Jamiyat | 16:29 / 21.10.2021
8177
3 daqiqa o‘qiladi

«2500 nafari oila qurmagan, 43 nafari qamalgan» – Rustam Jo‘rayev sobiq tarbiyalanuvchilarning internatdan keyingi muammolari haqida

Senat yalpi majlisida Milliy gvardiya qo‘mondoni Rustam Jo‘rayev talabgorlar farzandlikka oluvchilar ro‘yxatida yillab navbatda turishlari, amaldagi tartib qiyinligi odamlarni noqonuniy yo‘llar bilan bola sotib olishga majbur qilayotganini ta'kidladi.

«Muassasadan chiqib ketgan sobiq tarbiyachilar jamiyatga moslashish davrida turli qiyinchiliklarga duch kelishi, ijtimoiy adaptatsiya jarayoni og‘ir kechishi, ishsizlik, mukammal oila qura olmaslik, huquqbuzarliklarga qo‘l urish holatlari uchramoqda.

So‘nggi 11 yil davomida mehribonlik uylarini tugatgan, 19 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan sobiq tarbiyalanuvchilarning internatdan keyingi hayoti o‘rganib chiqilganda, ularning umumiy soni 3637 nafar ekani aniqlandi. Shundan ikki yarim mingdan ortig‘i oila qurmagan, 1473 nafari ishsiz, 347 nafari turli sabablarga ko‘ra chet elga chiqib ketgan, 22 nafari vafot etgan, 43 nafari jinoiy javobgarlikka tortilgan», deya Rustam Jo‘rayevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Milliy gvardiya qo‘mondoni mehribonlik muassasalarini qurish, ta'mirlash, moddiy-texnika bazasini yaxshilashga davlat budjetidan juda katta mablag‘ sarflanayotgani, rivojlangan davlatlar amaliyotida internat tipidagi muassasalar faoliyati ancha yillar oldin butunlay tugatilganini ta'kidladi.

Jo‘rayevga ko‘ra, O‘zbekistonda davlat va mas'ul tashkilotlar tomonidan yetim bolalarni oilaviy bolalar uylariga joylashtirish hamda juda qisqa muddatlarda ularga yangi oila topish choralari ko‘rilmoqda.

«Bu tizim orqali bitiruvchilar keyingi shaxsiy, oilaviy hayotida va mehnat faoliyatida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan turli muammolar borasida tutingan ota-onalardan yaqindan yordam so‘rash, maslahatlar olish bilan birga, o‘rtalaridagi oilaviy munosabatlarni umrining oxirigacha saqlab qolish imkoniyatiga ega bo‘ladi», deya ishonch bildirmoqda Rustam Jo‘rayev.

  • Avvalroq xalq ta'limi vaziri o‘rinbosari Dilshod Kenjayev 2015–2019 yillarda O‘zbekistondagi mehribonlik uylari va bolalar shaharchalarida jami 1112 nafar bitiruvchi o‘qishni tamomlagani, shundan 43 foizi ish bilan ta'minlangani, 8 foizi OTMga o‘qishga kirgani, 5 foizi ishlash uchun xorijga ketganini ma'lum qilgandi.
  • 2020 yil 25 fevral kuni Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi majlisida mehribonlik uylari bitiruvchilarida shaxsiy turar joyning yo‘qligi, ishga kirishda ko‘plab qiyinchiliklar yuzaga kelayotgani ijtimoiy moslashuvda eng asosiy muammosi ekani ta'kidlangandi.

Mavzuga oid