O‘zbekiston | 20:17 / 09.11.2021
5246
2 daqiqa o‘qiladi

Poytaxtda yoshlar oyligi o‘tkaziladi: 10 nafar yoshga Parij universitetida o‘qish uchun grant taqdim etiladi

2021 yilning noyabr–dekabr oylari davomida Toshkent shahar hokimligi tomonidan «Toshkent yoshlarni sevadi» shiori ostida «Yoshlar oyligi» o‘tkaziladi.

Bugun, 9 noyabr sanasida Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda «Yoshlar oyligi»da amalga oshirilishi rejalashtirilgan tadbirlar haqida ma'lumotlar berildi.

«Bu galgi «Yoshlar oyligi» oldingilaridan kengroq ko‘lamda o‘tishi uchun qo‘ldan kelgan barcha ishni qilamiz. Bizda yoshlar oyligining oxiriga qadar ko‘plab syurprizlar bor. Ulardan birini sizlarga ma'lum qilishim mumkin. Ushbu oylik davomida faollik ko‘rsatgan va eng munosib deb topilgan 10 nafar yoshlarimiz shahar hokimligi hisobidan to‘liq grant asosida Fransiyaning xizmat ko‘rsatish biznesi yo‘nalishidagi eng nufuzli universitetlaridan biri — «Le Cordon Bleu»ga o‘qish, tajriba orttirish uchun yuboriladi.

Bunda talabalarning Parijga borib kelish, o‘qish va yashash xarajatlari hokimligimiz tomonidan to‘liq qoplab beriladi. Aynan servis va ishlab chiqarish sohasidagi dunyoning ko‘plab yetakchi biznes egalari ushbu oliygohni tamomlashgan. Oy davomida bu kabi xushxabarlarimiz hali ko‘p.

Menimcha, yoshlarimizga mukofot tarzida uy yoki mashina emas, mana shunday nufuzli universitetlarga grantlar, yo‘llanmalar taqdim etsak, foydaliroq bo‘ladi. Sababi — mashina buzilishi mumkin, uni sotib yuborishlari mumkin. Lekin bu kabi universitet va o‘quv kurslaridagi bilim yoshlarimizning ongida umrbodga qoladi va ularning bilimi shahrimiz rivoji uchun ham katta xizmat qiladi», — dedi matbuot anjumanida so‘zga chiqqan Jahongir Ortiqxo‘jayev.

Ma'lumot uchun, «Yoshlar oyligi» davomida 6ta yo‘nalish: sport, intellektual loyihalar, madaniyat va san'at, moda va dizayn, tajriba almashish hamda harbiy vatanparvarlik yo‘nalishlarida turli tadbirlar, musobaqalar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid