Jamiyat | 19:40 / 09.10.2021
60662
18 daqiqa o‘qiladi

Saviyasi sayoz milliy seriallar. Yomonlikni ko‘rsatib, yaxshilikka o‘rgatib bo‘ladimi?

Seriallar o‘zbekistonliklar azaldan eng ko‘p muhokama qiladigan mavzulardan biri. Ilgari xorij seriallari milliy mentalitetimizga, ma’naviyatimizga to‘g‘ri kelmaydi, deb bong urardik. Bunga javoban ayrim xorijiy seriallar «qaychilandi», ba’zilari to‘lig‘icha efirdan olib tashlandi. Go‘yoki shu bilan muammoga vaqtinchalik yechim topildi.

Vaqt o‘tib, milliy seriallarni ko‘proq ishlab chiqarish, efirni o‘zimizning mahsulotlarimiz bilan boyitish talabi qo‘yildi. «Milliy» telekanali asoschisi Komil Allamjonov shu kanalda xorij seriallari efiri to‘xtatilishini e’lon qilganidan so‘ng birin-ketin boshqa xususiy kanallarda ham xorij seriallari kamaya boshladi, o‘rnini milliy seriallar egalladi.

Bu bilan mentalitetimizni yot g‘oyalardan asradik, go‘yoki. Ammo ichki dushman ham paydo bo‘ldiki, unga qarshi kurashishga xohishimiz bormikin? Bugungi kunda reytingi baland «ZO‘R TV», «Milliy» telekanallarida namoyish etilayotgan bir nechta seriallardan olingan parchalar ushbu mavzuni olib chiqishimizga turtki bo‘ldi.

Fahsh, dayuslikni ochiqchasiga olib chiqayotgan «ijodkorlar» qaysi g‘oyani berishni maqsad qilishgan? Ularni kim nazorat qiladi? O‘zi umuman seriallar inson ongostida qanchalik saqlanib qoladi? Ongosti dasturi inson xatti-harakatiga singib, uning xatti-harakatlarida aks etishi mumkinmi? Bu borada mutaxassislar fikri bilan qiziqdik.

«Yomonlikni ko‘rsatib yaxshilikka o‘rgatib bo‘lmaydi»

Psixolog, psixoterapevt Zebuniso Ahmedova:

«Namoyish etilayotgan seriallar bir insonning ongostiga joylanayotgan psixologik dasturlardir. Buni psixologiya tilida «neyrolingvistik dasturlash metodi» deymiz. Agar bir inson hayoti davomida nafratlanadigan obrazni ko‘rmagan bo‘lsa, bunday toifadagi odam bilan uchrashmagan bo‘lsa, u serial orqali shu obraz bilan tanishadi. Keyin bu ham inson, xavfli vaziyatlarda nima qilishni bilmadi, adashdi, deb inson shu obrazga hamdard bo‘lib qoladi. Bu tanishuvdan keyin do‘stlashuv paydo bo‘ladi, undan keyin hamdardlik yuzaga keladi. So‘ng inson o‘zi shunaqa voqea-hodisaga duchor bo‘lganida, hamdard bo‘lgan insonining xatti-harakatini takrorlash holati paydo bo‘lishi mumkin.

Tasavvur qiling: bir ilonni olib keling va kimgadir chaqtiring. Keyin mana bu ilon va undan qo‘rqish kerak, deng. Vaholanki, uning ichiga zahar kirib bo‘ldi, u yoki o‘ladi yoki tanasi shikastlanadi. Seriallarda ham shunaqa: siz zaharni yediryapsiz va keyin ko‘rdingmi, qanaqa og‘ir bo‘ladi, degan fikrni beryapsiz. O‘sha insonning fikrini shu g‘oya bilan to‘ldiryapsiz. Shunaqa holatlar bo‘lyapti, ogoh bo‘linglar, oxiri yaxshilik bilan tugamaydi, degan gapni aytganning foydasi yo‘q. Psixologiya yaxshilik yo‘lini ko‘rsatib, oxiri yaxshilik bilan tugashini ko‘rsatadi.

