O‘zbekiston | 18:40 / 09.10.2021
8557
7 daqiqa o‘qiladi

Chiqindi urnalari va konteynerlari yetishmasligi - muammoning sabab va yechimlari haqida Ekologiya qo‘mitasi rasmiysi bilan suhbat

8 oktabr kuni AOKA majlislar zalida Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi «O‘zbekistonda qattiq va maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish» mavzusida matbuot anjumani tashkil qildi.

Kun.uz muxbiri tadbir yakunida qo‘mita boshqarma boshlig‘i Umarjon Abdullayev bilan intervyu uyushtirdi va mavzu yuzasidan qator savollarga javob oldi.

— Chiqindi tashlash uchun urnalar yetishmasligi bugun O‘zbekistonning barcha tuman va shaharlarida og‘ir muammo. Bu o‘z o‘rnida turli ekologik muammolar va kasalliklar ko‘payishiga sabab bo‘ladi. Bu shuningdek, hududlar aholisining yashashi, madaniy hordiq chiqarishiga xalaqit berib, inson ta'bini ham xira qiladi.

Muammoning sabablari qayerda?

— Chiqindi tashlash idishlari ikki turga bo‘linadi.  Bu – urnalar va konteynerlar. Konteynerlar – bu chiqindi yig‘ish uchun mo‘ljallangan 600-700-1100 litrli idishlardir. Ular chiqindi yig‘ish joylarida qo‘yiladi.

Urnalar esa kichik hajmdagi chiqindi yig‘ish idishlari.

Hozir Toshkent shahridagi 500 dan ortiq chiqindi yig‘ish maydonlarida 4-5 tadan konteynerlar o‘rnatilgan, lekin viloyatlarda bu son yetarli emas. Viloyatlarda chiqindi yig‘ish markazlari va konteynerlarni o‘rnatish talab etiladi. Hisobimiz bo‘yicha bu yil davlat budjetidan 980 ta konteyner xarid qilishimiz kerak.

Bu masalaning ikkinchi tomoni ham bor. Masalan, budjet tashkilotlarining chiqindilarini sanitar tashkilotlar olib chiqib ketadi. Lekin ayrim tashkilotlar: bog‘cha, maktab, shifoxonalarda chiqindi konteynerlari yetishmaydi va chiqindi yerga to‘planadi.

Bu jarayonda sanitar korxonalar ham katta qiyinchilikka duch keladi, chunki yerda to‘plangan chiqindini yig‘ib olishga ham kamida 1-2 soat vaqt ketadi. Konteynerdagi chiqindini olib ketish esa 5-10 daqiqa vaqtni oladi.

Bu masala yaqinda prezident o‘tkazgan yig‘ilishda ham ko‘tarildi va vazirliklarga topshiriq berildiki, unga ko‘ra, ijtimoiy obektlar chiqindi konteynerlarini yetarli darajada o‘rnatishi kerak.

— Tashkilotlar o‘rnatmasa-chi? Ularga qanday choralar belgilangan?

— Ular o‘rnatmasa, Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 91-moddasiga muvofiq jazo choralari ko‘zda tutilgan. Unga ko‘ra, yuridik tashkilotlar dastlab ogohlantiriladi, agar ogohlantirishdan keyin ham belgilangan muddatda konteynerlar o‘rnatilmasa, u jazolanadi.

2021-22 yildan barcha vazirliklarga o‘z tizimidagi tashkilotlarga chiqindi konteynerlari olish uchun yetarli mablag‘ ajratish topshirig‘i berilgan.

Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi respublikada tashkilot va idoralar uchun yetishmaydigan chiqindi konteynerlari sonini hisoblab chiqqan. Unga ko‘ra, bizga 15 mingta ana shunday konteynerlar kerak bo‘ladi. Bu faqat ijtimoiy obektlar uchun.

— Jamoat joylari, ko‘cha va istirohat bog‘larida chiqindi urnalari o‘rnatish masalasi-chi?

— Chiqindi urnalari o‘rnatish talabi kimlarga qo‘yilgan? Vazirlar Mahkamasining qarori bilan har bir hududda joylashgan tashkilotga sanitar tozalash xizmatlarini o‘z vaqtida amalga oshirish majburiyati bilan urnalar o‘rnatish vazifasi yuklatilgan. Masalan, bozorlar hududiga bozorlar ma'muriyati, ko‘p qavatli uylar hududiga ularga xizmat ko‘rsatuvchilar, markaziy yo‘llarga esa shu yo‘llarga xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar chiqindi urnalari o‘rtnatishi kerak. Tashkilotlar o‘z hududini toza saqlash majburiyatini ham olgan.

Hozir eng katta muammo hudud egalari tomonidan o‘ziga tegishli hududga chiqindi urnalari o‘rnatmayotgani-da. Bunga sabab esa ularda shartnomaviy majburiyatlar yo‘qligi. Ya'ni ular hali shartnoma tuzmagan bo‘lib chiqadi.

— Tashkilot shartnoma tuzmas ekan, uni qonunchilik bilan bunga majburlash kerak.

— Bu bo‘yicha Davlat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi me'yoriy hujjat ishlab chiqyapti. Bu tartib asosida tashkilotlar sanitar korxonalari bilan chiqindilarni olib chiqib ketish bo‘yicha yuridik shartnoma tuzishi kerak bo‘ladi. Ular shartnoma tuzmasa, javobgarlikka ham tortiladi. Bu hujjat yaqin orada Oliy Majlisga kiritiladi.

— Bu sohaga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha ham ishlanyaptimi?

— Bizda bu yo‘nalishda Osiyo taraqqiyot banki loyihasi bor. Loyihaga asosan, respublika bo‘yicha 6 mingta 1150 litrli chiqindi konteynerlarini 2021-22 yillarda xarid qilishimiz kerak.

— Bu hozirgi vaqtdagi yetishmovchilikning qancha qismini qoplaydi?

— 50-60 foizini. Bundan tashqari, bizda budjet mablag‘lari hisobilan yillik dasturlar bor. Unga ko‘ra, bu yil 980 ta shunday chiqindi konteynerlari o‘rnatishimiz kerak.

Bu albatta uzluksiz bo‘ladigan ishlar, chunki bir chiqindi konteyneri ham 2-3 yilda o‘z muddatini o‘tab bo‘ladi. Masalan, Osiyo taraqqiyot bankining Toshkent loyihasi doirasida 2018 yilda 7 mingdan ortiq chiqindi konteynerlari xarid qilinib, ular Toshkent shahrining 11ta tumani va Chinoz shahrida o‘rnatilgan. Bu orqali Toshkent shahri bo‘yicha talab 100 foizga qondirilgan.

Chiqindi urnalari esa o‘sha hudud egalarining majburiyatiga kiradi. Biror bank yoki loyiha mablag‘i bilan chiqindi konteyneri o‘rnatish maqsadga muvofiq emas. Chunki investorlar ham biror sohaga ma'lumot kiritayotganda o‘z mablag‘ini qaytarib olishni rejalashtiradi.

— Odamlarning chiqindilarni to‘g‘ri kelgan joyga tashlab ketavermasligi va umuman, ekologik madaniyatini oshirish borasida qo‘mitadan ko‘pda kreativ, yangicha loyihalar ko‘ravermaymiz...

— To‘g‘ri. Bunda majburlov choralar bilan birga aholiga qulaylik masalasi ham bo‘lishi kerak. Ularga yengillik yaratib, ongini shu sohadagi bilimlar bilan to‘ldirishimiz kerak.

— Masalan, chiqindini tur-turiga qarab saralab kelganlarni chiqindi bo‘yicha to‘lovlardan ozod qilish yoki yengilliklar berish kabi.

— Ha, bu kabi loyiha Toshkent shahrida amalga oshirilyapti. Masalan, chiqindini saralab yig‘ish tizimini joriy qilgan xonadonlarda chiqindiga to‘lanadigan mablag‘lar qisqartirilyapti.

Shuningdek, hozirda «Ekosan» tashkiloti bilan birga Toshkent shahri va Toshkent viloyatida aholida chiqindini saralab chiqarish madaniyatini oshirish maqsadida yirik bir loyiha ko‘zda tutilmoqda.

Aholi bu bilan qo‘shimcha daromadga ham ega bo‘lishi mumkin. Loyiha sinovdan muvaffaqiyatli o‘tsa, boshqa hududlarga ham targ‘ib etiladi.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Muhiddin Nido.

Mavzuga oid