Jahon | 22:00 / 01.10.2021
12600
23 daqiqa o‘qiladi

Merkel partiyasi «qizillar»ga yutqazdi. Germaniyadagi so‘nggi siyosiy o‘zgarishlar haqida nimalar ma'lum?

Germaniyada bo‘lib o‘tgan saylovlardan keyin 16 yil ichida ilk bor Angela Merkelsiz hukumat shakllantiriladi. Saylovlar qanday kechdi va mamlakat rahbarligiga kimlar da'vogar?

Dastlabki natijalar

Germaniya Federal saylov komissiyasi dushanba kuni barcha 299 okrugdagi protokollarni hisoblab chiqib, saylovlarning dastlabki natijalarini e'lon qildi. Pochta orqali yo‘llangan byulletenlarni hisoblash jarayoni davom etmoqda. Eng ko‘p ovozni sotsial-demokratlar qo‘lga kiritgan, ammo hukumatni shakllantirish uchun koalitsiya bo‘yicha kelishuvga erishish kerak bo‘ladi.

  • Sotsial-demokratik partiya (GSDP) — 25,7 foiz;
  • Xristian-demokratik va Xristian-sotsialistik ittifoq (XDI/XSI) — 24,1 foiz;
  • «Yashillar» — 14,8 foiz;
  • Erkin demokratik partiya (EDP) — 11,5 foiz;
  • «Germaniya uchun alternativa» — 10,3 foiz;
  • «So‘llar» partiyasi 4,9 foiz.

2017 yilgi saylovlar bilan taqqoslaganda XDI/XSI bloki natijasi 8,9 foiz punktga yomonlashgan. Sotsialistlar esa o‘tgan saylovdagi natijasini 5,2 f.p.ga yaxshilagan, «Yashillar» — 5,9 f.p.ga. «So‘llar» 4,3 f.p., «Germaniya uchun alternativa» — 2,3 f.p. yo‘qotgan.

Siyosiy tadqiqotlar bilan shug‘ullanuvchi Infratest Dimap kompaniyasi XDI/XSIning bu saylovlardagi yo‘qotishini ikki million ovozga baholagan - ular «yashillar» va sotsial-demokratlarga ketgan.

Bundestagda o‘tgan safargi 709 o‘rniga 735 deputat bo‘ladi, o‘rinlar quyidagicha taqsimlanadi:

  • Sotsial-demokratik partiya (GSDP) — 206;
  • Xristian-demokratlar va Xristian-sotsialistlar ittifoqi (XDI/XSI) — 196;
  • «Yashillar» — 118;
  • Erkin demokratik partiya (EDP) — 92;
  • «Germaniya uchun alternativa» — 83;
  • «So‘llar» partiyasi — 39.

Temir frau bilan xayrlashuv. Angela Merkel Germaniya va Yevropa uchun kim edi?

Favoritlar

Germaniyada 2021 yilgi parlament saylovlarida so‘nggi 16 yilda ilk bor GFRning amaldagi kansleri ishtirok etmadi. Angela Merkel 2018 yildayoq Xristian-demokratlar ittifoqi rahbarligini bo‘shatishi va to‘rtinchi muddatdagi kanserligi yakunida siyosatni tark etishi haqida ma'lum qilgandi. Uning o‘rni uchun uchta asosiy partiya kurash olib bordi, lekin bu uchlik ko‘rsatkichlari orasida katta farq bo‘lmagani tufayli saylovlar yakunlari hamon noayon bo‘lib qolmoqda.

Ekzitpollar buni tasdiqlagan — yakshanba kuni ovoz berish uchastkalari yopilishi bilan Infratest dimap/ARD o‘tkazgan so‘rovga ko‘ra, XDI/XSI va Germaniya Sotsial-demokratik partiyasi (GSDP) 25 foiz atrofida ovoz olishi, «Yashillar»ning ko‘rsatkichi 15 foizdan oshishi, «Germaniya uchun alternativa» va Erkin demokratik partiya (EDP) 10-11 foiz atrofidagi saylovchilar qo‘llab-quvvatloviga erishgani, «So‘llar» 5 foizlik chegaradan o‘ta olmagani, qolgan partiyalarning jami ovozi 8 foiz atrofida bo‘lgani ma'lum qilingandi. Rasmiy natijalar keyinroq e'lon qilinadi.

