Jahon | 18:36 / 24.10.2021
8079
2 daqiqa o‘qiladi

Kolumbiyadagi eng yirik jinoiy guruh yetakchisi qo‘lga olindi

Kolumbiya huquq-tartibot idoralari mamlakatning eng yirik jinoyatchilaridan biri, og‘ufurush Diro Antonio Usugani qo‘lga oldi. “Otoniel” laqabli jinoyatchi mamlakatdagi eng yirik jinoiy guruh “Ko‘rfaz klani”ga yetakchilik qilgan.

Foto: EPA/Vostock-photo

Usuganing qo‘lga olinganini mamlakat prezidenti Ivan Duke Markes o‘z telemurojaatida ma'lum qilgan. U jinoyatchining ushlanishini 1990-yillarda kolumbiyalik yirik og‘ufurush Pablo Eskobarning qo‘lga olinishiga o‘xshatgan.

Narkobaronni ushlash bo‘yicha maxsus amaliyotni harbiylar, politsiya va harbiy-havo kuchlari birgalikda amalga oshirgan. Avvalroq uni hibsga olishga barcha urinishlar muvaffaqiyatsiz kechgan. Kolumbiya hukumati “Otoniel”ni qo‘lga olishga yordam beradigan axborot uchun 3 mlrd peso (800 ming dollar), AQSh esa 5 mln dollar taklif qilgan.

50 yoshli Usuga o‘z akasi, “Ko‘rfaz klani”ning sobiq yetakchisi politsiya amaliyoti vaqtida o‘ldirilgandan keyin uning o‘rnini egallagan. Ushbu jinoiy guruh Kolumbiyada eng kuchlisi hisoblanib, AQSh uni “yaxshi qurollangan va o‘ta shafqatsiz” tashkilot deb ta'riflaydi.

Guruh giyohvandfurushlik, odam savdosi, noqonuniy oltin qazib olish va tovlamachiliklar bilan shug‘ullanadi. Uning tarkibiga 1800 ga yaqin jangari kiradi.

Ta'kidlanishicha, jinoiy to‘da Kolumbiyadan boshqa davlatlarga, jumladan AQSh va Rossiyaga giyohvand moddalar yetkazilishi kanallarini nazorat qiladi. Usuga Vashington tomonidan ham qidiruvga berilgandi, u AQShga ekstraditsiya qilinishi ham mumkin.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid