagan. Shimoliy Reyn-Vestfaliya yeri bosh vaziri va kanslerlikka XDI/XSI blokidan nomzod bo‘lgan Armin Lashet reytinglarda Olaf Sholtzdan katta farq bilan ortda qolmoqda va faqat autsayderlardan, masalan, «Germaniya uchun muqobil» yetakchilari Alisa Vaydel va Tino Krupalludan biroz oldinroqda.

XDIning yangi rahbari Armin Lashet Angela Merkel va Olaf Sholtz kabi bosiq siyosatchi ko‘rinadi, ammo uning reytingi ham juda yomon.

Yashillar ham, so‘rovlar natijalariga ko‘ra, partiya hamraisi Annalenu Berbokni «shpitsenkandidat», ya'ni ro‘yxat yetakchisi va kanslerlikka nomzod sifatida tanlab xato qilishgan. Aprel oyi oxiri - may oyi boshlarida, Berbok tanlanishidan ko‘p o‘tmay, «Yunion 90/Yashillar» (Bündnis 90/Die Grünen) partiyasi qisqa muddat Germaniyadagi eng taniqli partiyaga aylandi, ammo keyin doimiy ravishda pozitsiya boy berildi.

Sotsialistlar kutilmagan yurish qilishdi - kanslerlikka nomzod sifatida partiya hamraislari, so‘l qanot vakillari Saskiyu Esken yoki Norbert Valter-Boryans emas, konservativ vitse-kansler va moliya vaziri Olaf Sholtz ko‘rsatildi.

Saylovlardan oldingi so‘nggi kungacha bu qaror to‘g‘ri tanlovdek qarab kelindi, ammo saylov kunida nimalar bo‘lishi - alohida masala.

Merkel qachon ketadi?

Saylovlarda 60,4 mln fuqaro ovoz berishi kutilmoqda. Ijtimoiy so‘rovnomalar natijalariga ko‘ra, bundestagga 2017 yildagi kabi 6ta siyosiy kuch o‘tishi kutilmoqda. Germaniyada parlament saylovlari 4 yilda bir marta o‘tkaziladi. Uning natijalariga ko‘ra Germaniya prezidenti taklifi bilan yangi parlament kanslerni tanlaydi. Saylovlarda eng ko‘p ovoz to‘plagan partiya hukmron koalitsiyani shakllantirish huquqiga ega bo‘ladi.

Yangi bundestagda hukmron koalitsiyani shakllantirish uchun 374 deputat zarur bo‘ladi.

Joriy saylovlarda 1990 yilda Germaniya birlashgandan beri eng ko‘p partiya ishtirok etmoqda. Federal saylov komissiyasi ma'lumotlariga ko‘ra, saylovlarga 47ta siyosiy kuch o‘z nomzodlarini ilgari surgan. Hammasi bo‘lib deputatlik o‘rinlari uchun 6211 nomzod, jumladan 2024 ayol kurash olib boradi.  

Saylovchilarda ikkita ovoz berish huquqi bo‘ladi. Ulardan birinchisi saylov okrugidan nomzod uchun, ikkinchisi siyosiy partiyaning hududiy ro‘yxatlari uchun beriladi. Ikkala yo‘l bilan ham 299 nafardan deputat saylanadi. Partiya «ikkinchi» ovozdan qancha ko‘proq yig‘a olsa, parlamentda shuncha ko‘p o‘ringa ega bo‘la oladi. Bundestagning dastlabki tarkibi 598 deputatni ko‘zda tutadi, biroq partiyalar «ikkinchi» ovozdan ko‘proq yig‘sa, deputatlar soni oshishi mumkin. Misol uchun, 2017 yilgi saylovlar natijalariga ko‘ra bundestagga 709 deputat o‘tgan. Ekspertlarning fikricha, 2021 yilda ular soni 800dan oshishi mumkin.

Germaniyada saylovlardan keyin hukmron koalitsiyani shakllantirish bo‘yicha muzokaralar shunchalik cho‘zilib ketishi mumkinki, Merkel kamida dekabr oyi oxirigacha kansler lavozimida qolishi mumkin. Rasman uning vakolatlari bundestag yangi tarkibining birinchi yig‘ilishidan keyin yakunlanadi. Bu yig‘ilish esa saylovlardan keyin 30 kun ichida o‘tishi lozim. Biroq aslida Merkel yangi hukumat shakllantirilmagunga qadar o‘z lavozimida qoladi. U ushbu lavozimda sobiq kansler Helmut Kolning rekordini yangilashi ham mumkin. Kol ushbu lavozimni 1982 yil 1 oktyabrdan 1998 yil 26 oktyabrgacha, ya'ni 5869 kun egallagan. Merkel esa o‘z lavozimida belgilangandan ko‘ra ko‘proq qoladigan bo‘lsa, bu ko‘rsatkichga 17 dekabrda erishishi mumkin.   

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid