Jahon | 16:50 / 07.11.2021
15927
4 daqiqa o‘qiladi

Iroq bosh vaziriga dron orqali suiqasd qilindi

Yakshanbaga o‘tar kechasi portlovchi qurilma o‘rnatilgan dron-kamikadze Iroq bosh vaziri al-Kozimiyning qarorgohiga hujum qildi - bu haqda dastlab Iroq armiyasi ma'lum qildi. Bosh vazirning o‘zi jabrlanmagan, uning qo‘riqchilari jarohatlangan.

Foto: Getty Images

Iroq harbiylarining ma'lum qilishicha, bosh vazirga uchuvchisiz uchish qurilmasi vositasidagi hujum uning Bag‘dodning «yashil zonasi»da joylashgan qarorgohida amalga oshirilgan. Harbiylar portlash bilan yakunlangan hujumni bosh vazirga suiqasd deb atagan. Dastlab al-Kozimiy hujum vaqtida jarohat olgani haqida xabar tarqalgandi, ko‘p o‘tmay bosh vazirni o‘z vaqtida evakuatsiya qilishga muvaffaq bo‘lishgani ma'lum bo‘ldi. Ta'kidlanishicha, dron urib tushirilgan.

Keyinroq al-Kozimiy tvitterdagi rasmiy akkaunti orqali sog‘-salomat ekani haqida xabar qildi.

«Allohga shukrki, mening ahvolim yaxshi va men barchani xotirjamlikka chaqiraman», deydi u.

Bir necha soat o‘tib bosh vazirning tvitterida uning qisqa videomurojaati ham joylandi.

Iroqdagi «Shafaq» agentligi maxsus xizmatlardagi manbalariga asoslanib xabar berishicha, suiqasd oqibatida bosh vazirning uch nafar tansoqchisi jarohat olgan. Reuters axborot agentligining xabar berishicha esa, hujum vaqtida al-Kozimiyning 6 nafar tansoqchisi jarohatlangan.

Iroq hukumatining ikki vakili ham Reuters agentligiga bosh vazir qarorgohida kamida bitta portlash sodir bo‘lgani, bosh vazirning o‘zi tirikligini tasdiqlagan.

Bag‘doddagi qattiq qo‘riqlanuvchi «yashil zona»da hukumat binolari va xorijiy elchixonalar joylashgan.

«Yashil zona»da yashovchi diplomatlar Reuters agentligiga portlash va otishma ovozi eshitilgani haqida ma'lum qilishgan.

Hozircha hech kim bu hujum uchun javobgarlikni zimmasiga olmadi.

Eronparast kuchlar bilan ziddiyat
So‘nggi haftalarda Iroq siyosatida 10 oktabr kuni o‘tkazilgan parlament saylovlari tufayli ziddiyat yuzaga kelgan.

Mamlakatdagi bir necha eronparast qurolli guruhlarning siyosiy qanoti bo‘lmish «Fath» alyansi - dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra bu saylovlarda 329 deputatlik mandatidan atigi 15tasini qo‘lga kiritgan. Bungacha ularda parlamentda 48 o‘rin bo‘lgan.

Alyans vakillari Mustafo al-Kozimiy boshchiligidagi hukumatni saylov natijalarini soxtalashtirishda aybladi, bu birlashmaning yuzlab taraforlari «Yashil hudud» atrofida norozilik namoyishlari o‘tkazdi. Namoyishchilar politsiyaga tosh otgan, politsiya esa o‘z navbatida havoga o‘q uzish bilan javob qaytargan.

Juma kuni bu yerda namoyishchilar va politsiyachilar o‘rtasidagi to‘qnashuv oqibatida aksiya ishtirokchilarining bir nafari halok bo‘ldi, ikki tomondan jami 125 kishi turli darajada jarohatlangan.

Saylovlarning yakuniy natijalari yaqin hafta ichida e'lon qilinishi kutilmoqda.

Davlat departamenti qoralaydi
AQSh Davlat departamenti rasmiy vakili iroqliklar bosh vazirini o‘ldirishga urinishni «yaqqol terrorchilik akti» deb atadi.

«Bosh vazir omon qolganini bilib, taskin topdik. Bu ochiqchasiga terrorchilik akti, biz Iroq davlatchiligi yuragiga berilgan bu zarbani qattiq qoralaymiz», degan Ned Prays.

Davlat departamenti vakili AQSh Iroq maxsus xizmatlari bilan aloqada bo‘lib turgani va ularga tekshiruv ishlarida yordam taklif etganini bildirgan.

Mavzuga oid