Jamiyat | 19:05 / 08.10.2021
23309
5 daqiqa o‘qiladi

«Piyodalar o‘tish yo‘lagida urib yuborilgan piyoda - O‘zbekistondagi yana bir qo‘rqinchli statistika» - Shuhrat Qurbonov avtomaktablar, haydovchilikka imtihon va yo‘llar haqida

Foto: Getty Images

Yo‘llarda yuz berayotgan o‘lim holatlari masalasi yo‘l harakati qoidalariga amal qilish muammosining bevosita natijasidir. Bu haqda “Kurbanoff.net” telegram kanali muallifi Shuhrat Qurbonov yozmoqda.

“Bitta avtomaktablarda ta'limning yaxshilanishi bilan hech narsani hal qilib bo‘lmaydi. Yo‘llarda yuz berayotgan o‘lim holatlari masalasi yo‘l harakati qoidalariga amal qilish muammosining bevosita natijasidir. Agar kimdir bizning mamlakatda avtomaktabda yomon o‘qiganlar qizil chiroqda o‘tib ketadi yoki tezlikni oshiradi deb o‘ylasa, u xato tasavvurga ega. Ular yo‘l harakati qoidalarini ko‘p holatlarda buning uchun hech narsa bo‘lmasligi sababli buzishadi. Gap vaziyatdan chiqib ketishda ham emas (pul, qo‘ng‘iroq yoki hatto qimmatbaho mashina egasi sezmaydigan jarimalar bilan), balki markaziy ko‘chalardan chetroqda tezlikni oshirib yoki qizil chiroqdan o‘tib ketib harakatlanganda sizni to‘xtatib, jarimaga tortishlari ehtimoli nolga teng.

Rostini aytsam, men statistikani bilmayman, lekin qurbonlar bo‘lgan YTHning aksariyati markaziy ko‘chalarda sodir bo‘lgan, deb o‘ylamayman. Balki xato qilayotgandirman. Shuning uchun bu yerda yagona variant - kameralarni ommaviy o‘rnatish va fuqarolarni qoidabuzarlarni topish bo‘yicha faoliyatida rag‘batlantirish. Siz bunday fuqarolarni turli so‘zlar bilan haqorat qilishingiz mumkin, ammo yaqin insoningiz yoki tanishingiz YTH qurboniga aylansa va aybdor ushlanmasa yoki jazolanmasa, fikringiz tezda o‘zgaradi.

Endi o‘qish va imtihonlar haqida.

1. Imtihonlar. Ko‘pgina rivojlangan mamlakatlarda qaysi maktabda o‘qiganingiz yoki umuman o‘qiganligingiz hech kimni qiziqtirmaydi (garchi hammasida ham emas, lekin bunday holat mavjud). Yetarlicha jiddiy bo‘lgan imtihonlarni topshiringiz kerak. Xohlasangiz o‘zingiz mustaqil tayyorlaning, xohlasangiz qandaydir avtomaktabga qatnab o‘qing. Ammo fakt shundaki - haydovchilik guvohnomasi uchun imtihonlardan o‘tish kerak. Agar imtihonlarni bizning dahshatli avtomaktablarda o‘qiyotganlar topshirsa, demak vaziyat imtihonlarga ham bevosita aloqador. Faqat haydovchilik guvohnomalari berishning shaffof va qat'iy tizimini yaratish orqali maktablar muammosini hal qilish mumkin. Odamlar hech narsa o‘rgatmaydigan joyga bormay qo‘yadi va siz ham shunga yarasha imtihon topshirmaysiz. Ayni paytda, haqiqat shundaki, odamlar tug‘ilgan kun sovg‘asi sifatida haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lishi mumkin. Shuning uchun imtihonlarni kuchaytiring, bu imtihonlarni o‘tkazishda korrupsiyaga qarshi kurashing, shunda avtomaktablar muammosi avtomatik tarzda hal qilinadi.

2. Infratuzilma. Piyodalar o‘tish yo‘lagida urib yuborilgan piyoda - O‘zbekistondagi yana bir qo‘rqinchli statistika. Men ham bu haqda ko‘p marotaba yozganman, ikki yoki undan ortiq chiziqli yo‘lning har bir yo‘nalishida tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joyi bu - jinoyat. Bunday o‘tish joyiga ruxsat beruvchi qog‘ozga imzo qo‘ygan odamni qotillikka urinish sifatida sud qilish kerak. Tasavvur qiling-a, Kichik halqa yo‘lida tartibga solinmagan bunday o‘nlab o‘tish joylari bor, ulardan o‘tish juda xavfli va odamlar buni qilayotganini omad deb hisoblash mumkin. Bunga ruxsat berayotgan hurmatli mas'uliyatli rahbarlar, mashinangizdan shunchaki tushib, kunduz kuni u yerdan kamerasiz o‘tib ko‘ring-chi. Endi, farzandingiz u yerdan o‘tishi kerakligini tasavvur qilib ko‘ring. Bu borada biror narsa qilish kerak, bu muammo to‘xtash taqiqlangan belgilaridan va bepul “tonirovka”dan ko‘ra muhimroqdir.

Menimcha, aynan shundan boshlash kerak. Nomigagina ishlayotgan avtomaktablar esa baribir yo‘q bo‘lib ketadi, chunki ular hozircha qog‘oz uchun kerak, imtihon esa - yasama vaziyat”, deb yozadi telegram kanal muallifi.

Avvalroq, Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov O‘zbekistonda yil boshidan beri 6551ta YTHdan 1682tasi o‘lim bilan tugagani haqidagi xabarga munosabat bildirgandi.

“Avtomaktablar “soqqa” qilish bilan ovora. O‘qitish tizimi butunlay ishdan chiqqan. Amaliy darslar chala-chulpa o‘tiladi. Benzinga pul, darsga qatnashmaslik pul, imtihon pul. Natijada har oyda yo‘lga minglab "potensial qotillar" chiqariladi. Jamoatchilikni esa asosan monopoliya tashvishga soladi”, deyiladi Komil Allamjonovning munosabatida.

Mavzuga oid