Sotsiologik so‘rovlar bundestagga 2017 yildagi kabi oltita siyosiy kuch o‘tishi kutilayotganini ko‘rsatgandi. Bular XDI/XSI konservativ bloki, so‘l-markazchilarning sotsial-demokratik partiyasi, so‘l liberallarning «Ittifoq 90/Yashillar» bloki (yoki shunchaki «Yashillar»), liberal Erkin demokratik partiya, «So‘llar» partiyasi va o‘ng populist «Germaniya uchun alternativa». XDI/XSI, «So‘llar» va «Germaniya uchun alternativa» o‘tgan safargi saylovdagidan ko‘ra kamroq ovoz olishi kutilgandi. Eng ko‘p o‘sishni «Yashillar» qayd etishi, shuningdek, sotsial-demokratlar va erkin demokratlar ham kichik o‘sishga erishishi aytilgandi.

E'tiborli jihati, 30 yoshgacha bo‘lgan saylovchilarning eng ko‘p qismi (22 foizi) «yashillar» uchun ovoz bergan. Umuman olganda, ekspertlar ekofaollarning bu saylovlardagi katta muvaffaqiyatlarini e'tirof etishgan. Partiya o‘zining avvalgi natijasini ikki barobar yaxshilashga erishgan - Bundestagning avvalgi chaqirig‘ida 67 mandatga ega bo‘lgan partiya bu safar 118 mandatga ega bo‘lishi kutilmoqda. «Yashillar» partiyasi vakillari va Yevropa tuzilmalaridagi ekokuntartibi lobbistlari Germaniyadagi saylov jarayonini «iqlimiy saylovlar» deb atashmoqda.

Saylovlarda jami 53 partiya ishtirok etgan, uch partiya o‘z vakillarini kanslerlikka nomzod qilib ko‘rsatgan, qolganlar hukmron koalitsiyani boshqarish huquqiga ega emas, shuning uchun faqat saylov kampaniyasi yetakchilarini saylashgan. XDI/XSI, GSDP va «Yashillar» kanslerlikka nomzod ko‘rsatgan. «Germaniya uchun alternativa» qancha mandatga ega bo‘lsa ham koalitsion hukumatga kira olmaydigan yagona partiya bo‘ldi, chunki mamlakatdagi barcha siyosiy kuchlar ular bilan hamkorlik qilishdan bosh tortgan.

Chigal vaziyat

Merkel o‘rniga kim Germaniyaning yangi kansleriga aylanishi hozircha mavhum. Shols ham, Lashet ham (yaqqol shaxsiy mag‘lubiyatga qaramay) koalitsiya tuzishga urinib ko‘radi.

Odatda Germaniyada saylovlardan keyin birinchi o‘rinni egallagan partiya Bundestagda ko‘pchilikni tashkil etish uchun yana bir partiya bilan ittifoq tuzishi yetarli bo‘lardi. Ammo bu safargi saylovlarda birorta partiya ikki partiyali koalitsiya tuzish uchun yetarli miqdorda ovozga ega bo‘lolmadi - endilikda yangi hukumat tuzish uchun har qanaqasiga kamida uch siyosiy kuch ittifoqi talab etiladi va bunga oylar talab etilishi mumkin.

Sotsial-demokratlar partiyasi nomzodi Olaf Shols Angela Merkelning XDI/XSI («Germaniya xristian-demokratik ittifoqi», «Bavariya xristian-sotsial ittifoqi») blokisiz koalitsiya tuzmoqchiligini aytdi. U uchinchi va to‘rtinchi o‘rinlarni egallagan «Yashillar» hamda liberallar bilan ittifoq tuzmoqchi. Bu holatda koalitsiya parlamentda 416 nafar deputat mandatiga ega bo‘ladi - bundestagda hukmron koalitsiya shakllantirish uchun 374 nafar deputat yetarli.

GSDP birinchi o‘rindaligi ma'lum bo‘lgach, Olaf Shols teleekran orqali saylovchilar unga «yaxshiroq, pragmatik hukumat tuzish» imkonini berishgani haqida gapirdi. Armin Lashet esa bunga javoban gap «arifmetik ustunlik» qo‘lga kiritish haqidamas, koalitsiya tuzish haqida ketishiga urg‘u qaratdi.

Germaniyada odatda saylovda g‘olib bo‘lgan partiya yetakchisi (ayni vaqtda Olaf Shols) kansler bo‘lardi. Ammo mamlakat tarixida koalitsiyani saylovda ikkinchi o‘rinni olgan partiya shakllantirishi bilan bog‘liq holatlar ham uchraydi. Armin Lashet ham taslim bo‘lmoqchi emasligi va koalitsiya tuzish niyatini ma'lum qilgan.

Kristian Lindner rahbarligidagi erkin demokratlarsiz koalitsiya tuzilishi ehtimoli kam, ammo ular va saylovda uchinchi bo‘lgan «Yashillar» o‘rtasida ziddiyatlar mavjud. «Yashillar»ning siyosiy kun tartibi iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash atrofiga tuzilgan, biznes manfaatlarini himoya qilib, nemis siyosatining liberal qanotiga vakillik qiluvchi erkin demokratlar esa biznes uchun qo‘shimcha qoidalar va yangi taqiqlarga qarshi chiqadi. Bundan tashqari, liberallar soliqlar oshirilishiga qarshilik ko‘rsatadi, «Yashillar» esa yangi, zararsiz texnologiyalarga investitsiyalar uchun soliqlar oshirilishi zarur deb hisoblaydi. Kristian Lindner XDI/XSI bilan mafkuraviy jihatdan yaqinligi haqida ochiqchasiga gapirsa, «Yashillar» tarixiy va g‘oyaviy nuqtayi nazardan so‘l kuchlarga yaqinroq.

Germaniya erkin demokratik partiyasi yetakchisi Kristian Lindner 

Tahlilchilar bo‘lajak koalitsiyaning kamida besh xil ehtimoliy formatini taxmin qilishgan, ammo «Yashillar» va liberallar yoki xristian-demokratlar yoki sotsial-demokratlar bilan bir koalitsiya tarkibiga kirishi ehtimoli haqiqatga yaqinroq. Og‘ir vaznli siyosiy kuchlar ularni ko‘ndirish uchun nimalar taklif qilishi hozircha noma'lum.

  • XDI/XSI va Germaniya sotsial-demokratik partiyasi (hozirgi hukmron koalitsiyaning davomi);
  • XDI/XSI, Germaniya sotsial-demokratik partiyasi va «Erkin demokratlar»;
  • Germaniya sotsial-demokratik partiyasi, «Yashillar» va «Erkin demokratlar»;
  • XDI/XSI, «Yashillar» va «Erkin demokratlar» («Yamayka» deb ataluvchi koalitsiya - 2017 yilda Merkel shunga urinib ko‘rgan, bu partiyalar bayroqlari ranglari birlashuvi Yamayka bayrog‘ini eslatadi);
  • Germaniya sotsial-demokratik partiyasi, «Yashillar» va «Erkin demokratlar» («Svetofor» koalitsiyasi).

Saylovlar boshlanishidan ancha avval ham yaqqol g‘olib bo‘lmasligi ayon edi. Yangi hukmron koalitsiya kamida uch partiya o‘zaro kelishib olmas ekan, Angela Merkel kansler bo‘lib qolishda davom etadi va uning pensiyaga chiqishi Rojdestvodan keyinga surilishi ham mumkin.

Kanslerlikka da'vogarlar haqida

Armin Lashet — GFRdagi aholi eng ko‘p yashovchi federal yer — Shimoliy Reyn — Vestfaliya yeri bosh vaziri hisoblanadi. U 2021 yil yanvari o‘rtalarida XDI raisi etib saylangan, aprel oyida Xristian-sotsialistlar ittifoqi yetakchisi, o‘zidan ko‘ra taniqliroq bo‘lgan Bavariya yeri bosh vaziri Markus Zyoderni mag‘lub etib, blokning kanslerlik lavozimi uchun nomzodiga aylangan. Xristian va konservator, axenlik shaxtyorning o‘g‘li bo‘lgan Lashet o‘zini Merkelning vorisi sifatida namoyon etadi va hokimiyat tepasiga kelgach, uning siyosatini davom ettirishni va'da qilgandi.

Reytingi past va saylov kampaniyasi sust olib borilganiga qaramay, uzoq vaqt davomida u kansler lavozimi uchun asosiy nomzod sifatida ko‘rilgandi. Lekin iyul oyida mamlakat g‘arbidagi suv toshqinlari chog‘ida GFR prezidenti Frank-Valter Shtaynmayyer nutq qilayotganda Lashet kulib turgani aks etgan tasvirlar tarqalishidan keyin barchasi o‘zgarib ketdi. Bu holat internetda keng muhokama etilgach, XDI reytingi tarixiy minimumini qayd etdi (20 foiz atrofida) va endi Lashet Merkelning o‘rnini egallashi imkoni deyarli yo‘qoldi.

Saylov kuni ham Armin Lashet noqulay vaziyatga tushib qoldi: u saylov byulletenini shunday bukladiki, u kimga ovoz berganini (o‘ziga) ko‘rish mumkin edi — bu bilan u ovoz berish tartibini qo‘pollik bilan buzdi. Saylov yakunlariga ko‘ra blok tarixdagi eng yomon natijani qayd etdi.

Eng kutilmagan natija sotsial-demokratlarning Meklenburg-Old Pomeraniya yerida g‘olib chiqishgani bo‘ldi, Angela Merkel 30 yildan ortiq vaqt mobaynida shu hududdan nomzod sifatida ko‘rsatilardi. Ushbu federal yer aholisi o‘z mandatini bu safar saylovlarda qatnashmaslikka qaror qilgan Merkelning partiyadoshiga emas, butunlay boshqa partiya deputati uchun berdi, ekspertlar buni saylovchilar uchun XDI emas, Merkelning shaxsi muhim bo‘lgani bilan izohlashmoqda.

Annalena Berbok — «Yashillar» partiyasi hamraisi — 2021 yil aprelida bir ovozdan partiyaning kanslerlik uchun nomzodi sifatida tanlangandi. U kanslerlikka eng yosh nomzod (40 yosh) va yagona ayol nomzod bo‘ldi. Berbok «Yashillar» partiyasining 40 yillik tarixida oliy lavozim uchun ko‘rsatilgan ilk nomzodi ham edi. U partiya tomonidan tasdiqlangach, dastlab kanslerlik uchun asosiy favoritga aylandi, ammo prokollardagi ko‘plab kamchiliklar — daromadlar o‘z vaqtida deklaratsiya qilinmaganidan biografiyasidagi xatolargacha — amalda Berbokni Merkelning o‘rnini egallash imkoniyatidan mahrum etdi. Avvaliga uning boshqaruvda tajribasizligi plyus sifatida ko‘rildi - bu ushbu siyosatchi korrupsiya mojarolaridan uzoqda turishini ta'minlardi, ammo yakunda uning tajribasizligi partiya uchun muammo bo‘lib chiqdi.

«Yashillar» yetakchisi Annalena Berbok bo‘lajak hukumatda vazirlik lavozimlaridan birini egallashi mumkin

«Yashillar» vakili ijtimoiy tarmoqlarda ommaviy hujumlarga uchragan yagona nomzodga ham aylandi. Haqoratlovchi memlar, go‘yoki Berbokning tilidan aytilgan deb ko‘rsatilgan soxta so‘zlardan tayyorlangan videoroliki hamda uning cho‘milish kiyimidagi soxta fotosurati Germaniyada keng tarqaldi. Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda siyosatchining saylov kampaniyasi Vengriya hukumati tomonidan moliyalashtirilishi to‘g‘risida yolg‘on xabar tarqatildi.

Olaf Shols — amaldagi vitse-kansler va mamlakat moliya vaziri, Sotsial-demokratlar partiyasi a'zosi. U o‘zini nomzod qilib ko‘rsatgan partiya rahbari bo‘lmagan yagona nomzoddir. Shols GSDPning konservativ qanotiga mansub. O‘ta bosiqligi tufayli siyosatchi Sholsomat laqabini olgan, uning nomzodi kanslerlikka ilgari surilishi bahsli bo‘lgandi. U partiyasi reytingi pastligi tufayli hukumatni boshqarish imkoni deyarli yo‘qligida, 2020 yil avgustidayoq nomzod sifatida tanlangandi. Sholsni partiyadagi eng tajribali va taniqli siyosatchi bo‘lgani uchun tanlashgan. Butun saylovoldi kampaniyasi davrida Shols raqiblari soyasida qoldi, ammo ular yo‘l qo‘ygan xatolar tufayli yakuniy qismda eng mashhur nomzodga aylandi va poygada yetakchi bo‘lib qoldi. Uning shaxsiy muvaffaqiyatlari tufayli GSDP reytingini ko‘tarishga va mamlakatda mashhurlik bobida birinchi o‘ringa chiqishga erishdi. Endi, agar kutilmagan burilishlar bo‘lmasa, 63 yoshli Olaf Shols yangi koalitsion hukumatni shakllantiradi va Germaniyaning yangi kansleriga aylanishi ehtimoli yuqori.

Olaf Shols rafiqasi Britta Ernst va partiya raisdoshi Saskiya Esken bilan saylovlardan keyingi partiya yig‘ilishida. 
Foto: PhotoThech / Imago Images / Scanpix / LETA

Ayni vaqtda 63 yoshda bo‘lgan Olaf Shols Hamburgda o‘sgan, shu yerda huquqshunoslikka o‘qigan va o‘tgan asrning 80-yillarida yuridik idorada mehnat faoliyatini boshlab, mehnat huquqiga ixtisoslashgan. Shols o‘sha vaqtdayoq siyosat bilan shug‘ullana boshlagan, ammo faqat 40 yoshga chiqqanida, 1998 yildagina bundestag deputatligiga saylanishga erishgan, o‘shanda sotsialistlar hokimiyatga kelishgandi.

To‘rt yil o‘tib u partiya bosh kotibi, sotsialist kansler Gerxard Shryoder boshchiligidagi GSDP apparati rahbariga aylanadi. Shuningdek, Angela Merkel kansler bo‘lganida uning birinchi koalitsion hukumati tarkibiga kiradi - u Mehnat va ijtimoiy muhofaza vaziri etib tayinlanadi. 2011-2018 yillarda Shols Germaniya tarkibidagi alohida yer maqomiga ega bo‘lgan Hamburg shahri meri bo‘lgan. Olaf Shols va uning rafiqasi Britta Ernst o‘zlarini butunlay siyosatga bag‘ishlagan. Ernst - Brandenburg yeri hukumatida ta'lim vaziri hisoblanadi. Shols 2018 yilda hozirgi koalitsion hukumatda vitse-kansler va moliya vaziri lavozimida.

2019 yilda Olaf Shols partiya yetakchiligi uchun saylovlarda Zaskiya Esken - Norbert Valter-Boryans juftligiga mag‘lub bo‘lgandi, ammo keyinroq, parlament saylovlari uchun partiyaning kanslerlikka nomzodi sifatida tanlanadi - partiyadagilar bu rolga so‘lchilar Esken va Valter-Boryansdan ko‘ra, konservator Shols ko‘proq mos tushadi, degan qarorga kelishadi.

Saylov kampaniyasi qanday o‘tdi?

Germaniyadagi saylovlar tizimi majoritar emas, proporsional xarakterga ega: mamlakat aholisi to‘g‘ridan to‘g‘ri kanslerni saylamaydi, bu lavozimga nomzodini ko‘rsatgan partiyalar uchun ovoz beriladi. Eng ko‘p ovoz olgan partiyalar hukmron koalitsiyani shakllantirishadi.

Saylovda Germaniyaning 18 yoshga to‘lgan har bir fuqarsi ishtirok etishi mumkin. Mamlakatdagi jami saylovchilar soni 60,4 mln kishi. Ularning har birida ikkitadan ovoz bo‘ladi: birinchisi ro‘yxatga olingan joy bo‘yicha saylov okrugi deputati uchun beriladi, mamlakatda bunday saylov okruglari soni 299ta - ularning har birida o‘rtacha 250 ming kishi yashaydi. Ikkinchi ovoz siyosiy partiyaning mintaqaviy ro‘yxati uchun beriladi, shu tariqa yana 299 deputat saylanadi.

Deputatlar soni farqlanishi mumkin — partiya qanchalik ko‘p «ikkinchi» ovozni qo‘lga kiritsa, yangi parlamentda unga shuncha ko‘p joy kafolatlanadi. Bundestagda rasman 598 o‘rin bo‘ladi, ammo deputatlarning haqiqiy soni doim o‘rnatilgan normadan yuqori bo‘ladi - agar qaysidir partiya byulletenda ko‘proq «ikkinchi» ovozni qo‘lga kiritsa, «kompensatsiya mandatlari»evaziga bu raqam kattalashishi mumkin. Masalan, 2017 yilgi saylov yakunlariga ko‘ra quyi palata 709 deputatdan tarkib topgan, 2021 yilda, ekspertlar hisoblariga ko‘ra, bu ko‘rsatkich 800ga yaqinlashishi mumkin.

Parlamentni muntazam ravishda kengaytirib kelayotgan bu amaliyot o‘n yildan oshiq vaqt davomida munozaralarga sabab bo‘ladi. 2020 yil oktyabrida saylov tizimini isloh qilish qarori qabul qilingandi. O‘zgarishlarning birinchi qismi joriy saylovlarga ham tatbiq etildi, partiyalar qo‘shimcha uchtadan ortiq o‘ringa ehtiyoj sezgan taqdirdagina kompensatsiya mandatlariga ega bo‘ladi. Shu tufayli ekspertlar 2025 yilgi saylovlardan keyin bundestag a'zolari soni qisqara boshlashini kutishmoqda.

Pochta orqali saylash tizimi qanday yo‘lga qo‘yilgan?

Germaniya fuqarolari an'anaviy tarzda pochta orqali ham ovoz berishi mumkin. Pandemiya sharoitida saylovda qatnashishning bu usuli yanada ommalashdi. 2017 yilda ovoz berishning bu metodidan saylovchilarning har uchdan biri foydalangan bo‘lsa, 2021 yilda, Deutsche Post direktorlar kengashi a'zosi Tobias Mayyerning so‘zlariga ko‘ra, GFR fuqarolarining 60 foizi pochta orqali ovoz bergan bo‘lishi ham mumkin. «Ko‘ramiz, bu 40 yoki hatto 50 foiz bo‘lishi mumkin. Biz fuqarolarning 60 foizi pochta orqali ovoz berishga qaror qilgan bo‘lishiga ham tayyormiz», — degan Mayyer Funke nashriga bergan intervyusida.

Pochta orqali ovoz berish jarayoni 16 avgust kuni boshlangandi, byulletenlarni yuborishni so‘rash 24 sentyabrgacha davom etishi mumkin edi. Ammo hukumat to‘ldirilgan byulletenlarni saylovlar kuniga uch kun qolganida yuborib bo‘lishni tavsiya qildi, chunki 26 sentyabrdan keyin kelib tushgan ovozlar hisoblanmasligi mumkin edi. Forsa tadqiqotlar institutining bosh siyosiy tahlilchisi Peter Matushek Politico nashriga bergan intervyusida pochta orqali ovoz berishni niyat qilgan saylovchilarning qariyb 60 foizi bu ishni byulletenlarni olganidan keyingi ilk kunlardayoq amalga oshirgani haqida ma'lum qildi. «Pochta orqali ovoz beruvchi aholining katta qismi byulletenlarni olishi bilan ovoz berishi shuni anglatadiki, partiyalar aynan ularga asosiy e'tiborini qaratishi kerak, eng oxirgi pallalarda ovoz beradiganlarga emas», deya hisoblaydi Matushek. Shu tariqa, Politico nashri nemis sotsiologlariga asoslanib yozishicha, pochta orqali ovoz berish jarayoni saylov natijalariga kuchli ta'sir ko‘rsatishi mumkin, bu holatda ekzitpollar natijalari haqiqiy natijalarni aks ettira olmay qoladi.

Bu saylovlar nimasi bilan muhim edi?

Germaniyadagi parlament saylovlari nafaqat Angela Merkelning 16 yillik kanslerligini yakunlab beradi, balki so‘nggi 8 yillikda boshqaruvda bo‘lgan XDI/XSI va GSDP koalitsiyasi almashinuviga olib keladi. Saylovda biror kuch aholining 30 foizi qo‘llab-quvvatloviga ham erisha olmadi va endilikda ekspertlar ssenariysiga ko‘ra, uch partiya koalitsiyasi tuziladi. Ichki va tashqi siyosatning keyingi yo‘nalishi uning konfiguratsiyasiga bog‘liq bo‘ladi.

Yevropa uchun Germaniyadagi saylovlar alohida xarakterga ega. GFR nafaqat Yevroittifoqning norasmiy rahbari, balki birlashmadagi eng yirik iqtisodiyot hamdir. Bryusselda qabul qilinadigan qarorlar Berlindagi yangi hukumat pozitsiyasiga ham bog‘liq bo‘ladi.

Rossiya uchun Germaniyadagi parlament saylovlari shunisi bilan ahamiyatliki, bu mamlakat hamon Yevroittifoq hududidagi yirik savdo hamkori hamda «Shimoliy oqim-2» loyihasining bevosita ishtirokchisidir. Hozirda Moskvadagilar gaz quvuridan foydalanishga ruxsat berilishini kutishmoqda, hukumatga «Yashillar» ham kelishi esa bu jarayonni qiyinlashtirishi mumkin, partiya azaldan bu qurilishdan voz kechish tarafdori bo‘lib kelgan.

Saylov kampaniyasi kechishiga ham ichki, ham tashqi omillar ta'sir ko‘rsatdi. Avvalo bu pandemiya (sentabr oyi oxiriga kelib mamlakatda to‘rtinchi to‘lqin avjiga chiqdi) va iyul oyi o‘rtalarida mamlakat g‘arbida ro‘y bergan, o‘nlab aholi punktlarida infratuzilmalarni vayron qilib, 200dan ortiq kishi o‘limiga sabab bo‘lgan hamda mingdan ortiq kishi bedarak ketgan suv toshqinlari bo‘ldi. Amaldagi hukumat tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish uchun 30 mlrd yevro ajratdi, ammo bu dasturning amalga oshirilishi endi yangi hukumat qo‘lida bo‘ladi.

Mamlakatdagi yana bir ichki muammo - so‘nggi 25 yillik uchun rekord darajadagi inflatsiya darajasidir. 2021 yil avgust holatiga ko‘ra, bu ko‘rsatkich 3,9 foizga yetgan. Bundan yuqoriroq ko‘rsatkich so‘nggi bor 1993 yilda qayd etilgandi - 4,3 foiz. Germaniyada yoz boshidan mahsulotlar va elektr energiya narxi muttasil oshib kelmoqda va mutaxassislar bu tendensiya keyingi oylarda ham saqlanib qolishini prognoz qilishgan. Ayrim tahlilchilar yil oxiriga borib GFRda inflatsiya darajasi 5 foizgacha yetishi mumkinligini aytishgan.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid