O‘zbekiston | 19:30 / 20.10.2021
23367
3 daqiqa o‘qiladi

Ismatulla Ergashev «Tolibon» hukumatini tan olish shartlarini eslatdi

Ismatulla Ergashev Zamir Kabulov bilan Foto: Vladislav Shatilo / RBK

Rasmiy Toshkent hozircha Afg‘onistonning «Tolibon» harakati tomonidan tuzilgan yangi muvaqqat hukumatini tan olish uchun imkoniyat ko‘rmayapti. Bu haqda chorshanba kuni O‘zbekiston prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Ergashev Moskvadagi xalqaro anjumanda aytib o‘tdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu masalada xalqaro hamjamiyatning «afg‘on siyosiy maydonida muhim rol o‘ynovchi» asosiy ishtirokchilari bilan muvofiqlashtirilgan holda qaror qilinadi.

«Men biror mamlakat o‘zining yaqin hamkorlari bilan kelishmagan holda shunday qaror qabul qiladi deb o‘ylamayman. Xususan, hozircha men yangi hukumatni tan olish imkoniyatini ko‘rmayapman. Men o‘ylaymanki, bu xalqaro hamjamiyatning asosiy ishtirokchilari bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi», degan u Afg‘oniston masalasida Moskvada o‘tkazilayotgan maslahatlashuvlar vaqtida Sputnik uchun bergan intervyusida.

O‘zbekiston prezidentining maxsus vakili toliblarning hukumatini tan olish shartlari oldindan belgilab qo‘yilganini eslatib o‘tgan.

«Tolibon» Doha kelishuvida o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarini bajarishi, afg‘on jamiyatining barcha siyosiy kuchlari vakillari ishtirokida hukumat tuzilishi, inson huquqlari va ayollarning fundamental huquqlari ta'minlanishi, mamlakat hududidan boshqa davlatlarga tahdid va terrorchilik maqsadlarda foydalanilmasligi kerak», degan u.

Shuningdek, maxsus vakil «Moskva formati»dagi anjuman qatnashchilarining asosan sovuq kunlar va gumanitar inqiroz sharoitida afg‘on xalqiga yordam berish masalasi xavotirga solayotganini qo‘shimcha qildi.

Foto: Vladislav Shatilo / RBK 

Bugun Moskvada 10ta davlat vakillari, xususan, O‘zbekiston ishtirokida Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro anjuman bo‘lib o‘tmoqda. Toliblar delegatsiyasiga muvaqqat hukumat rahbari o‘rinbosari Mavlaviy Abdul Salom Hanafiy boshchilik qilmoqda. Shuningdek, delegatsiya tarkibiga tashqi ishlar vaziri Mavlaviy Amir Xon Muttaqiy va boshqa qator vazirlar kiritilgan.

AQSh vakillari ushbu anjumanga tashrif buyurmadi.

Mavzuga oid