Jahon | 17:15 / 25.11.2021
10340
10 daqiqa o‘qiladi

«Svetofor koalitsiya» va kansler Sholsomat. Germaniyaning yangi hukumati va rejalari haqida

Germaniyadagi uch siyosiy partiya - sotsial-demokratlar, yashillar va erkin demokratlar - sotsialistlar yetakchisi Olaf Shols rahbarligida mamlakatning yangi hukumatini shakllantirish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu haqda chorshanba kuni uch siyosiy kuch yetakchilari ishtirokidagi uchrashuvda e'lon qilindi.

Foto: Getty Images

«Svetofor-koalitsiyasi tashkil etildi. Sotsial-demokratlar, yashillar va erkin demokratlar koalitsion kelishuvni tasdiqlashdi va o‘z-o‘zidan koalitsion hukumat tuzish bo‘yicha ham kelishib olishdi. Endi biz bu kelishuvni o‘z partiyalarimizda ovoz berish jarayoniga qo‘yamiz va bor imkoniyatlarni ishga solgan holda yaqin o‘n kunda bu kelishuv partiyalarda tasdiqlanishiga harakat qilamiz», deya ma'lum qildi Olaf Shols Berlindagi matbuot anjumanida.

Bu koalitsiya «Svetofor» deb nomlanishiga sabab - uch partiyaning ranglari bilan bog‘liq.

Sentabr oyida bundestag uchun saylovlarda Shols yetakchiligidagi sotsial-demokratlar birinchi o‘rinni egallagan, bu uch partiyaning umumiy natijasi esa ko‘pchilikni tashkil etish uchun yetarli hisoblanadi.

Yangi hukumat dasturidagi asosiy punktlardan biri - iqlim o‘zgarishlariga qarshi kurashish masalasi bo‘ladi: unga ko‘ra 2030 yilga qadar ko‘mir elektrstansiyalarini yopish (hozirgi hukumat muddati 2025 yilgacha), shuningdek, benzin va dizel yonilg‘ilarida yuruvchi avtomobillardan voz kechish ko‘zda tutilgan.

Germaniyani 16 yil mobaynida boshqargan (4ta saylov sikli) kansler Angela Merkel saylovlardan ancha avvalroq 2021 yilgi saylovlarda qatnashmasligi va siyosatdan ketishi haqida e'lon qilgandi. Uning partiyasi - Xristian-demokratik ittifoq sentyabrdagi saylovlarda ikkinchi o‘rinni oldi va koalitsiya bo‘yicha kelishuvga erisha olmagach, muxolifatga o‘tdi.

Merkel va uning hukumati koalitsiya bo‘yicha muzokaralar olib borilgan o‘tgan ikki oy mobaynida o‘z postlarida qoldi, ammo chorshanba kuni, ular so‘nggi yig‘ilishni o‘tkazishgan. Yangi hukumat dekabr oyining ikkinchi haftasida rasman e'lon qilinishi kutilmoqda.

Undan oldin koalitsiya kelishuvi, ya'ni yangi hukumat dasturi koalitsiya a'zolari bo‘lgan barcha partiyalar tomonidan ma'qullanishi kerak. Yashillar uni barcha partiya a'zolari muhokamasiga kiritmoqchi, sotsial-demokratlar va erkin demokratlar partiya konferensiyalarini 4-5 dekabr kunlariga chaqirgan.

Germaniyada uch partiyadan iborat koalitsiya tuzilishi o‘ng markazchilarning XDI/XSI bloki va so‘l markazchilarning Sotsial-demokratik partiyasi kuchlarining o‘nlab yillar davom etgan boshqaruv davriga yakun yasab bermoqda - bu vaqt mobaynida ushbu ikki asosiy kuch bir-birini almashtirib yoki bir-biri bilan koalitsiyaga kirishib mamlakatni boshqarib kelgan.

Endi germaniyalik va yevropalik tahlilchilarni hozircha javobi hech kimda yo‘q savol o‘ylantirmoqda: so‘l markazchilar (sotsial-demokratlar), so‘llar (yashillar) va o‘ng liberallar (erkin demokratlar) ishtirokidagi hukumat naqadar barqaror va layoqatli bo‘ladi?

O‘z navbatida, butun Yevroittifoqdagi ham Germaniyadagi siyosatga bog‘liq hisoblanadi.

Sharqiy frontda o‘zgarish yo‘q

Nemis sharhlovchilari yangi hukumat Rossiya bilan munosabatlarda jiddiy o‘zgarishlar qilishini kutayotgani yo‘q.

Sotsial-demokratlar avvaldan Moskva bilan nisbatan do‘stona munosabatlarda bo‘lib kelgan (XDIga nisbatan), ammo rasmiy Moskvaning so‘nggi yillardagi harakatlari tufayli germaniyalik siyosatchilar Rossiya bilan do‘stona aloqalarga kirishishi yoki "business as usual" bo‘lishi qiyin bo‘lib qolgan.

Rasman kansler bo‘lishiga oz vaqt qolgan Olaf Shols partiyadagi sobiq rahbari, asr boshida Rossiyani to‘laqonli demokratik davlat deb atagan, kanslerlikdan ketgach Rossiya gaz sanoatida maosh olib ishlagan Gerhard Shryodernikidan butkul boshqacha qarashlarga ega.

Umuman olganda, Shols saylovoldi kampaniyasi davrida, boshqa yetakchi partiyalar yetakchilari kabi tashqi siyosat haqida juda kam gapirdi, gapirgan bo‘lsa ham bu shu vaqtgacha Merkel aytib kelgan gaplarni takrorlash edi. Uning asosiy tezisi: Germaniya butun Yevroittifoq uchun umumiy bo‘lgan muvofiqlashtirilgan tashqi siyosat olib borishi kerak.

Shu bilan birga, bayonotlar darajasida o‘zgarishlar bo‘lishi mumkin: yangi hukumatda tashqi ishlar vaziri lavozimini katta ehtimol bilan Yashillar partiyasi nomzodi Annalena Berbok egallaydi, bu partiya esa Rossiya masalasida qat'iy va murosasiz pozitsiya tanlagan. Bunga ularda ikki sabab bor.

Birinchidan, ular - G‘arb qadriyatlariga, inson huquqlari va fuqarolik erkinliklarini himoya qilish tamoyillariga asoslangan tashqi siyosat yuritish tarafdori. Ikkinchidan esa, ular - qazib olinadigan yonilg‘i turlariga va Rossiyaning «Shimoliy oqim-2» gaz quvuri loyihasiga qarshi, ular koalitsiya kelishuviga Germaniyani 2040 yilgacha gaz energetikasidan xoli qilish haqida (ko‘mirdan 2030 yilgacha) band kiritishga erishishgan.

Iqlim vazirligi

Hukumatning yakuniy tarkibi, katta ehtimol bilan, dekabr oyida ma'lum bo‘ladi.

Kansler Olaf Shols bo‘ladi - bunga shubha yo‘q. Bundan tashqari, Germaniya matbuotida yashillar vakillari Tashqi ishlar vazirligidan tashqari, yangi, ularning tashabbusi bilan tashkil etiladigan Iqlimni muhofaza qilish vazirligini ham olishadi (yoki Iqtisodiyot vazirligiga «iqlim himoyasi» so‘zlari qo‘shilib, bu vazirlik vakolatlari kengaytiriladi). Bu lavozimni yashillar partiyasining ikkinchi hamraisi Robert Habek egallashi mumkin.

Erkin demokratlar yetakchisi Kristian Lindner esa, katta ehtimol bilan moliya vaziri bo‘ladi. Merkel hukumatida bu lavozimni Olaf Shols egallagandi.

Koalitsiya tuza olmagan Merkel partiyasi endi muxolifat hisoblanadi. Foto: Getty Images

Olaf Shols — amaldagi vitse-kansler va mamlakat moliya vaziri, Sotsial-demokratlar partiyasi a'zosi. U o‘zini nomzod qilib ko‘rsatgan partiya rahbari bo‘lmagan yagona nomzoddir. Shols GSDPning konservativ qanotiga mansub. O‘ta bosiqligi tufayli siyosatchi Sholsomat laqabini olgan, uning nomzodi kanslerlikka ilgari surilishi bahsli bo‘lgandi. U partiyasi reytingi pastligi tufayli hukumatni boshqarish imkoni deyarli yo‘qligida, 2020 yil avgustidayoq nomzod sifatida tanlangandi. Sholsni partiyadagi eng tajribali va taniqli siyosatchi bo‘lgani uchun tanlashgan. Butun saylovoldi kampaniyasi davrida Shols raqiblari soyasida qoldi, ammo ular yo‘l qo‘ygan xatolar tufayli yakuniy qismda eng mashhur nomzodga aylandi va poygada yetakchi bo‘lib qoldi. Uning shaxsiy muvaffaqiyatlari tufayli GSDP reytingini ko‘tarishga va mamlakatda mashhurlik bobida birinchi o‘ringa chiqishga erishdi. Endi, agar kutilmagan burilishlar bo‘lmasa, 63 yoshli Olaf Shols yangi koalitsion hukumatni shakllantiradi va Germaniyaning yangi kansleriga aylanishi ehtimoli yuqori.

Ayni vaqtda 63 yoshda bo‘lgan Olaf Shols Hamburgda o‘sgan, shu yerda huquqshunoslikka o‘qigan va o‘tgan asrning 80-yillarida yuridik idorada mehnat faoliyatini boshlab, mehnat huquqiga ixtisoslashgan. Shols o‘sha vaqtdayoq siyosat bilan shug‘ullana boshlagan, ammo faqat 40 yoshga chiqqanida, 1998 yildagina bundestag deputatligiga saylanishga erishgan, o‘shanda sotsialistlar hokimiyatga kelishgandi.

To‘rt yil o‘tib u partiya bosh kotibi, sotsialist kansler Gerxard Shryoder boshchiligidagi GSDP apparati rahbariga aylanadi. Shuningdek, Angela Merkel kansler bo‘lganida uning birinchi koalitsion hukumati tarkibiga kiradi - u Mehnat va ijtimoiy muhofaza vaziri etib tayinlanadi. 2011-2018 yillarda Shols Germaniya tarkibidagi alohida yer maqomiga ega bo‘lgan Hamburg shahri meri bo‘lgan. Olaf Shols va uning rafiqasi Britta Ernst o‘zlarini butunlay siyosatga bag‘ishlagan. Ernst - Brandenburg yeri hukumatida ta'lim vaziri hisoblanadi. Shols 2018 yilda hozirgi koalitsion hukumatda vitse-kansler va moliya vaziri lavozimida.

2019 yilda Olaf Shols partiya yetakchiligi uchun saylovlarda Zaskiya Esken - Norbert Valter-Boryans juftligiga mag‘lub bo‘lgandi, ammo keyinroq, parlament saylovlari uchun partiyaning kanslerlikka nomzodi sifatida tanlanadi - partiyadagilar bu rolga so‘lchilar Esken va Valter-Boryansdan ko‘ra, konservator Shols ko‘proq mos tushadi, degan qarorga kelishadi.

Chiqindilarni qisqartirish

Ko‘mir energetikasidan voz kechishdan tashqari, yangi koalitsiya iqlim o‘zgarishlariga qarshi kurash doirasida 2030 yilgacha Germaniyada energiya sohasida qayta tiklanadigan manbalar ulushini 80 foizga oshirishni, mamlakat yo‘llaridagi elektromobillar sonini (2030 yilda) 15 millionga yetkazishni, shuningdek, nisbatan ekologik bo‘lgan temir yo‘l orqali tashiladigan yuklar hajmini to‘rt barobar oshirishni (yuk mashinalari va samolyotlar orqali tashishni qisqartirish hisobiga) maqsad qilgan.

Germaniyaning bo‘lg‘usi hukumati doimiy yashash muddatini 5 yilga kamaytirish orqali fuqarolik olish tartibini soddalashtirishni va qo‘shfuqarolikka ruxsat berishni ham reja qilgan. «Bu Germaniyadagi minglab etnik turklar uchun ulkan yangilik, ularning ko‘pchiligi o‘nlab yillar mobaynida Germaniyada yashab kelayotgan bo‘lsa ham, xorijlik hisoblanishadi», deyiladi Deutsche Welle nashri maqolasida.

Olaf Sholsning saylovoldi poygasidagi asosiy va'dalaridan biri mehnatga haq to‘lashning minimal miqdorini soatiga 12,5 yevro etib belgilash edi. Koalitsiya bo‘yicha hamkorlar bu miqdorni 12 yevroga yetkazishga rozi bo‘lishdi.

Mavzuga oid