O‘zbekiston | 15:59 / 31.10.2021
28964
4 daqiqa o‘qiladi

Ona o‘limi bilan bog‘liq hodisa vazirdan bekitilgani iddao qilindi. Vazir o‘rinbosari izoh berdi

Tug‘ruqdan keyingi ona o‘limi haqidagi xabar sog‘liqni saqlash vaziriga yetib borishiga go‘yoki uning o‘rinbosari to‘sqinlik qilgani haqida xabar tarqaldi. Vazir o‘rinbosari Elmira Bositxonova Kun.uz'ga bergan izohida vaziyat noto‘g‘ri talqin qilinayotganini aytdi.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Ijtimoiy tarmoqlarda cog‘liqni saqlash vaziriga yuborilgan xat uning o‘rinbosari tomonidan to‘xtatib qolingani aytilgan xabar tarqaldi.

Xatda 2021 yilning 17 may kuni Toshkent viloyati ko‘p tarmoqli shifoxonasida 23 yoshli homilador ayol vafot etgani, ayolning o‘limiga tug‘ruqdan keyingi o‘tkir yurak va buyrak-jigar yetishmovchiligi hamda boshqa bir nechta omillar sabab bo‘lgani aytilgan.

SSVning Onalik va bolalikni muhofaza qilish boshqarmasi yozgan xatga vazir o‘rinbosari Elmira Bositxonovaning imzosi bilan javob yozilgan bo‘lib, javobda xatni vazirga kiritmaslik va bosh akusher-ginekolog hamda 2 nafar professor yordamida tanqidiy ruhda o‘rganib, xulosa berish lozimligi yozilgan.

Xatdagi Bositxonovaga tegishli “Vazirga kiritilmasin” jumlasi ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari e'tiborini tortmoqda. Tarmoqda xabar tarqatganlar vazir o‘rinbosarini ayolning o‘limi bilan bog‘liq ishni “yopdi-yopdi” qilishda ayblamoqda.

Kun.uz muxbiri vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida Elmira Bositxonova bilan bog‘landi. U o‘z izohida Toshkent viloyatidagi shifoxonada haqiqatan ham shunday holat yuz berganini aytib, uning xatga javobi noto‘g‘ri talqin qilinganini bildirdi.

“Boshqarma boshlig‘i tomonidan berilgan ma'lumotni sog‘liqni saqlash vaziriga chuqur o‘rganib, sabablar va tahlillar asosida kiritish lozim. Masala onalar va bolalar o‘limi haqida ketar ekan, yuzaki xulosalarga tayanmasdan chuqur o‘rganish kerak. Bu o‘rganish ishlarini bosh akusher-ginekolog bilan birga 2 professor olib borishi kerakligi haqida topshiriq berilgan. O‘lim sabablari chuqur o‘rganilib, keyin vazirga hisobot berish kerakligi nazarda tutilgan.

30 yillik tajribaga ega anesteziolog-reanimatolog sifatidagi dastlabki xulosam – o‘lim sababi ko‘rsatilmagani, barcha holatga professional tekshiruv zarurligi bo‘yicha boshqarma boshlig‘iga muhim topshiriq berganman. Bunda hech qanday noto‘g‘ri yoki shov-shuvga sabab bo‘ladigan holat yo‘q.

Go‘daklar va onalar o‘limi bilan bog‘liq har bir holat bekitiladigan narsa emas. Qonunda ham, tibbiyotda ham har bir o‘lim holati sabablari tahlil qilinib, chora ko‘riladi va bu keyin yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarga yechim bo‘lib xizmat qiladi. Shuning uchun ham bu holni bekitish yoki “yopdi-yopdi” qilishdan biror inson manfaatdor emas.

E'tibor berilsa, xatda “kritik” so‘zi alohida qayd etilgan. Bu yozuvni qayd etishdan maqsad nimanidir xaspo‘shlash yoki bekitish emas. Bunday noto‘g‘ri xulosalar qilish bu vaziyatni noto‘g‘ri talqin qilish deb o‘ylayman”, dedi Bositxonova.

Xatdan ko‘rinishicha, ayolning o‘limi 2021 yilning 17 may kuni sodir bo‘lgan. Oradan o‘tgan deyarli yarim yil mobaynida holat o‘rganilgach, natijasi nima bo‘lgan?

Kun.uz muxbirining bu savoliga javoban Elmira Bositxonova 23 yoshli homilador ayolning o‘limi sabablari 3 nafar tibbiyot fanlari doktori va professorlar o‘rganganini aytdi.

“O‘lim sabablari chuqur o‘rganildi. Xulosalarni oldik va aybdor shaxslar o‘z jazosini oldi. Inson hayoti bilan bog‘liq bunday holatlar qayta sodir bo‘lishining oldini olish maqsadida bu tibbiy tahlil butun respublikadagi tug‘ruq komplekslariga ko‘rsatma xati bilan birgalikda yetkazilgan”, dedi sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari.

Mavzuga oid