O‘zbekiston | 12:20 / 07.10.2021
1902
2 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryoda T-28 traktori va Nexia o‘zaro to‘qnashdi

Qashqadaryo viloyati Qarshi tumanida traktor va Nexia o‘zaro to‘qnashgan. Viloyat IIB axborot xizmatining xabar berishicha, mazkur yo‘l-transport hodisasida hech kim tan jarohati olmagan. Faqat har ikkala transport vositasiga jiddiy zarar yetgan.

Ma'lum qilinishicha, 2021 yil 6 oktabr kuni soat taxminan 20:45larda Qarshi tumani hududidan o‘tuvchi Beshkent-Navruz-Chandir-Jyeynov avtomobil yo‘lining Qovchin qishlog‘i hududidan o‘tgan 4-kilometrida Nexia mashinasi va T-28 rusumli traktor ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan.

Nexia mashinasi haydovchisi Qovchin-Beshkent yo‘nalishida harakatlanib kelib, qarama-qarshi yo‘nalishda kelayotgan T-28 rusumli traktor bilan to‘qnashgan. Qayd etilishicha, mazkur yo‘l-transport hodisasida hech kim tan jarohati olmagan. Faqat har ikkala transport vositasi jiddiy shikastlangan.

Ta'kidlanishicha, hozirda holat yuzasidan Qarshi tuman IIB YHXB tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Ғайрат Йўлдошев
Tayyorlagan Ғайрат Йўлдошев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid