Sport | 12:30 / 11.10.2021
17711
6 daqiqa o‘qiladi

Fransiya boshqaruvga qaytdi. Benzema dahosi va VAR jahon chempionlariga Millatlar ligasida g‘alaba keltirdi

Finalda Ispaniya mag‘lub etildi - 2:1.

Millatlar ligasi A
Final
Ispaniya — Fransiya — 1:2 
(0:0)
Gollar: Oyyarsabal, 64 (1:0). Benzema, 66 (1:1). Mbappe, 80 (1:2).
Ispaniya: Simon, Aspilikueta, Alonso, Lyaport, Garsiya, Buskets, Sarabiya (Pino, 61), R.Ernandes (Merino, 84), Torres (Pablo Fornals, 84), Gavi (Koke, 75), Oyyarsabal.
Fransiya: Loris, Varan (Upamekano, 43), Kimpembe, Pavar (Dyubua, 79), Kunde, T.Ernandes, Pogba, Tshuameni, Benzema, Grizmann (Veretu, 90+2), Mbappe.
Ogohlantirishlar: Pogba, 46. Kunde, 55. Lyaport, 86. Mbappe, 90.
Hakam: Teylor (Angliya).
10 oktabr. Milan. «Juzeppe Meatssa» stadioni.

Ispaniya va Fransiya Millatlar Ligasida yarimfinalni kuchli o‘tkazishdi va munosib ravishda finalga chiqishdi. Luis Enrikening yoshlari Yevropa chempionlari bo‘lmish italiyaliklardan Yevro-2020 finalidagi mag‘lubiyat uchun qasos olishdi (2:1), Dide Desham jamoasi esa Belgiyaga qarshi o‘yinda birinchi bo‘limdagi kuchsiz o‘yindan keyin qahramonlik ko‘rsatishdi (tanaffusgacha 0:2, yakuniy hisob 3:2).

«Fransiyada ajoyib tarkib. Men hozircha boshlang‘ich tarkibni belgilay olmadim, ammo Ferran Torres o‘yinda ishtirok etishi so‘roq ostida. Fransiya termasidagi hujumkor futbolchilar juda kuchli va har qanday o‘yinda burilish yasay olishi mumkin, ammo biz o‘z yo‘nalishimizni o‘zgartirmoqchi emasmiz», — degandi Luis Enrike finaldan oldin raqib haqida.

Amalda esa Torres ham, jamoaning 17 yoshli yarimhimoyachisi Gavi ham ilk daqiqalardan maydonga chiqdi. Faqat hujum uchligining joylashuvi biroz kutilmagan bo‘ldi: Pablo Sarabiya, Mikel Oyarsabal va Torres yana birga o‘ynashdi, ammo ularning har biri hujum chizig‘idagi o‘z odatiy joyini o‘zgartirgandi. Ferran o‘ngda, Oyarsabal markazda, Sarabiya chapda harakatlandi.

«Ispaniyadan to‘pni olib qo‘yish imkonsiz. To‘pga egalik qilish ularning qoniga singib ketgan. Siz pressing qilishingiz mumkin, ammo ular kuchli bosim ostida ham aniq uzatmalar bera olishadi. Qayd etish kerakki, Italiyaga qarshi o‘yinda to‘p yo‘qotilgan vaqtda ularning o‘zi ham yaxshi pressing qo‘llashdi», — deya qayd etdi Desham ispanlarning ustunliklari haqida.

Fransuzlarda maydon markazida Pol Pogbaning yonidan «Monako» yarimhimoyachisi Orelen Tshuameni o‘rin egalladi.

O‘yin kutilgan ssenariy bo‘yicha boshlandi: ispanlar to‘pga egalik qilishdi, fransuzlar xavfli hujumlar uyushtirdi. Bo‘lim o‘rtalariga borib «qizil furiya» to‘pni o‘z darvozasidan uzoqlashtirdi, ammo ularning o‘yinni nazorat qilishi steril bo‘lib qolaverdi: Fransiya darvozasiga hech qanday tahdid solinmadi. Birinchi bo‘lim faqat Rafael Varanning jarohati bilan yodda qoldi. 43-daqiqada uning o‘rniga Dayot Upamekano o‘yinga qo‘shildi. Harri Maguayr ham jarohatlangani hisobga olinsa, endi «Manchester Yunayted» himoyasi qiyin holatga tushib qoldi.

Muxlislar ilk golli vaziyatni 64-daqiqagacha kutishdi. Fransuzlarning xavfli qarshi hujumi Teo Ernandesning darvoza to‘sinini nishonga olishi bilan yakunlandi, javob hujumida esa Ispaniya hisobni ochdi. To‘p ispanlar darvozasi to‘sinidan qaytishidan bir necha soniya o‘tib Serxio Buskets Oyarsabalni oldinga tashladi. «Real Sosedad» hujumchisi Upamekanoni oson ortda qoldirdi va to‘pni darvozaning pastki o‘ng burchagiga joyladi.

Fransiya esa o‘z hujumkorligini davom ettirdi. Birinchi goldan ikki daqiqa o‘tib Karim Benzema aylantirib yo‘llagan zarbasi bilan Unai Simonni ilojsiz qoldirgan holda to‘pni darvozaning yuqori uzoq burchagiga yo‘naltirdi.

Urilgan gollar ikki tomonni ham ochilishga majbur etdi, ayniqsa Fransiyaning tezkor hujumchilari yana gol urish uchun harakat qilishdi. Kilian Mbappe va Benzema ispan himoyachilarini nafas rostlashga qo‘yishmadi. Bu o‘z samarasini berdi.

80-daqiqada Ernandes Mbappeni Simon bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqarib yubordi. Fransuz raqib darvozabonini osonlik bilan aldab o‘tib g‘alaba golini urdi. Lekin golning hakamlar brigadasi tomonidan hisobga olinishini ko‘plar noto‘g‘ri qaror deb hisoblashdi. Hujumchi to‘p uzatilgan vaziyatda ofsaydda edi, ammo to‘p unga borguncha Erik Garsiyaga tekkandi.

Videoassistentlar Styuart Attuell va Kris Kavana vaziyatni tekshirishdi va himoyachi uzatmani to‘xtatib qolish uchun chap oyog‘ini to‘p yo‘nalishiga qo‘yganini aniqlashdi - u aynan to‘pga o‘ynagan va bu rikoshet emasdi. Shu tufayli bosh hakam Entoni Teylor VAR brigadasi xabaridan keyin gol qoidalarga bo‘yicha to‘g‘ri urilgan deb topdi.

O‘yinning so‘nggi daqiqalari shiddatli kechdi. Fransuzlar darvozaboni Ugo Loris o‘z mahoratini ko‘rsatdi va bir necha murakkab vaziyatlarda to‘pni qaytardi. 2018 yilgi jahon chempionlari xarakter ko‘rsatishdi va Millatlar ligasining «To‘rtlar finali»da ikkita irodali g‘alabaga erishishdi.

Endi jamoa Yevro-2020dagi muvaffaqiyatsizlikni yuvdi deb hisoblash mumkin - uch yil ichida ikkita sovrin qo‘lga kiritildi.

Mavzuga oid