Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Toshkent aeroportida 200dan ortiq yo‘lovchi to‘planib qoldi. Ularning reysi jadvalga kiritilmagan
Mahalliy turistik kompaniyadan Toshkent–Istanbul reysiga chipta xarid qilgan 200dan ortiq yo‘lovchi aeroportga kelib, bunday reys hali jadvalga kiritilmaganidan xabar topdi. Turoperator hujjat ishlarida kechikish bo‘lganini ma’lum qildi. Bir necha soatdan so‘ng reys uchun zaxira samolyoti jalb qilindi.
3 noyabr kuni Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida yo‘lovchilarning norozilik holati aks etgan video tarqaldi. Lavhada bu norozilikka Toshkent–Istanbul reysiga chiptalar sotilgan bo‘lsa-da, reys yo‘qligi sabab bo‘lgani aytiladi.
“Uzbekistan Airports” AJ axborotiga ko‘ra, 3 noyabr kuni Uzbekistan Airways aviakompaniyasining Toshkent–Istanbul yo‘nalishida uchish uchun 200 nafarga yaqin yo‘lovchi aeroportga kelgan, ammo jadvalda ushbu reys bo‘lmagan. Yo‘lovchilarning barchasi jadvalga kiritilmagan reys uchun chiptalar Asia Luxe Travel sayyohlik kompaniyasi tomonidan sotilganini ma’lum qilishgan.
Aeroport xodimlari sayyohlik kompaniyasi va aviakompaniya vakillari bilan bog‘lanib, ularda yo‘lovchilarga reyslar bekor qilingani haqida ma’lumot berishni va bu holatni bartaraf etish choralarini ko‘rishni talab qilgan.
Bayonotda sayyohlik kompaniyasi UzAirways bilan kelishilmagan holda aviachiptalar savdosini tashkil qilgani va reys uchun 200ga yaqin chipta sotilgani aytiladi.
Norozi yo‘lovchilarga suv tarqatilgan va ularni mehmonxonaga jo‘natish uchun transport tashkil qilingan. Ammo yo‘lovchilar bundan bosh tortgani sababli ular uchun Transport vazirligi tomonidan zaxira havo kemasi ajratilib, reysga yo‘lovchilarni ro‘yxatga olish ishlari boshlab yuborilgan.
Uzbekistan Airways mazkur reys uchun 227 nafar yo‘lovchi ro‘yxatdan o‘tganini ma’lum qildi.
Asia Luxe Travel kompaniyasi izohiga ko‘ra, Toshkent–Istanbul reysi ruxsat beruvchi hujjatlarni olishdagi qiyinchiliklar sababli ushlanib qolgan.
Turoperator yo‘lovchilar uchun ichimlik suvi, tushlik va mehmonxonagacha bepul transfer tashkil etilganini ma’lum qildi.
Kompaniyaga ko‘ra, samolyot mahalliy vaqt bilan soat 20:30da parvoz qilgan, reysga ro‘yxatdan o‘tgan barcha yo‘lovchilar uchib ketgan.
“Keltirilgan noqulayliklar uchun samimiy uzr so‘raymiz”, – deyiladi turoperator axborotida.
Mavzuga oid
15:02 / 23.05.2025
Istanbulda O‘zbekiston fuqarolarini ishga joylashtirish masalasi muhokama qilindi
19:10 / 17.05.2025
Istanbul aeroportida tanasiga oltin yashirgan o‘zbekistonlik ayollar ushlandi
13:33 / 17.05.2025
Tahdid va tarix haqida va’z: Istanbul muzokaralarida nimalar deyishdi?
18:23 / 16.05.2025