O‘zbekiston | 16:55 / 08.04.2025
6982
4 daqiqa o‘qiladi

Poytaxtning Qorasaroy ko‘chasida daraxtlar ko‘chirilmoqda. Agrotexnik talablar buzilgan

Qorasaroy ko‘chasining Abdulla Qodiriy ko‘chasidan Nurafshon ko‘chasigacha bo‘lgan qismida tunnel qurilishi munosabati bilan yo‘lning ikki chetidagi daraxtlar ko‘chirilmoqda, kasallangani aytilayotgan 61 tup daraxt esa kesilyapti. Ekologiya vazirligi mas’ullari Kun.uz bilan suhbatda ko‘chirish ishlari davomida agrotexnik talablar buzilganini ma’lum qildi.

Toshkentning Olmazor tumanida, shaharning tarixiy qismida qad rostlagan Islom sivilizatsiyasi markazi oxirgi qurilish bosqichiga kirdi. Endi markaz atrofi o‘zgacha ko‘rinishga keltirilib, yangi obektlar qurilishi, infratuzilma yangilanishi va pardoshlash ishlari olib borilyapti.

Shu kunlarda loyiha doirasida Qorasaroy ko‘chasining Abdulla Qodiriy ko‘chasidan Nurafshon ko‘chasigacha bo‘lgan qismi tunnelga almashishi ma’lum bo‘ldi. Birinchi bosqichi sentabrgacha bitishi aytilayotgan tunnelda avtomobillar harakatlanadi, uning ustki qismi – hozirgi to‘rt qatorli yo‘l esa majmua oldidagi maydonga qo‘shib yuboriladi va hudud aholi va sayyohlar uchun dam olish, sayr qilish maskaniga aylantiriladi.

Tunnel qurilishi tufayli yo‘lning ikki chetidagi manzarali va boshqa turli daraxtlar ko‘chirilmoqda. Kasallangan deb topilgan ayrim daraxtlar esa kesilyapti.

Ekologiya vazirligi Kun.uz'ga taqdim etgan ma’lumotga ko‘ra, bu yerdagi 211 tup daraxt (ulardan 65 tasi qarag‘ay) o‘rganilib, ulardan 138 tasini ko‘chirishga (shu jumladan, qarag‘aylarning barchasini), 61 tasini kasallangani sababli sanitariya maqsadida kesishga, 12 tasini (olchalar va Aylantus daraxti) to‘lov evaziga kesishga ruxsat berilgan.

Kun.uz muxbiri hududga yetib borganida 3 tup qarag‘ay allaqachon agrotexnik talablarga mos bo‘lmagan tarzda ko‘chirilgani, yana 3 tup terak kesilib, bir tup qarag‘ay butalanganiga guvoh bo‘ldi.

Ekologiya vazirining maslahatchisi Rasul Kusherbayev voqea joyida muxbirimiz bilan suhbatda ko‘chirish vaqtidagi agrotexnik talablar buzilganini tasdiqladi.

Fuqarolardan bo‘lgan murojaat asosida keldik. Ko‘rdikki, daraxtlarni qator agrotexnik talablar buzilgan holda ko‘chirish amalga oshirilayotgan ekan. Bu yerga hududiy mas’ul inspektorlarni jalb qildik. Bundan buyon har bir ko‘chirish jarayoni normativ talablardan kelib chiqib, hududiy ekologiya inspektori ishtirokida bo‘ladi. Agar yana agrotexnik talablar buziladigan bo‘lsa, jazo chorasi ko‘riladi.

Agar loyihani o‘zgartirish imkoniyati bo‘lsa, maksimal darajada hali ham bo‘lsa daraxtlarni saqlab qolish masalasini qo‘yyapmiz. Ammo oxirgi qarorni biz qabul qilmaymiz. Biz o‘z takliflarimizni berdik. Hozir ko‘chirilgan daraxtlar yashab ketishi ehtimoli past, chunki daraxtlar uyg‘onib bo‘lgan”, – deydi Kusherbayev.

Olmazor tumani Ekologiya boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Nodir Qodirov sog‘lom daraxtlar kesilmayotganiga ishontirdi.

Vazirlar Mahkamasining 464-sonli qaroriga muvofiq, qonunchilikda belgilangan tartibda hududdagi daraxtlar dendrolog tavsiyasiga binoan tanasiga va shox qismiga zarar yetkazmagan holatda ko‘chirish ishlari olib borilyapti. Har xil zararkunanda, bakterial kasallikka chalingan daraxtlarni qonunda belgilangan tartibda, to‘lov evaziga kesish ishlari olib borilyapti. Sog‘lom daraxtlar kesilmayapti, faqatgina avariya holatidagi va zararkunandalar shikast yetkazgan daraxtlar kesilyapti. Daraxtlar kesishga rad javobi berilgan, xulosada ko‘chirish tavsiya qilingan”, – deydi tuman ekologiya mas’uli.

Rasmiylar aynan nechta daraxtni ko‘chirishga, nechtasini kesishga ruxsat berilganini ochiqlamadi.

Mavzuga oid