Jahon | 22:41 / 06.10.2021
15619
2 daqiqa o‘qiladi

Janubiy qutbda rekord darajada sovuq qish qayd qilindi

Foto: Getty Images

Antarktidadagi Amundsen-Skott stansiyasi meteorologlari Janubiy qutbda joriy yilgi qish kuzatuvlar olib borish davridagi eng qahratoni bo‘lganini ma'lum qilishdi. Bu haqda The Watchers nashri xabar berdi.

Ta'kidlanishicha, apreldan sentyabrgacha bu yerda rekord past haroratlar qayd qilingan va Tselsiy shkalasi bo‘yicha o‘rtacha minus 61,1 darajani tashkil qilgan. Bu borada avvalgi rekord 1976 yilda o‘rnatilgan va o‘shanda o‘rtacha harorat minus 60,6 darajani tashkil qilgan.

Stansiyada qayd qilingan o‘rtacha harorat oxirgi 30 yil ichidagidan 2,5 daraja past bo‘lgan.

Viskonsin universiteti ob-havo mutaxassisi Metyu Lazzarning aytishicha, joriy qishda stansiyada harorat bir necha marta minus 73,3 darajagacha tushgan. 30 sentyabrda esa Rossiyaning “Vostok” stansiyasi harorat -79,3 daraja bo‘lganini ma'lum qilgan.

Eng past harorat rekordi esa 1983 yil 21 iyulda “Vostok” stansiyasida qayd qilingan. O‘shanda harorat -89,2 darajani tashkil qilgan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid