Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Qarshida klasterning tug‘ilishi: zamonaviy fikrlaydigan, elga qayishgan tadbirkor mamlakat iqtisodiyotiga ham xizmat qiladi
Klaster nima? Hozirgi kunda mamlakat qishloq xo‘jaligining deyarli barcha tarmoqlariga kirib borayotgan bu tizimning afzalligi qanday? Klaster shunchaki, davlat va fermer o‘rtasidagi vositachimi yoki mamlakat iqtisodiyoti, insonlar bandligi, yaxshi yashashi uchun ham xizmat qiladimi?
Shu kabi savollarga bir yil avval Qarshi tumanida tashkil qilingan “CLUSTER KHILAL” MChJ paxtachilik-to‘qimachilik klasteri faoliyati misolida javob izladik.
“CLUSTER KHILAL” klasteri hozirgi kunda Qarshi tumanidagi 130 ta fermer xo‘jaligi bilan o‘zaro shartnoma asosida ishlamoqda. Klaster rahbari Gulmurod Ro‘zimurodov ham uzoq yillar qishloq xo‘jaligi sohasida ishlagan. Shu sababli fermerning muammolari, qiyinchiliklaridan yaxshi xabardor. Gulmurod aka haqiqiy klasterlar hududlarda fermerlar bilan osongina, eskicha ishlashi emas, haqiqiy raqobat va yangilikka intilib harakat qilishi kerakligi haqida gapirdi.
“Joriy mavsumda 10200 tonna paxta xomashyosini yetishtirishni reja qilganmiz. Hozirga qadar 8500 tonna hosil oldik, hali dalalarimizda paxta bor. Aytish joiz, klaster bilan birga ishlar ekan, yil qanday kelishidan qat'i nazar fermer xo‘jaliklarining ta'minoti bizning zimmamizda bo‘ladi. Yerni haydashdan tortib, hosilni paxta qabul qilish punktigacha bo‘lgan jarayonga mas'ulmiz. Fermer xo‘jaliklarini qiziqtirish ham muhim. Imkon boricha fermer xo‘jaliklarining ish haqini o‘z vaqtida beryapmiz. Shuningdek, terimchilarning ham ish haqi va rag‘bati vaqtida bo‘lyapti.
Bugungi kunda Qarshi tumanining o‘zida uchta klaster faoliyat ko‘rsatyapti. Bu raqobat degani. Fermer xo‘jaliklari ta'minot yaxshi bo‘lmasa, boshqa klaster bilan ishlashga harakat qiladi. Shu sababli biz fermerlarning ishonchini oqlash maqsadida ular tomonidan bo‘ladigan talabni to‘liq bajarish chorasini ko‘ryapmiz”, dedi Gulmurod Ro‘zimurodov.
Gulmurod aka nafaqat klasterning vakolat va mas'uliyati, balki fermer xo‘jaliklarining ham majburiyati haqida ma'lumot berdi.
Mazkur klasterning fermerlar bilan ishlash amaliyotini ham o‘rgandik.
“Bektemir o‘g‘li sayram” fermer xo‘jaligi raisi Bektemir Bobomurodov fermerchilikni boshlaganiga 15 yildan oshgan. “CLUSTER KHILAL” MChJ u ishlayotgan ikkinchi klaster hisoblanadi.
“Aslida bu yil dehqonchilik uchun og‘ir keldi. Suv kam bo‘ldi. Ammo mavsum davomida ta'minotdan qiynalmadik. Meniral o‘g‘itlar klaster tomonidan o‘zimizning hududga keltirib berildi. Texnikalar ta'minotida ham muammo bo‘lgani yo‘q. Yana bir qulay tomoni, 28 nafar ishchi-xodimlarimizning maoshini oyma-oy yetkazib berishdi. Yil og‘ir kelgan bo‘lsa-da, yaxshi hosil oldik. Yetmish sentnergacha g‘alladan, 37-38 sentner paxtadan hosil oldik. Lekin hali ham dalamizda paxta bor, demak bundan ham yuqori hosildorlikka erishamiz. Daromadimiz yaxshi bo‘ldi, foydamiz hisobidan yaqinda yangi traktor xarid qildik. Texnika dehqonning quvvati deyishadi, bu ham ishimizning rivojiga xizmat qiladi.
39 gektar yerga chigit qadagandik. Klaster bilan shartnomamiz 122 tonna, ya'ni gektariga 32 sentnerdan hosil olishimiz kerak edi. Biz esa rejadan tashqari 23 tonna hosil topshirdik. Muhim jihati, klaster bilan qo‘shimcha shartnomamizga ko‘ra ortiqcha topshirgan hosilimiz uchun 15 foiz qo‘shimcha haq to‘lab beriladi. Demak, biz ortiqcha yetishtirgan mahsulotimizni yana ham qimmatroqqa sotamiz. Qo‘shimcha topshirgan paxtamiz uchun yog‘, shrut va sheluxani ham o‘zimizga berishadi”, dedi Bektemir aka.
Xo‘jalik raisi yaqingacha davlat buyurtmasi asosida ishlagan vaqtlarini ham esladi. O‘sha paytda o‘g‘it fermer xo‘jaligining dalasiga kelishi u yoqda tursin, o‘zi texnika yollab viloyat markazidan olib kelgan ekan. O‘g‘itning bir tonnasi uchun texnikaga alohida 400 ming so‘mdan to‘lov qilardik, dedi u. Texnikalarning yonilg‘isi uchun ham xuddi shunday muammolarga duch kelishganini yashirmadi.
Klaster har uch-to‘rt kunda terimchilarning paxta pulini yetkazib berayotgan ekan. Bundan tashqari, faol paxtakorlar maishiy texnikalar, pul mukofotlari va xo‘jalik mahsulotlari bilan ta'minlanyapti.
Klaster tomonidan hozirgi vaqtda loyiha quvvati 3 million dollar bo‘lgan paxta tozalash zavodi qurilmoqda. Ushbu zavod nafaqat klaster faoliyatini kengaytiradi, balki fermer xo‘jaliklari yetishtirgan xomashyoni ikkita hududda qabul qilish imkoniyatini beradi. Mahsulotni yetkazishda vaqt ham tejaladi. Ushbu zavod to‘liq ishga tushirilishi bilan 250 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Paxta tozalash zavodi allaqachon 2000 tonna paxta qabul qilganini ma'lum qildi zavod ish boshqaruvchisi Erkin Imomov. Hozircha ushbu zavodda paxta qabul qilinib, chigit ajratib olinadi. Kelgusida yog‘-moy ekstraksiya zavodi qurib, yiliga uch ming tonna o‘simlik yog‘i, chorva hayvonlari uchun kunjara va sheluxa ishlab chiqarish rejalashtirilmoqda. Ushbu loyiha amalga oshgach, yana 80 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Bir yil avval tashkil qilingan “CLUSTER KHILAL” MChJ qoshida joriy yilda “KHILAL TeX” ip-yigiruv sexi ham ishga tushirilibdi. Mazkur loyihaning qiymati 20 million dollarni tashkil etadi.
“KHILAL TeX” korxonasi rahbari Komil Nabiyev sex ishga tushirilishi bilan 350 ta yangi ish o‘rni yaratilganini ma'lum qildi.
“Tseximizda bir kunda o‘rtacha 12 tonna ip-kalava tayyorlanmoqda. Bir oyda 360 tonna mahsulot eksport qilyapmiz. Mahsulotimiz asosan Xitoy, Pokiston, Turkiya, Peru, Chili va Yevropa davlatlariga chiqib ketyapti. Bir yilda o‘rtacha 12 million AQSh dollarlik mahsulot eksport qilyapmiz”, dedi Komil Nabiyev.
“KHILAL TeX”da yaxshi bir an'ana yo‘lga qo‘yilganini ma'lum qilishdi. Har oyda klaster rahbarlari ishchi-xodimlar bilan ochiq muloqot o‘tkazib, ularning shaxsiy va ish faoliyatiga doir muammolarini bartaraf etib kelmoqda. Ishchi-xodimlarning asosiy qismi “Ayollar daftari”, “Temir daftar” va “Yoshlar daftari”da ro‘yxatga olinganlar ekan. Bu safargi ochiq muloqotda Qarshi tumani hokimi Maqsuda Mustafoyeva ham ishtirok etdi.
Uchrashuvda sex ishchilari nafaqat klaster rahbarlari, balki tuman hokimiga ham o‘zlarini qiynayotgan muammolarini ma'lum qilishdi. Hokim sex ishchilarini chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish taklifini berdi. Uchrashuvda klaster rahbarlari ishchilarning bog‘chaga boradigan farzandlari uchun oylik to‘lovlarini zimmasiga olishini ma'lum qildi. Bundan tashqari, imkoniyati og‘ir bo‘lgan xodimlarning farzandlarining kontrakt pullarini to‘lash, xastaligi bo‘lgan oila a'zolarining sog‘lig‘ini tiklashda homiylik qilish taklifi bildirildi. Klaster mas'ullarining fikricha, ishchi-xodimlar bilan o‘tkazib kelinayotgan bu kabi uchrashuvlar jamoaning ishchanlik kayfiyatiga ham ijobiy ta'sir qiladi.
“CLUSTER KHILAL” MChJda kelgusida 7 million AQSh dollarlik loyiha asosida mato ishlab chiqarish fabrikasi ham ishga tushirilishi ma'lum qilindi. Ushbu loyiha amalga oshgach, yana 250 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
“CLUSTER KHILAL” MChJ tashkil etilganiga endigina bir yil bo‘ldi. Ushbu vaqt ichida bitta ip-kalava ishlab chiqarish sexi foydalanishga topshirildi va paxta tozalash zavodi qurilishi boshlandi. Eksport eshiklari ochildi. Kelgusida paxta ekish, yetishtirish, qayta ishlash yo‘nalishini yanada kengaytirib, nafaqat ip-kalava, balki mato ishlab chiqarish va trikotaj mahsulotlari tayyorlash maqsad qilingan. Ikkinchi asosiy yo‘nalish sifatida chigitni qayta ishlash sohasi ham rivojlantiriladi. Umuman, mazkur klaster faoliyatini kengaytirish, rivojlantirish yo‘lida dastlabki qadamlar qo‘yib bo‘lindi, deyishga yetarlicha asoslar bor.
Reklama huquqi asosida