Ikki ayolning suhbatiga guvoh bo‘ldim. Ular farzandlari qiynalib yashashi kerakligi, bu ularning kelajagi uchun yaxshi bo‘lishini uqtirishadi. Savol tug‘iladi: nima uchun siz farzandingiz qiynalib, azoblanib, o‘qishi va ishlashi kerakligini xohlayapsiz? Tasavvur qiling: bola faqat yaxshilikni ko‘rib o‘sdi. U hayotida hech qachon yomonlikni qidirmaydi. Uning miyasiga kiritilgan dastur faqatgina yaxshilikni qidiradi va unga intiladi. Yomonlik unga yot tushuncha, shuning uchun undan uzoqroq yurishni ma’qul ko‘radi. Yomonlikni ko‘rsatib yaxshilikka undab bo‘lmaydi. Yaxshilikni ko‘rsatib, yaxshilik ichida nafas olish kerak», deydi psixolog.

«San’at arzonlashib ketyapti»

Muhabbat Abdullayeva, O‘zbek Davlat drama teatri aktrisasi:

«Menga alam qiladigani shuki, san’at judayam arzonlashib ketyapti. Masalan, seriallarni olaylik. Tomoshabin ulardan nimadir olishi kerakligi qiziqtirmayapti, qo‘l uchida tayyorlanyapti. Bir serialda rol o‘ynadim. Rejissyor o‘qimagan, ustoz ko‘rmagan bir yigitni olib kelib, qahramonimning o‘g‘li rolini berdi. Uni tanimayman, men ham chiqay, deb iltimos qilib kelgan.

U bitta serialda pul berib chiqyapti, keyin ham kinolarga pul berib chiqaveradimi? Mayli, agar ichi to‘lib-toshgan bo‘lsa, uni tushunish mumkin, lekin unday emas. Masalan, menda shunday qobiliyatli shogirdlarim bor, ammo ularni rejissyorlarga beradigan puli yo‘q.

O‘sha serialda rol o‘ynagan yigit bilan ishlashga, tabiiyki, qiynaldim. Ichidan nimadir chiqarmikin deb ijro davomida ko‘ksiga urib ham ko‘rdim. Afsuski, undan sado chiqmadi, o‘ynagan rolida umuman ifoda yo‘q. Shu joyini televideniyeda anonsga qo‘yishibdi ham. Har safar ko‘rganimda uyalaman. Afsuski, tomoshabinlarimiz nimani bersangiz shuni «hazm qilarkan». Serialchilar esa reyting olyapman, deb maqtanadi.

Masalan, viloyatlarda televizordan boshqa tanlov yo‘q. Bitta kanaldagi serialni tugatib, boshqasiga o‘tishadi. Kechirasiz-u, kutubxonaga borsangiz hamma kitoblarni o‘qimaysiz, tanlab o‘qiysiz yoki oddiygina ovqatni ham tanlab yeysiz. Serial tomoshasi ham shunday bo‘lishi kerak. Televideniyeda faqatgina o‘zbek milliy seriallari namoyishi to‘g‘ri qaror emas, deb o‘ylayman. Xorij seriallari o‘sha xalqning urf-odati, madaniyati haqida ma’lumot beradi. Tomoshabin dunyoqarashi kengroq bo‘lishiga hissa qo‘shish uchun ham seriallarda rang-baranglik bo‘lishi kerak, deb hisoblayman.

Biz bir qolipda qolib ketmasligimiz zarur. Xorij seriallari qanday shaklda olinyapti, mavzulari to‘g‘ri tanlanyaptimi, shularni tahlil qilish uchun ham xorij seriallari efiri saqlanib qolish kerak», deydi aktrisa.

Seriallardagi ayol obrazlari – xiyonatkor kelin, fohisha, baqiroq qaynona...

E’tibor berganmisiz, bugungi kun milliy seriallarida xotin-qizlar qanday rollarda namoyon bo‘lmoqda? Xiyonatkor kelin, nomusi toptalgan qiz, qamalgan ayol, shallaqi xotin obrazlari yaratilgan seriallar reytingi ancha baland. Bu kabi seriallarni ko‘rgach, tomoshabin ongida nimalar sodir bo‘ladi?

Gender masalalari bo‘yicha tadqiqotchi, huquqshunos Kamola Aliyeva bu haqda o‘z fikrlarini bildirdi:

«Agar olinayotgan seriallar inson huquqlariga daxl qilayotgan bo‘lsa, xususan, xotin-qizlar huquqlari, ularga qarshi zo‘ravonlikni targ‘ib qilayotgan yoki gender stereotiplari: ayollarni an’anaviy rollarda ko‘rsatish, ularning qadr-qimmatini kamsitishga, umuman, jins bo‘yicha bilvosita yoki bevosita kamsitishga targ‘ib qilayotgan bo‘lsa, bunday seriallarni efirga uzatish to‘g‘ri bo‘lmaydi.

Ilmiy ishim doirasida so‘rovnoma o‘tkazganimda: TV orqali efirga uzatilayotgan serial, film, ko‘rsatuv, reklamalarda gender tengsizlik, xotin-qizlarga qarshi zo‘ravonlik, unga toqat qilish yoki gender stereotiplarini targ‘ib qilish masalalari bormi, bunga fikringiz qanday, deb savol berganimda, qatnashgan 600 nafardan ortiq respondentdan 44 foizi «qo‘shilaman» javobini belgilashgan.

Videomahsulotlarda berilayotgan axborotni auditoriya 2 xil ko‘rinishda qabul qilishi mumkin. Birinchisi, shunaqa muammo bor ekan, bu bilan kurashish kerak, deb xulosa qiladi. Ikkinchi toifa odamlar ham borki, ular ayollar shunaqa yomon bo‘lib ketyapti, qizlarni qattiq ushlash kerak, xotinimni qattiqroq nazoratga olishim kerak, u xiyonat yo‘liga kirib ketishi mumkin yoki besabrlik qilib hayot qiyinchiligiga chidamay ketib qolishi mumkin ekan, degan fikr shakllanadi.

Undan tashqari, ayolning vazifasi faqat uyda o‘tirish, u shaxs sifatida rivojlanishga haqqi yo‘q, kabi g‘oyalar shakllanishiga olib kelishi mumkin. Fikrimcha, ushbu toifadagi seriallarni mass-media orqali uzatish mas’uliyatsizlikdir. «Daydi qizning daftari» asari asosida ishlangan va «Qora atirgul» seriallarining ayrim qismlarini ko‘rdim. Bularni ko‘rgan odamlarda turlicha fikrlar shakllanadi. «Daydi qizning daftari» seriali haqidagi ko‘rsatuvda badiiy rahbar serialda ko‘tarilayotgan mavzudan maqsad jamiyatdagi ushbu muammolarni ko‘rsatish va shu illatga yo‘liqmaslikka undash, degan fikrni aytdi.

Lekin buni ko‘rgan odam har xil qabul qilyapti. Kimdir fahsh yo‘lini muammo sifatida ko‘ryapti: bu yo‘lga ayollar o‘z-o‘zidan kirib qolmaganligi, sabablarga ko‘ra shu holatga kelganini tafakkur qilib, to‘g‘ri qabul qilayotgan insonlar bor, afsuski, ular juda kam. Ayrim toifa odamlar esa ayollar shunaqa yomon bo‘lib ketyapti, fahsh yo‘liga kirib ketyapti, degan fikrlarni shakllantirib, xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari ko‘payishiga, keyinchalik ayollarga nisbatan nafrat, ishonchsizlik mustahkamlanishiga hissa qo‘shyapti.

Ahad Qayumning aytishicha, «Sotilgan nomus», «Xiyonatkor kelin» filmlarini suratga olganidan keyin muxlislari rahmat aytib, endi bundan keyin ayolini yanada qattiqroq nazorat qilishini aytgan ekan. Bu haqiqiy fojia. Ahad Qayum shunaqa munosabatdan keyin qilayotgan ishim to‘g‘ri ekan, deb o‘ylayapti. Aslida, bu noto‘g‘ri. Bu bir oiladagi ayolning tazyiq, zo‘ravonlik ostida qolib ketishiga turtki bo‘lyapti.

«Daydi qizning daftari» asariga hech qanday e’tirozim yo‘q, ammo uning ekranlashtirilishiga qarshiman. Keng ommaga tarqatib, yosh boladan tortib, kattalargacha ongostida salbiy fikrlar uyg‘otadi. Tanlov masalasiga kelsak, har bir inson o‘z xohishiga qarab filmni ko‘rish-ko‘rmaslikni hal qiladi. Hozirgi kunda ko‘p holatlarda odamlar seriallar masalasida mustaqil fikrga ega emas, ergashib ketish holati ko‘p bizda, ya’ni ko‘r-ko‘rona, tahlil qilinmaydi.

Yuqoridagi seriallarda ko‘tarilgan ta’sirchan holatlar hayotda sodir bo‘lsa, hatto sudlarda ish yopiq holatda ko‘riladi, filmlarda esa ular ommaga keng ko‘rsatilmoqda. Chunki bu shaxsning qadr-qimmati, huquqlari bilan bog‘liq masala. Ahad Qayum bilan suhbatda bo‘lganimda, ushbu mavzularni jinoiy ishlardan asos qilib olayotganini aytdi. Bu real holatmi yoki yo‘q, bilmayman. Lekin buni keng ommaga taqdim qilish noto‘g‘ri. Hozirgi paytda, ayniqsa. Qachonki jamiyatda axborotga nisbatan kuchli immunitet shakllansa, bu mavzularni olib chiqish kerakdir. Lekin hozir axborotni saralash darajasi auditoriyada pastligini inobatga olib bu mavzularni olib chiqmagan ma’qul», deydi huquqshunos tadqiqotchi.

Seriallarni kim nazorat qiladi?

«O‘zbektelefilm» DUK badiiy kengashi Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 12 iyunda «Milliy serial kompleks ijodiy ishlab chiqarish dasturi to‘g‘risida»gi qaroriga asosan ish olib borishadi. Ushbu dasturga muvofiq, «O‘zbektelefilm» ichki nizom ishlab chiqqan. Unga ko‘ra milliy seriallar badiiy kengashda muhokama qilinadi. Eng qizig‘i shundaki, Vazirlar Mahkamasining ushbu qarori 2021 yil 22 fevralida o‘z kuchini yo‘qotgan. Bunga mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaratish sabab qilib ko‘rsatilgan va bu hujjat ahamiyatini yo‘qotgan. Ko‘rinib turibdiki, davlat telekanallari ichki nizom asosida ishlashadi. Xususiy telekanallarda esa ichki nizom tugul badiiy kengashning o‘zi yo‘q. Saviya ham shunga yarasha.

«Badiiy kengashlar faoliyati qonuniy tartibga solinishi kerak»

Muzaffar Erkinov. Rejissyor:

«Xususiy kanallarda namoyish etilayotgan seriallar meni judayam tashvishga soladi. Reyting oshyapti, deb axloqqa zid bo‘lgan barcha mavzularni olib chiqish shart emas. Bir serialni ko‘rib daxshatgan tushdim: o‘gay ota qizga tegajog‘liq qilyapti. O‘gay ota rolini o‘ynagan aktyorning o‘ziga ham bu rollarni o‘ynab nima qilasan, deb dakki berdim. Rol berishdi, o‘ynadim, shunday mavzularning reytingi baland-ku, deb javob berdi. U bu roli jamiyatda qanaqa salbiy oqibatlar olib kelishini tushunmayapti.

Xorijiy seriallarni cheklash, efirni faqat milliy seriallarga berish to‘g‘ri yechim emas. Har bir telekanal qoshida badiiy kengash tashkil qilinishi, xorijiy seriallarni ham kengash ko‘rib chiqishi kerak. Badiiy kengash ziyoli qatlam vakillaridan iborat bo‘lish kerak. Telekanallar qoshida badiiy kengashlar faoliyatini tartibga soluvchi huquqiy hujjat bo‘lishi kerak. Bu bo‘yicha huquqiy ishlab chiqilgani haqida eshitgandim, ammo uni qo‘llanilayotganini amalda ko‘rmadim», deydi rejissyor.

Muammoga yechim bormi?

Gender masalalari bo‘yicha tadqiqotchi, huquqshunos Kamola Aliyeva:

«OAV ma’lum mediamahsulotni efirga uzatayotganda ijtimoiy mas’uliyatni sezishi kerak. Ularning kuchi qanchalik ekanligini bilamiz va kuchdan to‘g‘ri foydalanishimiz zarur. O‘zbekistonda 2030 yilga qadar gender tenglikka erishish strategiyasi Mass-media mahsulotlari gender ekspertizadan o‘tkazilmayotganligi masalasi, xotin-qizlarni faqat an’anaviy rollarda namoyish qilish, umuman, zo‘ravonlikni targ‘ib qiluvchi film, seriallar, ko‘rsatuvlar efirga uzatilayotgani masalasi ko‘tarilgan va uning yechimi sifatida gender ekspertizasini o‘tkazish ko‘rsatilgan. Bunda OAV xodimlarini o‘qitish vazifasi ham qo‘yilgan.

