Jahon | 18:53 / 29.09.2021
12213
4 daqiqa o‘qiladi

Yaponiyaning navbatdagi bosh vaziri kim bo‘lishi oydinlashdi

Yaponiyaning sobiq tashqi ishlar vaziri Fumio Kisida (2012-2017) hukmron Liberal-demokratik partiyaga rahbarlik qiladi va katta ehtimol bilan endi mamlakat bosh vaziriga aylanadi.

Foto: Getty Images

Kisida pandemiyaga qarshi kurashdagi muvaffaqiyatsiz qarorlar tufayli partiya reytingi keskin tushib ketishi ortidan lavozimga kelganiga bir yil to‘lmasidan iste'foga chiqishga qaror qilgan Yosixide Suganing o‘rnini egallaydi.

Yangi bosh vazir oldidagi birinchi vazifa - Yaponiyada noyabr oyi oxirlarida bo‘lib o‘tadigan umummilliy saylovlarda partiyani g‘alaba sari yetaklab borish bo‘ladi. Aholining norozilik namoyishlariga qaramay Tokio Olimpiya o‘yinlari o‘tkazilishi bo‘yicha qaror qabul qilinishi tufayli partiya obro‘si tushib ketgandi.

O‘tgan yili Kisida partiyaning ichki ovoz berish jarayonida yetakchilik uchun kurashni Sugaga boy bergandi. Ammo Suganing iste'fosidan keyin Kisida sobiq tashqi ishlar vaziri (2017-2019) va sobiq mudofaa vaziri (2019-2020) bo‘lgan, ko‘plar tomonidan partiya yetakchiligi uchun asosiy nomzod sifatida qaralgan Taro Kononi ortda qoldirdi.

Kisida saylovlarning ikkinchi bosqichida 427tadan 257ta ovoz to‘pladi, Taro Kono 170ta ovoz oldi. Sanae Takaiti va Seiko Noda saylovning birinchi bosqichida yetarli ovoz to‘play olmagani sababli keyingi bosqichga o‘tolmagandi.

LDP parlamentda ko‘pchilikni tashkil etishi tufayli, endi u bosh vazir kreslosini egallashi tayin. Hukumatni kim boshqarishi bo‘yicha qaror parlamentning 4 oktabr kuni o‘tkaziladigan sessiyasida qabul qilinadi.

Tahlil: Yaponiyaning 100-bosh vaziri
Mariko Oi, BBC News, Yaponiya

Bosh vazirlik lavozimi uchun poygada favorit tvitterda 2,5 millionga yaqin folloverlarga ega, muqaddam tashqi ishlar va mudofaa vaziri lavozimlarida ishlagan, ayni vaqtda Okinav va shimoliy hududlar ishlari vaziri bo‘lgan Taro Kono bo‘lib turgandi.

Ammo partiya boshqa bir sobiq tashqi ishlar vaziri Fumio Kisidani tanladi. U 4 oktabr kuni o‘tkaziladigan parlamentning navbatdan tashqari sessiyasida mamlakatning 100-bosh vaziri etib saylanadi.

Boshqa nomzodlar qatori Kisida siyosatchilar oilasiga mansub.

U mo‘'tadil-liberal siyosatchi sifatida tanilgan, shuning uchun u konservativ qarashlardagi hukmron partiyani biroz so‘llashtirishi kutilmoqda.

Tanqidchilar xushmuomala va zerikarli inson deb ta'riflashadi, ammo partiyadagilar uni anchadan buyon bo‘lajak vazir sifatida ko‘rib kelishardi. Muhimi, u o‘zining raqobatchisi Konodan farqli o‘laroq partiyaning «eski gvardiya»si tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi.

U dunyoning uchinchi yirik iqtisodiyotiga pandemiya oqibatlarini bartaraf etish uchun milliardlab dollarlarni sarflashni va'da qilgan.

Yana bir raqibi Sanae Takaichidan farqli ravishda, u sobiq bosh vazir Sindzo Abening iqtisodiy siyosatiga nisbatan tanqidiyroq ko‘z bilan qarab kelgan va «Abenomika» faqat boylarni yanada boyitganini ta'kidlagan.

Shuningdek, Kisida Xitoyni o‘z avtoritar tizimini eksport qilmoqchi bo‘lishda ayblagan.

Yaponiyada umummilliy saylovlar arafasida yapon saylovchilari u AQSh va Xitoy bilan munosabatlarda muvozanatni qanday ushlashini kuzatishadi.

Mavzuga oid