Jahon | 22:11 / 25.10.2021
20700
8 daqiqa o‘qiladi

Sudanda yana davlat to‘ntarishi. Asosiy ma'lumotlar

Mamlakatda internet o‘chirib qo‘yilgan, televizorda vatanparvarlik ruhidagi musiqalar yangramoqda, bosh vazir hibsga olingan.

Reuters / Scanpix / LETA

Sudan harbiylari o‘tish davri fuqarolik hukumati a'zolarini, shu jumladan bosh vazirni qamoqqa olishdi va mamlakatda favqulodda holat rejimini e'lon qilishdi. Sudan Suveren kengashi rahbari, general Abdul Fattoh al-Burhon televideniye orqali qilgan murojaatida turli siyosatchilar qarama-qarshiligi hamda zo‘ravonlikka chaqiriqlar tufayli shunday yo‘l tutishga majbur bo‘lganini ma'lum qildi.

Mamlakat poytaxti Xartum shahri ko‘chalariga namoyishchilar chiqishgan, otishmalar boshlangan.

BBC ning Arab xizmati korrespondenti Muhammad Usmon Xartumdan xabar qilishicha, ko‘p sonli namoyishchilar fuqarolik hukumatini qaytarishni talab qilishmoqda, namoyishlar boshqa shaharlarga, jumladan Atbar, Vad-Medani va Port-Sudanga yoyilgan.

Siyosiy partiyalar va kasaba-uyushmalari ham odamlarni namoyishlarga chorlagan, muxbirning xabar qilishicha, namoyishlar ko‘lami kengayishi kutilmoqda.

Reuters

«Fuqarolik hukumati qaytib, hokimiyatni topshirish boshlanmaguncha biz ko‘chalardan ketmaymiz», degan namoyishga chiqqanlardan biri Savsan Bashir «Frans-press» muxbiriga.

«Biz Sudandagi demokratik o‘zgarishlar uchun hayotimizni berishga tayyormiz», degan boshqa bir namoyishchi Haytam Muhammad.

Harbiylarning va'dalari
Al-Burhon Sudan xalqaro shartnomalarga sodiq qolishi va ma'lum vaqtdan keyin mamlakat fuqarolik boshqaruviga qaytishi mumkinligini va'da qilgan - bu 2023 yil iyuliga belgilangan saylovlardan keyin ro‘y berishi mumkin.

«Biz hokimiyatni saylangan fuqarolik hukumatiga topshirganimizda, qurolli kuchlar demokratiyaga o‘tish jarayoni yakunlanishiga to‘sqinlik qilmasligini kafolatlaymiz. Hozirda mamlakatda sodir bo‘layotgan voqealar yoshlarning orzu-umidlariga, qiyofasi allaqachon shakllana boshlagan millat qurilishi bo‘yicha umidlarga jiddiy xavf solmoqda», degan genaral.

Dushanba kuni tongida harbiylar bosh vazir Abdulla Hamduk va vazirlar kabinetining aksar a'zolarini hibsga olishdi. Avvalroq Al Hadath telekanali o‘z manbasiga asoslangan holda Hamduk uy qamog‘iga olingani haqida xabar bergandi. Xabar qilinishicha, u harbiylarning harakatini qo‘llab-quvvatlab bayonot berishdan bosh tortgan. Kanal ma'lumotiga ko‘ra, armiya nafaqat vazirlarni, balki hukumat kengashi a'zolaridan birini, bir necha shtatlar gubernatorlarini va siyosiy partiyalar rahbarlarini ham qamoqqa olgan.

GETTY IMAGES

Ayni vaqtda Hamduk tarafdorlari qo‘lida qolayotgan Sudan axborot vazirligi ro‘y bergan hodisani harbiy davlat to‘ntarishi deb atadi va fuqarolardan qarshilik ko‘rsatish so‘raldi. Al Arabiya telekanali xabariga ko‘ra, uy qamog‘idagi bosh vazirning o‘zi ham odamlar inqilobni tinch yo‘l bilan himoya qilish uchun ko‘chalarga chiqishi kerakligini aytgan. Sudandagi asosiy demokratik guruhlar harbiy to‘ntarishga qarshilik ko‘rsatishga chaqirmoqda.

«Biz oxiriga qadar demokratiyani himoya qilamiz. Burhon bizni alday olmaydi. Bu harbiy davlat to‘ntarishi», degan Reuters muxbiriga namoyishchilardan biri, 21 yoshli Ahmad.

Axborot vazirligi ma'lumotiga ko‘ra, hokimiyat kuch bilan egallab olinishiga qarshi namoyishlarga o‘n minglab kishilar chiqqan. Sudan poytaxti Xartum markazida armiya rahbariyati qarorgoh qilgan bino atrofida otishma ovozlari eshitilgan. Shifokorlar ma'lumotlariga ko‘ra, to‘qnashuvlar vaqtida kamida 12 kishi yaralangan, boshqa tafsilotlar hozircha ma'lum emas.

Xartumga qurolli kuchlar va harbiylashgan bo‘linmalar kiritilgan, guvohlarning xabarlariga ko‘ra, ular fuqarolarning shahar ko‘chalari bo‘ylab harakatini cheklamoqda, bu vaqtda milliy bayroqlarni ko‘targan namoyishchilar shaharning turli qismlarida shinalarni yoqib barrikadalar o‘rnatishgan.

Guvohlarning xabariga ko‘ra, Xartumda internet ishlamay qolgan, shu tufayli Sudanda nimalar bo‘layotgani to‘g‘risida xabarlarni olish qiyinlashmoqda. Xabarlarga ko‘ra, harbiylar Omdurman shahridagi asosiy teleradiomarkazni qamal qilib egallashgan, qator xodimlar hibs qilingan.

Al Arabiya telekanali xabar qilishicha, poytaxt aeroporti yopilgan, unga olib boruvchi yo‘llar harbiylar tomonidan to‘sib qo‘yilgan, xalqaro reyslar to‘xtatilgan.

Demokratik kuchlarni qo‘llab ko‘chalarga chiqqan aholi / AFP

AQSh Sudandagi harbiy davlat to‘ntarishi to‘g‘risidagi xabarlardan tashvishda ekanini ma'lum qilgan. AQShning Afrika Shoxi mintaqasidagi maxsus vakili Jyeffri Feltman tvitterdagi sahifasida hokimiyat harbiy yo‘l bilan egallab olinganiga toqat qilib bo‘lmasligini aytib, bu harakat AQShning Sudanga insonparvarlik yordamlari yetkazib berishi jarayoniga xavf solishini ma'lum qilgan. Oq uy matbuot kotibi o‘rinbosari Karin Jan-Per AQSh Sudan harbiylarini hibsga olingan yuqori martabali amaldorlarni ozodlikka chiqarishga chaqirishini ta'kidladi.

Xartum ko‘chalarida, 25 oktabr

Arab davlatlari ligasi ham Sudandagi voqealardan xavotir bildirdi. Liga bosh kotibi Ahmad Abul Geyt Sudandagi tomonlarni o‘tish davri bo‘yicha avval imzolangan kelishuvlarga rioya etishga chaqirgan. Sudan - Arab davlatlari ligasi a'zosi hisoblanadi.

O‘z navbatida Afrika ittifoqi Sudandagi voqealar tufayli mamlakatning tashkilotdagi a'zoligini to‘xtatishga qaror qildi.

Tashkilot Sudanning a'zoligini ikkinchi marta to‘xtatmoqda. Birinchi marta bu 2019 yilda yuz bergandi. O‘shanda ham Sudanda harbiy to‘ntaruv amalga oshirilib, mamlakatni 26 yil boshqargan prezident Umar al-Bashir hokimiyatdan chetlatilib, hibsga olingandi. O‘shanda hokimiyat tepasiga harbiylar kelgan va ular bir oydan keyin muxolifat bilan 3 yilga o‘tish hukumatini tashkil etishga kelishib olgandi.

Sudandagi inqiroz

Armiya Sudan hukumatini harbiylar va fuqarolik o‘tish davri hukumati o‘rtasidagi keskinlik ortishi fonida ro‘y berdi. 2019 yil aprelida Umar al-Bashir bir necha oy davom etgan namoyishlardan keyin hokimiyatdan ag‘darilgach, ikki tomon hamkorlikda mamlakatni boshqarib kelayotgandi.

O‘tgan haftada minglab kishilar demokratik hukumatni qo‘llab-quvvatlagan holda namoyishga chiqqandi / GETTY IMAGES

2019 yil dekabrida Umar al-Bashir korrupsiya va chet el valutasiga noqonuniy egalik qilgani uchun ikki yil muddatga axloq tuzatish koloniyasiga mahkum qilindi. U hokimiyatdan tushirilgach, uyidan 130 million dollar pul solingan jomadonlar topilgandi. Uning iste'fosidan keyin harbiylar va muxtoriyat mamlakatda uch yil muddatga o‘tish davrini joriy qilishga kelishib olgan, kelishuvga ko‘ra mamlakatda 2023 yil oxirida saylovlar o‘tkazilishi kerak edi.

Sentabr oyiga kelib inqiroz kuchaydi, al-Bashir tarafdorlari davlat to‘ntarishi amalga oshirishga urinib ko‘rishdi.

Oktyabrda demokratik kuchlarning muxoliflari Xartumda ko‘chalarga chiqib, armiyani mamlakatda nazoratni qo‘lga olishga chaqirdi, o‘tgan haftada esa poytaxtda fuqarolik hukumatini qo‘llab-quvvatlash uchun o‘n minglab kishilar ishtirokida namoyishlar o‘tkazildi.

So‘nggi oylarda muvaqqat hukumatni qo‘llash darajasi keskin pasayib ketgan, bunga Sudan iqtisodiyoti og‘ir ahvolga kelib qolgani sabab bo‘lgan.

GETTY IMAGES

Mavzuga oid