O‘zbekiston | 00:42 / 04.11.2021
18672
3 daqiqa o‘qiladi

Telegram dasturchilari “O‘zkomnazorat” blokirovkasini 1,5 soat ichida bartaraf etgani ma'lum qilindi

Telegram vakilining ma'lum qilishicha, messenjer jamoasi “O‘zkomnazorat” blokirovkasidan soat 19:25da xabar topgan, soat 21:00ga kelib Telegram yana VPN'siz ishlay boshlashiga erishilgan.

Foto: RIA "Novosti"

Telegram qo‘llab-quvvatlash markazi vakili Davronbek Rustamov O‘zbekistonda ushbu messenjerni bloklashga urinish xronologiyasini keltirib o‘tdi.

Uning o‘z kanalida yozishicha, “O‘zkomnazorat” Telegram'ni blokirovka qilishga urinishni 3 noyabr kuni soat 19:15da boshlagan. 19:25da Telegram jamoasi bu urinishdan xabar topgan.

21:00ga kelib, Telegram tomonidan blokirovkaga qarshi ko‘rilgan choralar natijasida messenjer yana proksi-server va VPN'siz ishlay boshlagan.

Soat 21:37da prezident matbuot xizmati mazkur harakatlar davlat rahbarining xabarisiz qilinganini, 22:06da esa “O‘zkomnazorat” rahbari ishdan olinganini ma'lum qildi.

Telegram vakili soat 23:10da joylagan postida yozishicha, qisqa vaqt ichida blokirovkaga qarshi TeleUz proksi-serveridan 13 250dan ortiq kishi foydalangan.

Davronbek Rustamovning qayd etishicha, 2 iyul kuni “O‘zkomnazorat” tomonidan “Telegram Messenger LLP” bosh direktori Pavel Durov nomiga xat yuborilgan. Ammo qabul qiluvchi manzilga Telegram ofisining eski manzili ko‘rsatilgan, natijada xat adresatga yetib bormagan.

“Bilishimcha, boshqa xat yuborilmagan”, – deya yozdi Telegram qo‘llab-quvvatlash markazi vakili.

U kuni kecha O‘zbekistonda shaxsiy ma'lumotlar to‘g‘risidagi qonunchilik kuchaytirilgani, endilikda ijtimoiy tarmoqlar ma'muriy va jinoiy javobgarlikka tortilishi ham mumkin bo‘lganini qo‘shimcha qilgan.

Telegram 2018 yil aprelidan boshlab “Roskomnadzor” tomonidan Rossiya hududida cheklab qo‘yilgan, biroq messenjer dasturchilari bu cheklovni oson xatlab o‘tish yo‘lini topa olgan edi. Cheklov o‘rnatilganidan to bekor qilingan 2020 yil iyuniga qadar messenjerning Rossiyadagi foydalanuvchilari soni bir necha o‘n barobarga oshgan.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yil 15 apreldan Facebook, Google, Telegram va boshqa servislar O‘zbekiston fuqarolarining shaxsiga oid ma'lumotlarini jisman O‘zbekiston hududida saqlashi shartligi haqidagi modda kuchga kirgandi.

“O‘zkomnazorat” may oyidan ushbu qonun ijrosiga kirishgan va yuqoridagi talabni bajarmagan ijtimoiy tarmoqlar bloklab kelinmoqda. Lekin bu qonun talablari jiddiy salbiy oqibatlarga ega va qonunning 27-1-moddasiga jiddiy e'tirozlar bor.

Bu qonun qayta ko‘rib chiqilib, o‘zgartirilmas ekan, bugun bo‘lgani kabi muammolar takrorlanaveradi.

Mavzuga oid