Hozir telekanallar ishlab chiqarayotgan seriallar o‘rniga boshqa turdagilarini suratga olib, jamiyat muammolariga yechimlarni taklif qilsa bo‘ladi. Masalan, olima, sportchi ayollar, tarixiy personajlar, o‘z kasbida muvaffaqiyatga erishgan ayol sifatida ekranga olib chiqish mumkin. Xotin-qizlarni faqat salbiy obrazda emas, balki hayotda qiyinchilik ko‘rib, uni yenggan, o‘z ustida ishlab, ma’lum muvaffaqiyatga erishgan ayollar obrazi film, seriallarga olib chiqilsa yaxshi bo‘lardi.

Yana Ahad Qayum film, seriallari haqida gapirmoqchiman. U shunday degandi: «Bizni tanqid qiluvchilar ko‘p, lekin bizga maslahat beradigan, mana shu narsa noto‘g‘ri, deydigan mutaxassislar yo‘q». To‘g‘ri, haqiqatan mutaxassislar yo‘qdir. Mutaxassislarni o‘qitish kerak. Qo‘shimcha qilishicha, har bir telekanal qoshida badiiy kengashlar bor, aynan ular serialni ekspertizadan o‘tkazishadi. Ularning o‘zi bilan ishlash kerak, ularning o‘zini o‘qitish kerakdir, balki.  Badiiy kengashlar faoliyatini tartibga solish va OAV mahsulotlarini gender ekspertizadan o‘tkazishni senzura bilan bog‘lashyapti. Senzura bilan gender eskpertizaning farqi bor», deydi huquqshunos.

Psixolog, psixoterapevt Zebuniso Ahmedova:

«Inson o‘zini xavfdan asrashi uchun birinchi o‘rinda yomonlikka e’tiborini qaratadi, o‘zini xavfdan asrashni birinchi o‘ringa qo‘yadi, chunki xavfdan saqlansa, yashab qoladi, shuning uchun xavfli vaziyatni targ‘ib qiluvchi film, seriallar kuchliroq hissiyot beradi. Nima qilsak bo‘ladi? Avvalo, farzandlarimizning har bir yoshiga mos mass-media mahsulotlari bo‘lishi kerak.

Men o‘smirlar uchun ishlangan filmlarni ko‘rmayapman. Qaynona urishi, er xotiniga ko‘l ko‘tarishi kabi bir xil sahnalar, obrazlar. Masalan, tirik afsona, gimnastikachi Oksana Chusovitina obrazi nima uchun film qilinmaydi? U 8 marotaba Olimpiya o‘yinlarida qatnashishga o‘zida qanday kuch topdi, uning muvaffaqiyat yo‘li haqida film olinsa bo‘ladi-ku.

Bizda psixologiyani hisobga olgan holda film, seriallar ishlab chiqarishmaydi. Xorijda film ishlanayotganda psixologlar yordamidan foydalanishadi, har bir filmning psixologik xulosasi bo‘ladi. Film va serial ijodkorlariga aytadigan gapim shuki, reyting yoki «prosmotr»ga qarab xalqning talabi shu ekan, deb bo‘lmaydi. Film qanchalik ko‘p ko‘rilsa, odamning ko‘rmagan narsasiga qiziqishidan dalolatdir».

Loqayd bo‘lmaylik

Men serial ko‘rmayman, menga mavzuning aloqasi yo‘q, deydiganlar adashadi. Hech bo‘lmaganda yaqinlaringizdan biri televizor tomosha qiladi. O‘zbekistonda televizor yetib bormagan uyning o‘zi qolmadi hisob. Milliy seriallardagi yot targ‘ibotlar millionlab insonlarga aks ta’sir bermasidan oldin ko‘zimizni ochaylik.

Muhabbat Ma’mirova, Kun.uz muxbiri,
Tasvirchi va montaj ustasi – Muhammadjon G‘aniyev.

Mavzuga oid