O‘zbekiston | 19:16 / 06.06.2023
33019
2 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryoda 13 yoshli qizni zo‘rlagan oilaviy bolalar uyi rahbari 12 yilga qamaldi

52 yoshli erkak o‘zi tashkil etgan oilaviy bolalar uyida tarbiyalash uchun mehribonlik uyidan olgan 13 yoshli qizni zo‘rlaganlikda aybdor deb topilgan.

Bugun, 2023 yil 6 iyun kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Chiroqchi tuman sudida Chiroqchi tumanidagi 1-sonli oilaviy bolalar uyi rahbari bo‘lib ishlagan 1971 yilda tug‘ilgan shaxsga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni tugab, sud hukmi e’lon qilingan. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov xabar bermoqda.

Yopiq sud majlisida e’lon qilingan sud hukmiga ko‘ra, 52 yoshli erkak Jinoyat kodeksining 118-moddasi (nomusga tegish) 3-qismi “a” bandi va eski tahrirdagi (2023 yil 11 aprelga qadar amalda bo‘lgan) 129-moddasi (o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish) 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topilgan.

Unga 12 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilangan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil aprel oyida ijtimoiy tarmoqlarda Chiroqchi tumanida 52 yoshli shaxs o‘zi mehribonlik uyidan tarbiyalash uchun 8 nafar bolani olgani va ular orasida bo‘lgan 13 qizni zo‘rlab homilador qilib qo‘ygani haqida xabarlar tarqaldi.

Oliy sud matbuot xizmati holat yuzasidan munosabat bildirib, qizni zo‘rlagan shaxsga Jinoyat kodeksining 129-moddasi 2-qismi va 118-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini, gumondor hibsga olinganini ma’lum qilgandi.

Ma’lumot uchun, Jinoyat kodeksining 73 va 74-moddalari talablariga muvofiq 18 yoshga to‘lmagan shaxsning nomusiga tekkanlik hamda 16 yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilganlik uchun hukm qilingan shaxslarga nisbatan jazodan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilish va jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish qo‘llanmaydi.

 

Ғайрат Йўлдошев
Tayyorlagan Ғайрат Йўлдошев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid