O‘zbekiston | 17:41 / 29.09.2021
19079
3 daqiqa o‘qiladi

Paxta dalalarida terim avjida. G‘aramlar nega do‘ppi shaklida?

Ayni kunlarda paxta terimi avj pallaga kelgan. Biz Andijon viloyati Baliqchi tumani dalalarida paxta terayotgan kombaynchilar bilan suhbatlashib, so‘ng paxta qabul qilish shoxobchasidagi jarayon, xususan osmono‘par g‘aram (bunt)lar qanday yuzaga kelishi bilan tanishdik.

Baliqchi tumani dalalarida Case va John Deere kombaynlari ish olib bormoqda. Haydovchi Botirjon Qurbonov o‘zi boshqarayotgan Case kombaynining imkoniyatlari haqida gapirib berdi.

“Mana shu olti qatorli kombaynda ikki yildan beri paxta teraman. Texnikamiz barcha qulayliklarga ega. Konditsioner, terim sur'atini – qancha gektarda, necha tonna paxta terilgani haqida ma'lumotlar beruvchi va orqa tomondagi holatlarni ko‘rsatuvchi monitorlar ishlab turibdi.

Kombaynimiz paxta dalasida 4 km/soat tezlikda paxta teradi. Asfalt yo‘lda 20–25 tezlikka chiqish imkoniyati bor. Kombaynimda astoydil harakat qilsam, bir kunda 10–12 gektar paxta teraman. 12 gektar maydondan 50–55 tonna paxta chiqadi. Shu yerni qo‘lda odamlar teradigan bo‘lsa, 200ta odam 4 kun mehnat qilishi kerak. Kombaynda ishlash oson, men rohatlanib ishlab, hech charchamayman”, –deydi Botirjon Haydarov.

Yana bir haydovchi-operator Bekzodbek Latipov esa John Deere kombaynini haydaydi. Okeanortidan keltirilgan bu agregatning o‘ziga xos tomonlari bor. U paxtani nisbatan tozaroq va kun davomida ko‘proq maydonni teradi. Asosiy ustunligi – terilgan paxtani ikki tonnadan ikki yarim tonnagacha uzunchoq shaklda qadoqlab ham beradi. Bu esa xomashyoni tashishda, pritseplarga yuklashda juda qulay.

Paxta qabul qilish maskanida

Biz Baliqchi tumani Chinobod shaharchasidagi “Tetratex” paxta qabul qilish maskanidamiz. Bu yerda shakli xuddi o‘zbek do‘ppisi singari paxta g‘aramlari ko‘kka qarab bo‘y cho‘zgan.

Paxta qabul qilish maskaniga yetkazib kelingan xomashyo tarozida tortilib, olingan namuna laboratoriyada tahlil qilinib, paxtadan g‘aramlar qilinadi.

“Bizning vazifamiz – paxta dalalaridan tashib kelinayotgan chigitli paxtalarni g‘aramlab, sifatli saqlab, ishlab chiqarishga yetkazib berish. G‘aramlarimiz 250 tonnadan 500 tonnagacha paxtalardan tashkil topgan.

Buntlarni yomg‘irli, qorli kunlarda sifatli saqlash uchun shakli to‘rtburchak, xuddi o‘zbek do‘ppisiga o‘xshatib – tepasi uchli, pastki tomoni to‘rtburchak qilinadi.

Bu shakl yog‘ingarchilik kunlarida buntdagi paxta nam bo‘lishining oldini olishga va xomashyoni sifatli saqlashga yordam beradi. Bitta g‘aramni shu holatga keltirish uchun 8 kishi, operator bilan 9 kishi mehnat qiladi. G‘aram paxta xomashyosini kelgusi yil mart-aprel oylarigacha sifatli saqlab beradi”, – deydi “Tetratex” paxta qabul qilish maskani mudiri Bahodirjon Ahmadjonov.

Elmurod Ermatov,
Azizbek Ismoilov

Mavzuga oid