Jahon | 17:05 / 05.10.2021
4363
2 daqiqa o‘qiladi

Global harbiy xarajatlar 2 trillion dollarga yetdi – BMT

BMT Bosh kotibining o‘rinbosari Izumi Nakamitsuning ta'kidlashicha, yadro quroliga ega davlatlar o‘rtasidagi dushmanlikning kuchayishi va to‘plab borilayotgan an'anaviy qurollar dunyoga jiddiy xavf tug‘dirmoqda.

Foto: calendata.ru.

Xalqaro munosabatlarda davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarning keskinlashuvi yadro qurollaridan foydalanish xavfini nihoyatda kuchaytirib yubordi. Bu haqda BMT Bosh kotibining o‘rinbosari, qurolsizlanish masalalari bo‘yicha oliy vakili Izumi Nakamitsu BMT Bosh assambleyasining qurolsizlanish masalalariga bag‘ishlangan 76 -sessiyasi yig‘ilishida ma'lum qilgan.

«Yadro quroliga ega kuchlar o‘rtasidagi dushmanlikning kuchayishi yadroviy xavflarni qabul qilib bo‘lmaydigan darajaga olib chiqdi», dedi u.

Nakamitsuning ta'kidlashicha, nafaqat yadroviy qurollar, balki davlatlar tomonidan to‘plab borilayotgan an'anaviy qurollar ham dunyoga jiddiy xavf tug‘diradi. Uning aniqlik kiritishicha, 2020 yilda global harbiy xarajatlar qariyb 2 trillion dollarni tashkil qilgan, bu 2019 yilga nisbatan 2,6 foizga ko‘p.

Avvalroq, Stokholm Xalqaro tinchlik tadqiqotlari instituti 2020 yilda global miqyosda harbiy maqsadlarda sarflangan mablag‘lar hajmi 1,98 trillion dollarni tashkil etganini ma'lum qilgandi.

O‘tgan yildagi jami harbiy xarajatlarning 62 foizi 5 ta davlat hissasiga to‘g‘ri kelgan: AQSh, Xitoy, Hindiston, Rossiya va Buyuk Britaniya.

  • AQSh – 778 mlrd dollar;
  • XXR – 252 mlrd dollar;
  • Hindiston – 72,9 mlrd dollar;
  • Rossiya – 61,7 mlrd dollar;
  • Buyuk Britaniya – 59,2 mlrd dollar.

Harbiy xarajatlarning global YaIMdagi ulushi 2019 yildagi 2,2 foizdan 2,4 foizga oshgan.

Mavzuga oid