Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Grandlarda yo‘qotishlar, «Arsenal» to‘rtlikka qaytmoqda, Sulsher yana iste'foga yaqin. Angliyada hafta o‘yinlari
Dam olish kunlarida Angliya premer-ligasida o‘tkazilgan navbatdagi tur bahslarida «Chelsi» ochko yo‘qotdi, «MYu» «Siti»ga qarshi derbida hech narsa qilolmadi, «Liverpul» yutqazdi va navbatdagi g‘alabadan keyin beshinchi o‘ringa ko‘tarilgan «Arsenal»ni o‘ziga yaqinlashtirib oldi.
«Arsenal» — «Uotford» — 1:0
Gol: 1:0 – 56 Smit-Rou.
Arsenal – Remsdeyl, Tomiyasu, Gabriel, Uayt, Nunu Tavaresh, Saka, Smit-Rou (El-Nenni, 86), Meytlend-Naylz, Lokonga, Lyakazett (Edegor, 69), Obameyang.
Uotford – Foster, Femeniya, Ketkart, Nkulu, Rouz, Sissoko, Kutska, Tufan (Joao Pedro, 62), Sarr, King, Dennis (Ernandes, 74).
Chetlatish: Kutska (89).
O‘z o‘yinini topib olgan «kanonirlar» birinchi bo‘lim davomida tinimsiz ravishda Klaudio Raneri qurgan devorni buzib o‘tishga harakat qilishdi, lekin to‘pga egalik qilish bo‘yicha uch barobar ustunlik ham naf keltirmadi. Aniqroq aytganda, bo‘lim boshida Saka urgan gol videotakrordan keyin ofsayd qayd etilib, bekor qilindi, keyin 38 yoshli Foster Obameyang ijrosidagi penaltini bartaraf etdi. Gabonlik futbolchi joriy mavsumda ikki urinishida ham «nuqta»dan adashdi, londonliklar jamoasi bosh murabbiyi sifatida 100-o‘yinini o‘tkazgan Mikel Arteta jamoaning shtatdagi penaltichisini almashtirish haqida o‘ylamoqda.
Ammo asosiysi, ispaniyalik mutaxassis ixtiyorida o‘yindan gol urishga qodir futbolchilar bor. Ayniqsa bu mavsumda yanada yorqin o‘yin ko‘rsatayotgan Smit Rou qatorasiga uchinchi o‘yinda o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘ydi va «Arsenal»ning ayni vaqtdagi asosiy yulduzi kim ekanini yana bir bor isbotladi. London klubi rahbariyati o‘tgan yozda ushbu iste'dodli futbolchisini tarkibda saqlab qolish uchun Grilishning transferidan keyin katta pulga ega bo‘lgan «Aston Villa»ning bir necha takliflarini rad etgan va u bilan uzoq muddatli shartnoma imzolagandi. Bundan tashqari, Smit Rou jamoada Mesut O‘zildan keyin bo‘shagan 10-raqamli futbolkani o‘ziniki qildi.
Navbatdagi quruq g‘alabadan keyin Arteta shogirdlari kuchli to‘rtlikka tahdid sola boshladi - mavsum startida so‘nggi o‘rinlarga tushib ketgan jamoani endi to‘rtinchi o‘rindan 2, birinchi o‘rindan 6 ochko ajratib turibdi. Keyingi turda «Arsenal» «Liverpul» maydoniga safar qiladi va g‘alabaga erishilsa, to‘g‘ridan to‘g‘ri raqibning kuchli to‘rtlikdagi o‘rni tortib olinadi.
«Everton» — «Tottenhem» — 0:0
Antonio Konte «shporlar» bilan APLdagi ilk o‘yinini o‘tkazdi, bir necha kun oldin Yevropa Ligasida muxlislarni infarktga tushiruvchi g‘alabaga erishilgandi, ikkinchi o‘yinda «Gudison Park»da golsiz durang qayd etildi. Whoscored statistik resursining qayd etilishicha, «Tottenhem» futbolchilari APLda raqib darvozasini so‘nggi bor ishg‘ol etganidan buyon 227 daqiqa o‘tdi. Konte baribir sehrgar emas, u bir necha kun ichida jamoani butkul o‘zgartirib bera olmaydi.
«Albatta, men durangdan qoniqmadim, ammo biz uchun eng yaxshi darmon — ko‘proq ishlashdir», — deya qayd etdi Liverpuldagi o‘yindan keyin italiyalik mutaxassis.
«Vest Hem» — «Liverpul» — 3:2 (Alisson, 4, avtogol. Fornals, 67. Zuma, 74 — Aleksandr-Arnold, 41. Origi, 83).
Qizillar uchun o‘yin bir vaqtning o‘zida ham kulgili, ham bahsli bo‘lgan gol bilan boshlandi. Ko‘pchilik bu vaziyatda Alisson xato qilmagani, burchakdan to‘p uzatilgan vaqtda unga nisbatan Ogbonna tomonidan qo‘pollik ishlatilganiga shubha qilmayapti. «Liverpul» bosh murabbiyi Yurgen Klopp o‘yindan keyin mag‘lubiyat uchun o‘zini oqlamasligini, ammo hakamlikdan norozi ekanini aytdi: «Bahona izlamayapman, xotirjamman. Hakam tomonidan oddiy qarorlar qabul qilinishi kerak, ammo bugun buni ko‘rmadik».
Shu bilan birgalikda, germaniyalik mutaxassis o‘z jamoasi ham yetarlicha yaxshi o‘ynamagani va mavsumdagi ilk mag‘lubiyatni to‘g‘ri qabul qilishini aytib o‘tgan: «Ikkinchi bo‘limda raqibdan unchalik ustun emasdik. Hujumlarni yakunlashda sovuqqonroq harakat qilishimizni xohlardim. To‘pni tez-tez yo‘qotdik, bu esa qarshi hujumlarga olib keldi».
Mehmonlarning bu o‘yindagi eng asosiy yutug‘i raqib jarima maydoni yaqinida Saloh va Aleksandr-Arnold tomonidan ijro etilgan jarima zarbasi bo‘ldi, angliyalik futbolchining «devor» ustidan o‘tkazib yo‘llagan zarbasiga Fabiyanski sakrashga ham ulgurmadi.
Bir aniq zarbadan ikki gol urilishi bilan kechgan birinchi bo‘limdan farqli o‘laroq ikkinchi bo‘lim vaziyatlarga boy bo‘ldi. «Liverpul» bosim qildi, ammo qarshi hujumlarni o‘tkazib yubordi va Fornals jamoasini oldinga olib chiqdi, keyin «Vest Hem» yana bir bor ayni vaqtda APLda standart vaziyatlardan foydalanishda kim eng zo‘r ekanini ko‘rsatib qo‘ydi. Bu safar Alissonga hech kim xalal bermayotgandi, ammo u burchak zarbasidan keyin to‘pga chiqishda yaqqol xatoga yo‘l qo‘ydi. Braziliyalik darvozabon qizillar mag‘lubiyatsiz seriya bo‘yicha klub rekordini yangilay olmasligida asosiy aybdordir — mersisaydliklar YeChL doirasidagi «Atletiko» (2:0) bilan o‘yindan so‘ng 1982 yilda o‘rnatilgan rekordni (25) takrorlashgandi, ammo 26-o‘yinda mag‘lubiyatsiz seriya barham topdi.
Qizillar o‘yinni qutqarishi ham mumkin edi, ammo so‘nggi daqiqalarda Mane darvozabon hududida turib aniq zarba berolmadi. Uning o‘rnida balki Origi yaxshiroq harakat qilgan bo‘lardi, u o‘yinning 83-daqiqasida hisobni qisqartiruvchi golni urgan va so‘nggi Angliya chempionatida 469 kunda ilk bor gol urgan va o‘yinga intriga qaytargandi. «Liverpul» nafaqat yetakchi «Chelsi»ga yaqinlashib olish imkoniyatini yo‘qqa chiqardi, balki turnir jadvalidagi qo‘shnisi «bolg‘achilar»ni uchinchi o‘ringa o‘tkazib yubordi, ortdan esa «Arsenal» ta'qib qilib kelmoqda, «Liverpul» bu ta'qibchi bilan terma jamoalar uchun tanaffusdan keyin, 21 noyabr kuni o‘zaro o‘yin o‘tkazadi.
«Chelsi» — «Byornli» — 1:1 (Havers, 33 — Vidra, 80).
Manchesterdagi derbi fonida «Stemford Brij»dagi o‘yin natijasi avvaldan ma'lumdek edi. Chempionatning yaqqol yetakchisi turnir jadvalining 18-pog‘onasida qolayotgan jamoani mehmon qilgan o‘yinda qanday intriga bo‘lishi mumkin edi? Shunday ekan, Haversning goli bilan o‘yin taqdiri hal bo‘lgandek va qolgan daqiqalarda «Chelsi» yana qancha gol urishini taxmin qilish kerakdek edi.
Ammo vaqt o‘tgan sayin londonliklarning ustunligi o‘zgarmay qolaverdi, Shon Daych esa to‘g‘ri o‘zgartirishlar amalga oshirib, Rodriges va Vidrani maydonga tashlab, hujum chizig‘ini jonlantirdi. Ulardan biri diqqatni yo‘qotgan mezbon himoyachilar ortida ochilib, apreldan buyon APL o‘yinlarida gol ura olmay kelayotgan chexiyalik hujumchiga to‘pni tashlab berdi. «Byornli» o‘tgan turda chempionatdagi ilk g‘alabasidan keyin ruhlanib ketgani yaqqol ko‘rindi va APL o‘yinlarida sentyabrdan buyon ochko yo‘qotmay kelayotgan «Chelsi» raqiblarni o‘ziga yaqinlashtirib oladigan bo‘ldi. Lekin bir kun o‘tib «Vest Hem»ga mag‘lub bo‘lgan mersisaydliklar Tomas Tuxelga bir ochko farqi bilan yaqinlashib olish imkoniyatidan foydalana olmadi.
«Brentford» — «Norvich» — 1:2 (Henri, 60 — Normann, 6. Pukki, 29, penalti).
«Rostov»ning sobiq yarimhimoyachisi Matias Normann APLdagi ilk golini urdi. Uning goli «kanareykalar»ga mavsumdagi uzoq kutilgan ilk g‘alabaga hissa qo‘shdi. Shu tariqa, ligada hamon birorta g‘alabaga erisha olmagan yagona jamoa «Nyukasl» bo‘lib qolmoqda, bu jamoa bo‘lajak bosh murabbiyi Eddi Hauning ko‘z o‘ngida «Brayton»ga qarshi durang o‘ynadi. Lekin «Norvich»ning ilk muvaffaqiyati jamoaning uzoq yillik bosh murabbiyi Daniel Farkeni lavozimida saqlab qola olmadi.
Sulsher — autmi?
«Manchester Yunayted» — «Manchester Siti» — 0:2 (0:2)
Gollar: Bayi, 7 — avtogol (0:1). Bernardu Silva, 45 (0:2).
«Manchester Yunayted»: de Xea, Shou (Aleks Telles, 73), Maguayr, Bayi (Sancho, 46), Lindelef, Van-Bissaka, Fred (van de Bek, 80), Brunu Fernandesh, Maktominay, Krishtianu Ronaldu, Grinvud (Reshford, 67).
«Manchester Siti»: Ederson, Uoker, Stouns, Joau Kanselu, Ruben Diash, Gundo‘g‘an, De Bryuyne, Bernardu Silva, Ernandes, Gabriel Jyezus, Foden.
Ogohlantirishlar: Joau Kanselu, 48. Bernardu Silva, 58. Krishtianu Ronaldu, 90.
Hakam: Oliver.
6 noyabr. Manchester. «Old Trafford» stadioni.
Endi Fergyusonning vorisi emas
Shanba kuni Aleks Fergyuson «Manchester Yunayted» bosh murabbiyi etib tayinlanganiga 35 yil to‘ldi. O‘shanda shotlandiyalik mutaxassis hali ser bo‘lmagan, buyuk murabbiy emasdi, ammo o‘n yillar o‘tib jahon futboli tarixidan munosib o‘rin egallagandi.
Albatta, bunday kunda «MYu» muxlislari derbida «Manchester Siti» ustidan g‘alaba qozonilishini kutishgani aniq. Qolaversa, bunga asoslar yetarli edi: Ole Gunnar Sulsher davrida «qizil iblislar» APLdagi so‘nggi uch derbida gol o‘tkazishmagandi. Aftidan, barcha muammolarga qaramay norvegiyalik mutaxassis mo‘jiza ko‘rsatib, Pep Gvardiola jamoasini mag‘lub etadigandek edi. Ammo bu faqat illyuziya bo‘lib chiqdi.
Sulsher uchun o‘yin hal qiluvchi bo‘lishi mumkin. Chunki uni yaqingacha Fergyusonning munosib vorisi sifatida ko‘rishayotgandi. Norvegiyalik mutaxassis «MYu» boshqaruviga qariyb uch yil muqaddam kelgan va dastlabki davrlarda buyuk shotlandiyalik tomonidan faol qo‘llab-quvvatlangandi; hatto ser Aleks jamoani Sulsher orqali boshqarayotgani to‘g‘risida gaplar paydo bo‘lgandi.
So‘nggi imkon
U allaqachon ichki rekord o‘rnatgan — Fergyuson ketganidan keyingi davrda hech bir mutaxassis skandinav kabi jamoa boshqaruvida uzoq qolmagan. Ammo hozirda Sulsher iste'foga har qachongidan ko‘ra yaqinroq. «Liverpul»dan uchralgan dahshatli 0:5 hisobidagi mag‘lubiyatdan keyin The Telegraph «Yunayted» murabbiyi uchun ortga hisob boshlanganini yozib chiqqandi: undan «Tottenhem», «Atalanta» va «Manchester Siti»ni mag‘lub etish talab etilardi.
«Shporlar»ga qarshi bahsda Sulsher vazifani a'lo darajada uddaladi — sxemani qayta qurib, safarda yirik g‘alabaga erishdi va Nununing iste'fosini ta'minladi. Norvegiyalik murabbiy bu orqali bir muammoni hal qildi: Uning o‘rniga «MYu» bosh murabbiyligi uchun asosiy nomzod sifatida qaralgan Antonio Konte «Tottenhem»ni boshqaradigan bo‘ldi.
«Yunayted» «Atalanta»ni mag‘lub etolmadi, ammo o‘yindan keyin muxlislarning emotsiyalari ijobiy edi, chunki Krishtianu Ronaldu bu o‘yinning ikki bo‘limida ham so‘nggi daqiqalarda gol urib, durang hisobni ta'minladi. Uchinchi o‘yin qolgandi — «Siti»ga qarshi derbi.
Ish bermagan sxema
Sulsherni istalgan narsada ayblash mumkin, ammo moslashuvchanlik yetishmasligida emas. Ha, ko‘pchilik u nega Jyeydon Sancho va Donni van de Bekni zaxira o‘rindig‘iga mixlab qo‘yganini tushunmayapti, ammo u qiyin vaziyatlarda taktikani o‘zgartirib, natijaga erishishga muvaffaq bo‘lmoqda. «Tottenhem»ga qarshi o‘yin oldidan «MYu» uch markaziy himoyachili sxemaga o‘tdi va bu ish berdi. Sulsher buni «Atalanta»ga qarshi o‘yinda ham qo‘llagandi, derbida ham shu taktikani qoldirdi. Ammo keyinroq bu qaror xato bo‘lgani oydinlashdi.
Nunudan farqli ravishda Gvardiola raqib o‘yinchilarining bunday joylashuviga tayyor bo‘lib chiqdi. O‘yin arafasida Pep unga chap qanotda chap oyoqda o‘ynovchi futbolchilar, o‘ng qanotda o‘ng oyoqda o‘ynovchi futbolchilar kerak bo‘lishini aytgandi. Dastlabki 20 daqiqalik u nega o‘yinni qanotlardan olib bormoqchiligi oydinlashdi — «MYu» qanotlarida juda ko‘p bo‘shliqlar qoldirildi va mehmonlar bundan foydalanishdi. Ayniqsa Aaron Van-Bissaka o‘ng qanotda yomon o‘yin ko‘rsatdi — uning hududidan doimiy ravishda Joau Kanselu va Fil Foden kirib kelishdi. Yettinchi daqiqada Erik Bayining avtogoli aynan shu qanotdan amalga oshirilgan hujum tufayli ro‘y berdi.
Ivuarlik himoyachi bu mavsumda ilk bor maydonga tushdi, ammo avtogolga unga o‘yin amaliyoti yetarli emasligi sabab bo‘lmadi. «MYu» himoyasida uch markaziy himoyachi jarima maydoniga to‘planib oldi, shunday ekan «Siti» mamnuniyat bilan bo‘sh hududlarda erkin harakatlandi.
«Yunayted»da ham vaziyatlar bo‘ldi, ammo kam va asosan Krishtianu Ronaldu omili tufayli. Umuman olganda, bu ikki hafta oldin «Liverpul»ga qarshi kechgan bahsni eslatardi. Faqat hisob boshqacha.
Holbuki bu o‘yinda ham tanaffusga qadar tabloda 0:5 hisobi porlab turishi mumkin edi. «MYu»ni hisob yiriklashib ketishidan faqat David De Xeaning qahramonliklari asrab qoldi — ispaniyalik darvozabon so‘nggi vaqtlarda individual mahoratini ko‘p bor ishga solishiga to‘g‘ri kelmoqda, ayniqsa derbining birinchi bo‘limi uning benefisiga aylandi. Lekin bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalarda baribir Bernardu Silva uning darvozasini ishg‘ol etishga muvaffaq bo‘ldi. Portugaliyalik bu futbolchi «Old Trafford»da uchinchi marta gol urmoqda.
Irodasiz «Yunayted»
Ikkinchi bo‘limni ko‘rishdan ma'no yo‘q edi. Ha, tanaffusda Sulsher 4-2-3-1 sxemasiga qaytib, avval Sanchoni, keyin Markus Reshfordni maydonga tashladi, ammo Gvardiola bu o‘zgarishlarga tayyor ekani ma'lum bo‘ldi. Shunday holatda «MYu» «Liverpul»ga ham taslim bo‘lgandi, shunday ekan bu o‘yinda «qizil iblislar»dan hech kim mo‘jiza kutmasdi. «Siti» to‘pga egalik qilishda davom etdi va raqibni Ederson darvozasidan uzoqda ushlab turdi.
«Yunayted» pozitsion hujumlar uyushtira olmadi va qarshi hujumlarda ham hech narsaga erishmadi. Jamoa himoyasi raqib uchun juda ko‘p bo‘shliqlar qoldirgan, hujum chizig‘i vakillari esa bo‘lim davomida faqat bir bor aniq zarba yo‘llay olishdi. 0:2 hisobi kamtarroq ko‘rinar, ammo buni aslida tor-mor bo‘lish desa ham bo‘ladi. Sulsher «Tottenhem» ustidan g‘alabadan keyin umid uyg‘otgan va yangilanishlarni va'da qilgandi, ammo barchasi yolg‘on tasavvur bo‘lib chiqdi. Norvegiyalik mutaxassis «Old Trafford»da obro‘sini yo‘qotdi va yaqin vaqtlar ichida u bu yerni butunlay tark etishi ham mumkin.

Mavzuga oid
11:33 / 19.05.2025
«Roma» «Milan»ni yengdi va YeChL uchun kurashda qoldi, «Barsa» sovrin olgan kunida yutqazdi. Kun o‘yinlari
14:01 / 12.05.2025
Yevropa chempionatlarida YeChL uchun kurash qizimoqda. Kun o‘yinlari
02:17 / 08.05.2025
YeChL. "PSJ" javob o‘yinida ham "Arsenal"ni yengib, finalga chiqdi
12:27 / 04.05.2025