O‘zbekiston | 10:24 / 11.10.2021
8962
3 daqiqa o‘qiladi

“16-gorbolnitsa”da shaxsiy avtomobillar “Tez yordam”da kelgan bolalar hayotiga xavf tug‘dirmoqda

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining bolalar bo‘limiga “Tez yordam”da kelgan bemorlar tirbandlikda qolishadi. Bu avtoturargoh yetishmasligidan emas, ayrim haydovchilarning loqaydligi bemor bolalarning hayotiga xavf soladi.

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi (RShTYoIM) – xalq tilida “16-kasalxona” deb yuritiluvchi tibbiyot muassasasi bir kunda yuzlab bemorlarni qabul qiladi.

Markazda Toshkent shahridagi “103” tez tibbiy yordam xizmati tomonidan yetkaziladigan barcha bemorlarga shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatiladi. Kuyish, jarohatlanish va boshqa turli baxsiz hodisalar oqibatida aziyat chekayotgan bemor bolalar ham shular jumlasidan.

Biroq markazning bolalar qabul bo‘limida shaxsiy avtomobillar uchun va “Tez yordam” uchun alohida kirish yo‘laklari va avtoturargohlar bo‘lishiga qaramay, shaharning tirbandliklaridan o‘tib kelgan “Tez yordam” bu yerda ham joy muammosiga duch keladi. Yo‘lak va turargoh tashrif buyuruvchilarning shaxsiy avtomobillari bilan to‘lib qoladi.

Ayrim haydovchilarning o‘zgalar hayotiga befarqligi sabab “Tez yordam” haydovchilari bemorni shifoxonaning qabul bo‘limiga yetkazishi qiyinlashadi. Chunki “Tez yordam” uchun ajratilgan turargoh shaxsiy avtomobillar bilan to‘la. Shu sababdan qanchadan qancha bemor bolalar hayoti xavf ostida qoladi.

“Avtomobillar pala-partish qo‘yilgani uchun kirib-chiqish noqulay. Ayniqsa, og‘ir kasal bilan kelganimizda qabul bo‘limining eshigiga borib bo‘lmaydi. Bemorni bo‘limga yetkazishimiz uchun shu yerning o‘zida 3-4 daqiqa ketadi. Lekin og‘ir ahvoldagi bemor uchun 1 daqiqaning ham ahamiyati katta. Jonlantirish bo‘limiga kirishi bilan joni uzilgan bemorlar ham bo‘lgan. Shaxsiy avtomobillar alohida o‘z o‘rniga qo‘yilsa yaxshi bo‘lardi”, – deydi haydovchilardan biri.

“Kiraverishda ham, undan o‘tganda ham avtoturargoh bor. Lekin aynan “Tez yordam” uchun mo‘ljallangan joyga mashinalarini qo‘yishadi. “Tez yordam” avtomobili kirishi, kirgandan keyin aylanib chiqib ketishi muammoga aylangan”, – deydi yana bir haydovchi.

Гулмира Тошниёзова
Tayyorlagan Гулмира Тошниёзова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid