O‘zbekiston | 13:20 / 29.09.2021
411
2 daqiqa o‘qiladi

«Andijon – Xonobod» temir yo‘li elektrlashtiriladi

Andijon viloyatida kelgusi besh yilda 21 ming xonadonli ko‘p qavatli uylar quriladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev ma'lum qildi.

“Shundan 2 mingtasi ehtiyojmand oilalarga ajratilib, ularga ipoteka krediti bo‘yicha subsidiya beriladi. 

Hammangiz xabardorsiz, shu yil iyun oyida yaxshi niyat bilan “Yangi Andijon” shahriga tamal toshini qo‘ydik. Ushbu yirik loyihaning birinchi bosqichida 192 ta ko‘p qavatli uy qurilib, 5 mingdan ziyod oila o‘z boshpanasiga ega bo‘ladi. Andijon va Yangi Andijon shaharlarini bog‘lovchi 16 kilometrlik tezyurar avtobus yo‘nalishi tashkil etiladi. 

Shuningdek, viloyatda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida har yili kamida 30 ta qishloq va mahalla obodonlashtiriladi va ijtimoiy obektlar ta'mirlanadi. Bunga har yili qariyb 500 milliard so‘m yo‘naltiriladi. 

Markazlashgan ichimlik suv ta'minoti darajasi 82 foizdan 90 foizga yetkaziladi. Buning uchun, kelgusi besh yilda  5 ming 700 kilometr ichimlik suvi va 813 kilometr kanalizatsiya tarmoqlari, 1 mingdan ziyod suv inshootlari quriladi va rekonstruksiya qilinadi. Ana shunday ishlar hisobidan, viloyatda 1 million aholining toza ichimlik suvi ta'minoti yaxshilanadi. Bu maqsadlar uchun 6 trillion so‘m ajratiladi.

Kelgusi besh yilda 4,5 ming kilometr ichki yo‘llar, 286 ta ko‘priklarni qurish va ta'mirlash ishlari amalga oshiriladi. Bunga 3 trillion so‘mdan ziyod mablag‘ yo‘naltiriladi. 

“Andijon – Xonobod” temir yo‘li elektrlashtiriladi va shaharlararo yo‘lovchi poyezdlar yo‘lga qo‘yiladi. Andijon aeroporti rekonstruksiya qilinib, aviaqatnovlar soni kamida 5 barobar ko‘paytiriladi. Viloyatda 79 ta yangi avtobus yo‘nalishlari ochilib, 531 ta mahalla jamoat transporti qatnovi bilan qamrab olinadi”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid