Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yaponiyada sobiq tashqi ishlar vaziri hukumat rahbariga aylandi
Fumio Kisida Yosixide Suga o‘rniga Yaponiyaning yangi bosh vaziri bo‘ldi. Sobiq bosh vazir lavozimga kelishiga bir yil to‘lganda koronavirusga qarshi kurashdagi muvaffaqiyatsizliklar tufayli hukmron Liberal-demokratik partiya reytingi keskin pasayishi tufayli iste'foga chiqqandi.
O‘tgan haftada 64 yoshli Kisida Yaponiyaning yangi bosh vaziri bo‘lish uchun Liberal-demokratik partiya ichida kechgan kurashda g‘olib bo‘lgandi. 4 oktabr kuni Yaponiya parlamentining quyi palatasi ko‘pchilik ovoz bilan uni yangi bosh vazir lavozimiga tasdiqladi.
Hisob bo‘yicha mamlakatning 100-bosh vazirining oldidagi asosiy vazifa - LDPni Yaponiyada noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan umummilliy saylovlarda g‘alabaga yetaklab borish hisoblanadi (Mahalliy nashrlar ma'lumotiga ko‘ra, Kisida saylovlarni 31 oktabr kuni o‘tkazmoqchi).
Partiya nufuzi Tokioda Olimpiya o‘yinlarini baribir o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilingach pasaygandi, Yaponiyada koronavirusga chalinish holatlari ortib borayotgani tufayli mamlakat aholisi o‘yinlar o‘tkazilishiga qarshi namoyishlarga chiqqandi.
O‘tgan yilda Kisida partiya yetakchisi uchun saylovlarda Sugaga mag‘lub bo‘lgandi. Suganing iste'fosidan keyin partiya ichidagi saylovda Kisida mamlakatning sobiq tashqi ishlar vaziri, sobiq mudofaa vaziri, ko‘pchilik tomonidan bosh vazirlik uchun asosiy nomzod sifatida ko‘rilgan Taro Kononi ortda qoldirishga erishdi.
Yaponiyaning yangi bosh vaziri qarshisidagi muhim vazifalardan yana biri - iqtisodiyotni tiklash hisoblanadi (Kisida pandemiya oqibatlarini bartaraf etish uchun mamlakat iqtisodiyoti uchun milliardlab dollarlar sarflashni va'da qilgan), shuningdek, xalqaro maydonda - Shimoliy Koreya tomonidan bo‘ladigan tahdidlarga qarshi turish kerak.
Bundan tashqari, Kisida pandemiyaga qarshi kurashish uchun «sog‘liqni saqlash sohasida inqirozli vaziyatlarni boshqarish agentligi» tuzishni taklif etgan.
«Mening asosiy qobiliyatim - odamlarni eshita bilish», degan Kisida LDP yetakchisi etib saylanishi bilan.
Fumio Kisida mo‘'tadil-liberal siyosatchi sifatida ma'lum, shu tufayli u hukmron konservativ partiyani biroz so‘llashtirishi kutilmoqda.
BBC’ning Yaponiyadagi korrespondenti Mariko Oining ta'riflashicha, tanqidchilari uni xushmuomala va shu bilan birga zerikarli shaxs deb bilishadi, ammo partiyadagilar unga anchadan buyon bo‘lajak hukumat rahbari sifatida qarashgan. Uning Konodan asosiy ustunligi esa «partiyaning eski gvardiyasi» tomonidan qo‘llab-quvvatlovga ega bo‘lgan.
Fumio Kisida siyosatchilar oilasidan chiqqan. U Hirosimada tug‘ilgan. Uning otasi va bobosi Yaponiya parlamenti a'zolari bo‘lishgan.
Kisida Yaponiya uchun rekord muddatda - 2012 yildan 2017 yilgacha Tashqi ishlar vazirligini boshqargan. U 2016 yilda Barak Obamaning Hirosimaga kelishini tashkillashtirgan - bu Amerika atom bombalaridan jabrlangan shaharga AQSh prezidentining ilk bor kelishi bo‘lgandi.
Mavzuga oid
14:06 / 26.05.2025
Yaponiya bozori uchun kadrlar tayyorlash bo‘yicha ta’lim dasturlari ishlab chiqiladi
15:50 / 25.05.2025
Yaponiya kemasi Rossiya bilan bahsli orol yaqinida ogohlantirishsiz o‘t ochdi
21:15 / 21.05.2025
Yaponiya qishloq xo‘jaligi vaziri guruch haqidagi gaplaridan keyin iste’fo berdi
09:05 / 21.05.2025