O‘zbekiston | 16:21 / 02.11.2021
7203
9 daqiqa o‘qiladi

Madaniyat va san’at jamg‘armasi hamda Alisher Usmonov jamg‘armasi tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalar ma’lum qilindi

O‘zbekistonda madaniy meros institutlarini yaratish bo‘yicha Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan «San’at, fan va sport» xayriya jamg‘armasi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli loyihalar haqida ma’lumot berildi.

Foto: Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi

Qayd etilishicha, O‘zbekiston prezidenti tashabbusi bilan mamlakatning nihoyatda boy tarixiy va madaniy merosini asrab-avaylash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Tashabbuslarni amalda bajarish maqsadida Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi taniqli homiy va xayriyachi Alisher Usmonov asos solgan “San’at, fan va sport” xayriya jamg‘armasi bilan hamkorlikda O‘zbekistonda madaniyat muassasalarini yaratish bo‘yicha qator loyihalarni amalga oshirilmoqda.

Foto: Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi

«San’at, fan va sport» jamg‘armasi jahonga mashhur yapon me’mori Tadao Ando muallifligidagi Davlat san’at muzeyi yangi binosi loyihasining dizayn konsepsiyalarini ishlab chiqish, knyaz Romanov sobiq qarorgohini hamda Toshkentdagi Zamonaviy san’at markazini rekonstruksiya qilish, poytaxtdagi modernizm arxitekturasini asrash - «Modernizm 20/21» loyihalarini qo‘llab-quvvatladi.

San’at muzeyi yangi binosining qurilishi

O‘zbekiston hukumati qaroriga muvofiq Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan Davlat san’at muzeyi uchun yangi bino qurish loyihasini amalga oshirilmoqda.

Pritkser mukofoti laureati Tadao Ando sifat va xavfsizlikni ta’minlashning eng yuqori xalqaro standartlarini o‘zida mujassam etgan hamda mamlakat tarixiy merosini saqlab qolish va Yangi O‘zbekistonning yangi madaniy ramzi bo‘lishga qodir zamonaviy muzey yaratish g‘oyasiga asoslangan muzey binosini loyihalash konsepsiyasini ishlab chiqdi.

Foto: Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi
Foto: Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi

Muzeyning dizayn konsepsiyasi kutubxona, ma’ruza zali, kafe, park, tomdagi terrasa, katta ko‘rgazma maydoni va omborni o‘z ichiga oladi.

Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi kengashi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva:

«Bizning eng muhim umumiy vazifamiz – mamlakatimiz tarixiy-madaniy merosini asrab-avaylash va uni kelajak avlodga yetkazishdan iborat. Shu bilan birga muzey va boshqa madaniy muassasalarni yaratish, takomillashtirish va rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etadi.

Foto: Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi
Foto: Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi

O‘zbekiston Respublikasida so‘nggi yillarda milliy madaniyatni yanada rivojlantirish, Yangi O‘zbekistonning yangi tarixini yaratish, moddiy va nomoddiy madaniy meros xazinalarini asrab-avaylash va targ‘ib qilish, xalq og‘zaki ijodi va havaskorlik san’atini yanada ommalashtirish, mamlakatimizning jahon madaniy maydoniga faol integratsiyalashuvini ta’minlash, shuningdek, madaniyat va san’at sohasini innovatsion rivojlantirishga qaratilgan tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda».

Knyaz Romanov sobiq qarorgohini rekonstruksiya qilish loyihasi

Vazirlar Mahkamasi qarorini bajarish maqsadida 2019 yildan boshlab jamg‘arma tomonidan knyaz Nikolay Romanovning sobiq qarorgohini restavratsiya qilish va uni keyinchalik San’at muzeyi filiali sifatida faoliyat ko‘rsatishi bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Foto: Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi

Hozirgi vaqtda dastlabki rekonstruksiya konsepsiyasi ishlab chiqilgan. U asosiy bino va uning qanotlarining tarixiy maqsadiga muvofiq me’moriy rejasi, san’at asarlari ko‘rgazmasi ekspozitsiyasi rejasi, landshaft dizayni, hamda mavjud favvoralarni restavratsiya qilish rejasini o‘z ichiga oladi.

Loyihada asosiy urg‘u jamoatchilik uchun ochiq ko‘rgazma maydonini yaratishga qaratiladi. Mehmonlar nafaqat muzeyga tashrif buyurishlari, balki saroy bog‘i hududida ham vaqt o‘tkazishlari mumkin.

Arxitektura loyihasini ishlab chiqish uchun taniqli «Atelier Brückner GmbH» kompaniyasi (Germaniya) jalb qilindi, ushbu kompaniya muhandislik va arxitektura yechimlari, ko‘rgazma maydoni dizayni, hamda qarorgoh landshafti dizaynini ishlab chiqadi.

Alisher Usmonov nomidagi «San’at, fan va sport» xayriya jamg‘armasi direktori Fotima Muhomedjon:

«San’at, fan va sport» jamg‘armasi hamda Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armalari faoliyati madaniyatni asrab-avaylash va yuksaltirishga qaratilgan. O‘zaro hamkorligimiz imkoniyatlarni kengaytiradi, vakolatlar darajasini va O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan loyihalar sonini oshiradi.

Foto: Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi

Knyaz Romanov saroyini restavratsiya qilish – bu O‘zbekistondagi yirik arxitektura g‘oyalari doirasidagi birinchi loyiha bo‘lib, San’at, fan va sport jamg‘armasining ko‘magida yaqin kelajakda amalga oshiriladi. Ishimizni mamlakatlarimiz o‘rtasidagi uzoq yillik tarixiy aloqalarning yorqin namunasi bo‘lgan binoni restavratsiya qilishdan boshlayotganimiz ramziy ma’noga ega bo‘ldi».

Toshkentdagi Zamonaviy san’at markazini rekonstruksiya qilish loyihasi

Toshkentdagi Zamonaviy san’at markazi – bu Markaziy Osiyoda zamonaviy madaniyatni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash uchun yangi makondir. Ushbu loyihani amalga oshirish maqsadida jamg‘arma «Studio KO» (Fransiya) me’moriy byurosi bilan hamkorlik qilmoqda.

Yaqin kelajakda Zamonaviy san’at markaziga aylanadigan bino 1912 yilda barpo etilgan. XX asr boshlarida bu yerda shaharda birinchi tramvay tarmog‘i uchun elektr energiyasi ishlab chiqaradigan dizel elektr stansiyasi bo‘lgan. Aynan shu yerdan Toshkent shahrini elektrlashtirish boshlangan. Va aynan shu yerdan zamonaviy O‘zbekistonning badiiy muhitini yangilash boshlanadi.

Foto: Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi

Rejaga ko‘ra, ta’mirlash ishlaridan so‘ng, zamonaviy san’at markazi quyidagilarni o‘z ichiga oladi: ko‘rgazma maydoni, o‘zgaruvchan auditoriya, kinoteatr, kitob do‘koni, kutubxona, master-klasslarni o‘tkazish uchun maydon, kafe-restoran, arxiv, ochiq jamoat joylari, xodimlar uchun ofislar, omborxona.

Shuningdek, Zamonaviy san’at markazini rekonstruksiya qilish loyihasi doirasida, Toshkentning tarixiy tumanlaridagi mahallalarda yosh rassomlar va hunarmandlar uchun badiiy turar joylar ochilishi rejalashtirilgan.

«Modernizm 20/21». Toshkentda modernizm me’morchiligini saqlash, qayta tiklash va moslashtirish

Grace (Italiya) me’morchilik byurosi bilan hamkorlikda jamg‘arma Toshkentda joylashgan 20-asr modernizmi obektlarini asrash bo‘yicha yo‘l xaritasini ishlab chiqmoqda.

Loyiha Toshkentning turistik xaritasiga o‘tgan asr 60-80-yillarida shakllangan muhim me’moriy qatlamni baholash, tiklash va kiritish metodologiyasini ishlab chiqishga mo‘ljallangan. Toshkentda nafaqat mahalliy mutaxassislar tomonidan, balki xalqaro madaniy hamjamiyat vakillari tomonidan ham noyob deb topilgan ushbu davrga oid me’moriy obektlar mavjud.

Mazkur loyihani amalga oshirgandan so‘ng, O‘zbekiston poytaxtini birinchi «Modernizatsiya poytaxti» deb e’lon qilish mumkin. Amaliy tadqiqotlar asosida muhim tarixiy qatlamni saqlab qolish zamonaviy metodologiyasini ishlab chiqish yordamida ushbu loyiha modernizm asriga taalluqli bo‘lgan Toshkent me’moriy yodgorliklariga yangi hayot taqdim etishi hamda uning jozibasi va dolzarbligini namoyon etishi mumkin bo‘ladi.

Loyiha maqsadi – tanlangan obektlarga tashqi jozibadorlik va yorqinlikni taqdim etish, poytaxt aholisini madaniy va ijtimoiy yo‘nalishlarda o‘sishini ta’minlaydigan yangi muhitga ega bo‘lgan ushbu binolarni funksional jihatdan takomillashtirish. Bu me’moriy yodgorliklarni saqlab qolish va modernizatsiya qilish nafaqat shaharni qulay, turli ko‘rinishlarga boy va barqaror qiladi, balki sayyohlar uchun ham jozibadorligini oshiradi.

Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi ijrochi direktori Gayane Umerova:

«So‘nggi besh yilda prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakatimizning tarixiy-madaniy merosini asrab-avaylash, o‘rganish va ommalashtirish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Shu munosabat bilan mamlakatimizda milliy qadriyatlarimizni tiklash va jonlantirish, boy tariximizni o‘rganish, ilm-fan va ta’limni rivojlantirish, ilmiy va madaniy merosimizni asrab-avaylash, uni keng ko‘lamda o‘rganish borasida ulkan ishlar bajarilmoqda, shuningdek, madaniyat va san’at sohasidagi davlat institutlaridan biri deya tan olingan Jamg‘arma loyihalari, ushbu so‘zlarimning to‘g‘ridan to‘g‘ri isboti hisoblanadi».

Madaniyat va san’at jamg‘armasi, Alisher Usmonov

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid