Mbappe ochiq intervyu berdi: «Real», irqchilik, Fransiya termasidan ketishga tayyorligi va «piyoda» Messi haqida
Kilian Yevro-2020dan keyingi haqoratlarga qanday munosabatda bo‘lgan va uning «Real»ga transferi nega barbod bo‘lgan?
Fransiyaning L’Equipe nashri «PSJ» hujumchisi Kilian Mbappe bilan katta intervyu uyushtirdi. Yevro-2020dagi muvaffaqiyatsizlik va «Real»ga o‘tishi amalga oshmaganidan keyin Kilian jurnalistlar bilan hali bunday ochiq suhbatlashmagan edi. Intervyuda 22 yoshli futbolchi «Real»ga o‘tish istagi, «PSJ»dagi kelajagi, Fransiya milliy jamoasidagi muammolar va yana bir qator mavzularga to‘xtalib o‘tgan.
«Real»ga o‘tish istagi
- Yozgi transfer oynasi vaqtida «PSJ» rahbariyatiga ochig‘ini aytdim. Men o‘zgarishlarga ehtiyoj sezayotgandim. Yevro-2020 oldidan shartnomamni uzaytirishni xohlamadim, chunki ketishga qaror qilgandim. Mening transferimdan barcha manfaatdor bo‘lishini istagandim. Shunda «PSJ» ham o‘rnimga boshqa futbolchi olib kelishi mumkin bo‘lardi va men o‘z yo‘limda xotirjam davom etardim.
Parijdagi sarguzashtlarim yakuniga yetdi, deb o‘ylagandim. Boshqa bir joyda o‘ynashni juda ham istagandim. Bu yerda bir necha yil to‘p tepdim, qator yutuqlarga erishdim va yangi klubga o‘tish faoliyatimdagi yangi qadam bo‘lishi kerakdek edi. Ha, Parijga qattiq bog‘lanib qolganman, lekin «Real»da o‘ynamoqchi edim.
Erkin agent sifatida ketmoqchi emasdim. Ammo klub yakunda meni sotib yubormaslikka qaror qildi. Mayli, hech qanday muammo yo‘q, men to‘rt mavsum baxtli bo‘lgan jamoamda o‘ynashda davom etaman. Bu yaxshi o‘ylab ko‘rilgach, qabul qilgan xulosalarim.
Ha, bundan biroz ranjidim, biroq ushbu voqea haqida o‘ylashga ko‘p vaqtim bo‘lmadi. Yevropa chempionatidan qaytgach, barchasini boshdan kechirdim va tez orada buni esdan chiqardim. Shu bilan hammasi tugadi.
«PSJ» bilan shartnomani uzaytirish haqida
- Men ikkiyuzlamachi emasman. «Kelajakda nima bo‘lishini bilmayman», deya vaziyatdan chiqib ketishni yoqtirmayman. Yakuniga yetgan yozda men ketishni xohlashimni va bu ishni klubga foyda keltirgan holda amalga oshirmoqchi ekanligimni namoyish qildim. Endi kelajagim haqida o‘ylab ko‘p vaqt sarflamoqchi emasman. Shundoq ham yozda bunga ko‘p kuch sarfladim.
Hozir chindan ham baxtliman. Klubni va o‘zimni hurmat qilaman. Shuning uchun ham, hech bir o‘yinda sustlashishga haqim yo‘q. Ketmoqchiligimni aytganimdan keyin roppa-rosa ikki oydirki, shartnomani uzaytirish haqida gaplashmadik. Ammo yaxshi bilasizki, kecha bo‘lib o‘tgan voqea aynan bugun yoki ertaga takrorlanmaydi. Futbolda barchasi tez o‘zgaradi. Misol uchun, bungacha menga Messining «PSJ»da o‘ynashini aytishganida ishonmagan bo‘lardim. Shunday ekan, kelajagim borasidagi savol hali-hamon ochiq va men xohlagan yo‘limdan keta olaman. Har bir futbolchining o‘ziga yarasha intilishlari bor. Futbolchilar faoliyati u qadar oson emas.
Muxlislar bilan munozaralar haqida
- Bilasizmi, ularning o‘rnida men ham o‘zimni shunday tutgan bo‘lardim. Odamlar xabarlarni o‘qishadi, lekin barcha haqiqatni bilishmaydi. Shuning uchun ham ulardan xafa bo‘lish, nega menga hushtakbozlik qilishdi, degan savollar menda bo‘lmadi. Buni normal qabul qildim. Ular ketishimni istashmadi, bu juda muhim.
Mish-mishlar haqida: «Hammasi yolg‘on»
- Mish-mishlar haqida gapiradigan bo‘lsam, klubning shartnomani uzaytirish borasidagi 6-7ta taklifini go‘yoki rad etgan emishman. Hammasi yolg‘on. Leonardo bilan gaplashishni xohlamaganimni yozishdi, bu ham haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Klub rahbariyati bilan gaplashib olishdan hech qachon o‘zimni tortmaganman.
Yozgi transferlar oynasi va Messining Parijga kelishi haqida
- Juda zo‘r transferlar oynasi! Biz har jabhada kuchaydik va oldimizdagi barcha titullar uchun kurashishga tayyormiz. Bir qator jarohatlanganlar bor. Ko‘pchilik futbolchilar milliy jamoalar yig‘iniga ketdi. Kichik muammo va kamchiliklar sababli doim ham to‘liq tarkibda bo‘lmaymiz. Faqat «Manchester Siti»ga qarshi bellashuvda hamma o‘z darajasida o‘ynay oldi.
Messining jamoaga kelishi oldidan juda hayajonlandim. Jamoada faqat u haqida gaplashardik, Leodan tashqari ham bir qator kuchli futbolchilar tarkibimizga kelib qo‘shildi. Doim aytib kelganman, men mana shunday futbolchilar bilan o‘ynashni istayman, mana endi o‘zim xohlagandek kuchli futbolchilar bilan futbol o‘ynayapman. Endi bizning vazifamiz aniq - e'tiborni jamlash, bir jamoa bo‘lib ishlash va sovrinlar qo‘lga kiritish.
Jamoada bu qadar ko‘p kuchli futbolchilar bor paytda ular o‘rtasida mutanosiblikni topa bilish muhim. Hech qachon bitta yulduz bo‘lmaydi. Barcha birga bo‘lishi kerak. Lekin tarkibingizda Messi bor ekan, unga kamroq yugurishga imkon berib, hujumlarni yakunlashdagi kreativ g‘oyalaridan foydalanish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Bu muammo emas, shunchaki oddiy qonuniyat. Messi maydonda yurgan paytda men yugurishdan xursand bo‘laman. Axir bu - Messi! U yonimda bo‘lgan har bir soniyadan rohatlanmoqdaman. Bu haqiqiy mo‘jiza.
Fransiya milliy jamoasidagi tanqidlar
- Fransiya milliy jamoasida o‘ynaganim uchun bir yevro ham olmaganman. Milliy jamoa uchun tekinga o‘ynashda davom etaman. Va hech qachon muammolarga sabab bo‘lishni xohlamayman. Lekin shunday vaqtlar bo‘ladiki, men o‘zimni jamoaning muammosidek his qila boshlayman va muxlislarda ham shunday hissiyot bo‘ladi. Ularning fikricha, milliy jamoa meni deb mag‘lub bo‘layotgan emish, mening ko‘proq narsa xohlashim jamoaning mag‘lubiyatiga sabab bo‘lar va mensiz Fransiya g‘alaba qozonishi mumkin ekan.
Eng muhimi bu - Fransiya. Agar milliy jamoa mensiz baxtliroq bo‘lsa, ketishga tayyorman. Fransiya futbol federatsiyasi prezidenti Noel Le Gre bilan gaplashdim va bu vaziyatni muhokama qildik. Penaltini ura olmaganim uchun meni maymunga chiqarishganidan norozi bo‘ldim. Shok holatida edim. Inkor etmayman, penaltini urolmaganim - mening aybim. Lekin muxlislardan ko‘proq qo‘llab-quvvatlashni kutgandim. Albatta, bunga loyiq ish qilmadim. Tushunaman, mag‘lubiyatdan keyin barchaning hafsalasi pir bo‘ldi. Men aynan «maymun» deb kamsitishlarini qabul qila olmayman. Hozir barchasi ortda qolgan, men Fransiyani yaxshi ko‘raman, - deydi Mbappe suhbat yakunida.