Jahon | 20:43 / 07.10.2021
19464
2 daqiqa o‘qiladi

Germaniyada 100 yoshli natsist ustidan sud jarayoni boshlandi. U 3,5 ming kishi o‘limida ayblanmoqda

Germaniyada 7 oktyabrda Ikkinchi jahon urushi vaqtida Berlin yaqinidagi Zaksenxauzen konslagerida qo‘riqchi bo‘lib ishlagan 100 yoshli erkak ustidan sud jarayoni boshlandi.

Foto: AR/TASS

Gumonlanuvchi Yozef S. Zaksenxauzenda 1942 yildan 1945 yilgacha ishlagan. U 3518 kishining o‘ldirilishida ishtirok etishda ayblanmoqda. Uning ustidan sud jarayoni konslager yaqinida joylashgan Noyruppin shahrida bo‘lib o‘tmoqda.

Hukumat sudlanuvchining keksa yoshiga qaramay, sud oldida javob berish uchun yetarlicha sog‘lomligi, biroq uning ishi bo‘yicha sud yig‘ilishlari 2,5 soat davom etishi haqidagi qarorga kelgan.

Keksa sudlanuvchi sud yig‘ilishida yuzini kanselyariya papkasi bilan to‘sib o‘tirgan. Unga bunda advokati ham yordam bergan. Taxmin qilinishicha, Yozef S. natsist jinoyatchilardan sudlanayotgan eng keksasi hisoblanadi.

Ayni vaqtda Germaniyada Polshadagi Shtutgof konslagerining sobiq xodimasi, 96 yoshli Irmgard Furxner ustidan ham sud jarayoni boshlanmoqda. U konslagerda kotiba bo‘lib ishlagan. Furxner sud oldidan qochishga uringan, biroq qo‘lga olingan.

“Odil sudlov uchun eskilik muddati yo‘q”, deb aytgan konslagerlarning bir necha sobiq asirlari manfaatlarini himoyalayotgan advokat Tomas Valter.

Zaksenxauzenda 1936 yildan 1945 yilgacha yuz minglab asirlar saqlangan. O‘n minglab asirlar ochlikdan, kasalliklardan, majburiy mehnatdan, ular ustida o‘tkazilgan tibbiy tajribalar hamda SSning asirlarni yo‘q qilish bo‘yicha amaliyotlari oqibatida hayotdan ko‘z yumgan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid