Jahon | 17:16 / 25.10.2021
6809
2 daqiqa o‘qiladi

Afg‘oniston aholisining yarmidan ko‘pi ocharchilik yoqasidaligi aytildi

Mamlakatda ocharchilik yoqasida turgan aholi soni shu yilning aprelidagiga nisbatan 37 foizga oshgan.  

Foto: RIA Novosti

Afg‘oniston aholisining yarmidan ko‘pi (39 mln kishidan 22,8 mln nafari) noyabrdan martga qadar “inqirozli” yoki “favqulodda” oziq-ovqat yetishmovchiligiga duch keladi. BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) va Jahon oziq-ovqat dasturi ekspertlari ana shunday xulosaga keldi.

Qurg‘oqchilik, qurolli nizo, COVID-19 pandemiyasi va iqtisodiy inqiroz afg‘onistonliklar hayotiga salbiy ta'sir ko‘rsatgan.

Hisobot mualliflarining ta'kidlashicha, Afg‘onistonda ocharchilik yoqasida turgan aholi soni shu yilning aprelidagiga nisbatan 37 foizga oshgan.

Yil oxirigacha to‘yib ovqatlanmaslikdan 3,2 mln nafar besh yoshdan kichik bolalar aziyat chekishi mumkin, agar zudlik bilan zarur yordam ko‘rsatilmasa, ularning 1 mln nafarga yaqini vafot etishi mumkin.

“Biz va'dalar bilan odamlarning qornini to‘ydira olmaymiz: va'dalar haqiqiy pulga aylanishi kerak va xalqaro hamjamiyat bu inqirozni birgalikda hal etishi lozim”, – dedi Jahon oziq-ovqat dasturi ijrochi direktori Devid Bizli.

Afg‘oniston aholisiga yordam berish uchun oyiga 220 mln dollarga yaqin mablag‘ talab qilinadi. Qayd etilishicha, Jahon oziq-ovqat dasturi 2021 yil boshidan buyon 10,3 mln nafarga yaqin afg‘onistonliklarga yordam ko‘rsatgan.

Mavzuga oid