O‘zbekiston | 19:23 / 20.10.2021
11392
2 daqiqa o‘qiladi

Sergelida tirbandlikni kamaytirishi kutilayotgan yo‘lning birinchi qismi ochildi

Toshkentda, Cho‘ponota ko‘chasidan Qipchoq ko‘chasigacha 6 km masofada avtomobil yo‘li qurilmoqda. Bu orqali Sergelini shahar markazi bilan bog‘lovchi asosiy yo‘l – Yangi Sergeli ko‘chasidagi tirbandliklarni kamaytirish maqsad qilingan.

19 oktyabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyevning tashrifi bilan Toshkent shahri Yakkasaroy va Sergeli tumanlarini bog‘lovchi yo‘lning bir qismi ochildi. Yo‘l loyihasi ikki bosqichda amalga oshirilmoqda.

Ayni vaqtda Cho‘ponota ko‘chasidan Toshkent halqa yo‘ligacha qariyb 2 kilometrlik trassa qurib bitkazilib, foydalanishga topshirildi. Yo‘lning Kichik halqa yo‘li ustidan o‘tgan qismida 788 metrlik ko‘prik va Toshkent halqa yo‘liga tutashgan joyida ikkita 207 metrlik yo‘l o‘tkazgichlar qurilgan.

6 qatorli mazkur yo‘l Sergeli tumanidagi Qipchoq ko‘chasigacha davom etadi va soatiga 12 mingtagacha avtotransportni o‘tkazish quvvatiga ega bo‘ladi. Natijada Sergelidan shahar markaziga yetib borish vaqti ikki baravargacha qisqaradi, Yangi Sergeli ko‘chasidagi tirbandliklar kamayadi.

Ayni paytda loyihaning ikkinchi bosqichi – Toshkent halqa yo‘lidan Qipchoq ko‘chasigacha bo‘lgan 4 kilometrdan ziyod yo‘l qurilishi davom etmoqda.

Rasmiylarga ko‘ra, Toshkent shahar ko‘chalarida bir kunda 700-800 mingdan ziyod transport harakatlanadi.

Mavzuga oid