O‘zbekiston | 20:37 / 21.10.2021
14913
2 daqiqa o‘qiladi

Davlat xizmatchilarining eng kam yillik mehnat ta'tili 27 kunga uzaytirilishi mumkin

Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi loyihasida yillik mehnat ta'tili bo‘yicha muddatlarni uzaytirish nazarda tutilmoqda.

Foto: Shutterstock

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan uch o‘qishda qabul qilinib, ayni damda Senatga jo‘natilgan kodeks matnida yillik mehnat ta'tili bo‘yicha bir qator yangiliklar mavjud.

Xususan, yangi kodeksda xodimlarga yillik asosiy mehnat ta'tilining eng kam muddati sifatida 21 kalendar kun ko‘rsatilgan. Amaldagi kodeksda esa bu muddat kamida 15 ish kunini tashkil etadi.

Shuningdek, yangi kodeksda davlat xizmatchilariga beriladigan yillik asosiy uzaytirilgan mehnat ta'tilining aniq muddati belgilab qo‘yilmoqda. Ya'ni davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari xizmatchilariga davomiyligi 27 kalendar kun bo‘lgan har yilgi asosiy uzaytirilgan ta'til berilishi mumkin. Amaldagi tartibga ko‘ra, 15 ish kunidan iborat ta'til davlat xizmatchilariga ham tatbiq qilib kelingan va bu muddat jamoa shartnomasiga ko‘ra beriladigan qo‘shimcha ta'til hisobiga uzaytirilishi mumkin bo‘lgan. Kodeks ushbu ko‘rinishda qabul qilinsa, davlat xizmatchilari uchun kamida 27 kunlik mehnat ta'tili kafolatlanadi.

Loyihaga ko‘ra, davlat xizmatchilarining ayrim toifalari uchun qonunlarda belgilangan yillik mehnat ta'tilining 27 kundan ham uzoqroq muddatlari o‘z kuchida qoldiriladi va 27 kunlik muddat ushbu uzaytirilgan ta'tillarga tatbiq etilmaydi.

Mavzuga oid