O‘zbekiston | 17:52 / 09.11.2021
18729
5 daqiqa o‘qiladi

Davlat mehnat inspeksiyasi Bosh prokuratura xodimining o‘limi bo‘yicha izoh berdi

Rasmiy munosabatda Samir Rahmonov tabiiy ravishda o‘lim topgani uchun bu holat ish jarayonida sodir bo‘lgan baxsiz hodisa hisoblanmasligi qayd etiladi.

Marhum Samir Rahmonov / Foto: Kun.uz

“Tashkilotlarda mehnat faoliyati bilan bog‘liq ravishda sodir bo‘lgan baxsiz hodisalar va boshqa jarohatlanishlarni tekshirish va hisobini yuritish Vazirlar Mahkamasining 1997 yil 6 iyundagi 286-sonli qarori bilan tasdiqlangan Ishlab chiqarishdagi baxsiz hodisalarni va xodimlar salomatligining mehnat vazifalarini bajarish bilan bog‘liq boshqa xil zararlanishini tekshirish va hisobga olish to‘g‘risidagi nizomga muvofiq amalga oshiriladi.

Tashkilot hududida va uning tashqarisida xodimning mehnat vazifalarini bajarayotganda yuz bergan jarohatlanishi yoki salomatlikning boshqa xil shikastlanishi mehnat faoliyati bilan bog‘liq ravishda sodir bo‘lgan baxsiz hodisalar hisoblanadi.

Mazkur nizomning 1-bo‘lim, 3-bandiga asosan tabiiy o‘lim, o‘zini o‘zi o‘ldirish, jabrlanuvchining o‘z salomatligiga qasddan shikast yetkazishi, shuningdek, jabrlanuvchining jinoyat sodir qilish chog‘ida shikastlanishi holatlari (sud-tibbiy ekspertiza xulosasi yoki tergov organlarining ma'lumotlariga ko‘ra) tekshirilmaydi va hisobga olinmaydi”, deyiladi Mehnat vazirligining saytida e'lon qilingan rasmiy munosabatda.

Davlat mehnat inspeksiyasining qo‘shimcha qilishicha, oqibati o‘rtacha og‘ir yoki og‘ir va o‘lim bilan tugagan baxsiz hodisa to‘g‘risida ish beruvchi darhol sxemaga binoan quyidagilarga xabar berishi kerak:

– Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga, Toshkent shahar Bandlik boshqarmasiga;

– baxsiz hodisa yuz bergan joydagi hududiy ichki ishlar organiga;

– ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish shartnomasi bo‘yicha sug‘urtalovchiga.

Tibbiy xulosaga asosan Bandlik va mehnat munosabatlari va vazirligiga, Toshkent shahar Bandlik bosh boshqarmasiga mazkur holat bo‘yicha xabar berilmagan. Buni marhumning otasi Kun.uz’ga bergan intervyusida ham ta'kidlagandi. Ya'ni u Bosh prokuraturaga tovon puli so‘rab murojaat qilganidan so‘nggina holat Toshkent shahar bandlik bosh boshqarmasi Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan o‘rganilgan va inspeksiya sud tibbiy ekspertizasi o‘tkazilmagani uchun o‘lim sababi ma'lum emasligi, bunday holatda tovon puli to‘lanmasligini ma'lum qilgan.

Eslatib o‘tamiz, 26 aprel kuni Bosh prokuraturaning 33 yashar xodimi Samir Rahmonov vafot etgan edi. Marhumning otasi A'zamjon Rahmonov farzandi vafotidan olti oy o‘tib Bosh prokuraturani sudga bergani ma'lum bo‘ldi.

A'zamjon Rahmonov hodisa ro‘y bergan kuni ish beruvchi – Bosh prokuratura mehnat inspeksiyalarini jalb qilib, xodimining o‘limi yuzasidan surishtiruv o‘tkazmagani, qonunchilikda belgilangan tartibda dalolatnomalar tuzmaganini aytmoqda. Uning ta'kidlashicha, Bosh prokuraturaning ishonchli vakili sudda o‘g‘lining klinikaga olib kelinganidan so‘ng, shifoxonada qazo qilganiga ishontirishga uringan, biroq Samir Rahmonov klinikaga olib kelingan vaqtda tuzilgan dalolatnomada Bosh prokuraturadan uning jasadi olib kelingani qayd etilgan. Marhumning otasi sud ushbu holatlarga yetarlicha huquqiy baho bermayapti degan fikrda.

Toshkent shahar sudi matbuot xizmati marhumning otasi sudga murojaat qilganligini ma'lum qilgan. Sudning 17 sentyabrdagi hal qiluv qarori bilan da'vogar A.Rahmonovning da'vosi rad qilingan.

A'zamjon Rahmonov fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirobod tumanlararo sudining 2021 yil 17 sentyabrdagi hal qiluv qaroridan norozi bo‘lib kiritgan apellyatsiya shikoyati 12 noyabr kuni Toshkent shahar sudi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay'atida ko‘rib chiqilishi kutilmoqda.

Davlat mehnat inspeksiyasining ma'lum qilishicha, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 31 dekabrdagi 1066-son qarori bilan tasdiqlangan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Davlat mehnat inspeksiyasi to‘g‘risidagi nizomning 23-bandida Sud organlari tomonidan qaror qabul qilingandan keyin Inspeksiya vakolatiga kiradigan masalalar yuzasidan qo‘shimcha xulosalar, tushunchalar inspeksiya tomonidan berilmaydi.

Mavzuga oid