Sport | 15:18 / 15.10.2021
16538
3 daqiqa o‘qiladi

«Odil Junior» O‘zbekiston U-14 chempionati g‘olibi bo‘ldi

Odil Ahmedov asos solgan «Odil Junior» jamoasi chempionlikni qo‘lga kiritdi. Finalda chempionga yutqazgan Xorazm U-14 kumush medallar bilan taqdirlandi, Paxtakor U-14 uchinchi o‘rin uchun kechgan bahsda Navbahor U-14 jamoasini mag‘lub etdi.

Foto: PFL

Toshkentda 4-14 oktabr kunlari U-14 chempionati bo‘lib o‘tdi. Unda Superliga va Pro-Liga qoshidagi futbol akademiya va maktablari tarbiyalanuvchilari ishtirok etdi.

19ta jamoa («Aral» musobaqaga kelmagan) 5ta guruhga bo‘lingan holda musobaqani boshladi. Guruhlarda birinchi o‘rinni egallagan 5 jamoa va eng yaxshi ikkinchi o‘rin vakillaridan 3tasi keyingi bosqichga o‘tishdi - «Nasaf», «Andijon», «Odil Junior», «Paxtakor», «Xorazm», «Qizilqum», «Nurafshon» va «Navbahor».

Chorakfinalda «Xorazm» «Andijon»ni (1:0), «Paxtakor» «Nasaf»ni (4:1), «Navbahor» «Qizilqum»ni (1:0), «Odil Junior» «Nurafshon»ni (3:0) mag‘lub etib, yarimfinalga o‘tishdi.

Yarimfinalda «Xorazm» «Paxtakor»ni penaltilar seriyasida mag‘lubiyatga uchratgan bo‘lsa (4:2), «Odil Junior» «Navbahor» darvozasiga javobsiz 3ta gol yo‘lladi.

3-o‘rin uchun kechgan bahsda «Paxtakor» «Navbahor»ga qarshi o‘ynab, 2:0 hisobida g‘alaba qozondi. Final uchrashuvida «Odil Junior» jamoasi «Xorazm»ga hech qanday imkoniyat qoldirmadi - 6:0.

Shu tariqa, 2017 yilda Odil Ahmedov tomonidan tashkil etilgan futbol maktabining yana bir sobiq futbolchi Zayniddin Tojiyev bosh murabbiyligidagi jamoasi chempionlikni nishonladi.

«Odil Junior» hujumchisi Akmal Ahmatov 8 gol bilan chempionat to‘purari sifatida taqdirlandi. «Paxtakor» sardori Farrux Agayev chempionatning eng yaxshi futbolchisi deb topildi, musobaqaning eng yaxshi darvozaboni va eng yaxshi murabbiyi uchun sovrinlar «Xorazm» vakillari Akbar Masharipov hamda Abror Qilichevga topshirildi.

Akmal Ahmatov
Farrux Agayev
Akbar Masharipov
Abror Qilichev

11 noyabr kuni O‘zPFL O‘zbekiston U-16 chempionatiga start oladi. 18 oktabr kuni musobaqaga qur'a tashlash marosimi bo‘lib o‘tadi. 

Mavzuga oid