Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Erkaklar kasbini egallagan andijonlik ayol: “Oilam yaxshi yashasin deb shu hunarni tanladim”
Aslida bugungi qahramon ayolimizning tanlagan kasbi nozik xilqat vakilalari uchun og‘irlik qiladigandek. Lekin u oilasi farovonligi uchun payvandchilik hunarini egalladi. Biz Andijon tumani Baxt mahallasida yashovchi Yulduzxon Yunusovaning xonadoniga kirib borganimizda u temir guldon yasayotgan ekan.
“Yoshligimda do‘ppido‘zlik hunarini egallab, turmushga chiqqanimdan so‘ng ham uzoq yillar shug‘ullanib keldim. To‘g‘risi, bu hunardan hozir daromad yaxshi emas. Turmush o‘rtog‘im payvandchi. Bu hunardan esa daromad yaxshi. Faqat biror joyda buyurtmaga asosan “naves”, “barer” yoki panjara kabi ishlarni bajargani yordamga ikkita shogird bilan boradi. Deylik, yuz ming topsa, uchga bo‘linadi. Mana shu pul bo‘linmasin, o‘zimizning oilaga kirsin, deb payvandchilikni o‘rganib, yoniga kirdim.



Yoshligimdan shaddod bo‘lib o‘sganman, kimningdir oldiga bo‘yin egib borish men uchun qiyin masala. Bir-ikki marta mahalla fuqarolar yig‘ini, tuman hokimligiga yordam so‘rab bordim. Yordam berishdi. O‘zimga o‘zim “Birovdan so‘ramaslik uchun mehnat qilish kerak” deganman va harakat qilib payvandchilik hunarini egalladim. Bolalarimiz katta bo‘lyapti. Uylaydigan, qiz chiqaradigan paytimiz yaqin. Shuning uchun harakat qilmasak bo‘lmaydi. Farzandlarimiz ham yordam berib, mehnatga o‘rganyapti”, – deydi Yulduzxon Yunusova.


Avvaliga harakatchan ayolning eri uning payvandchilikni o‘rganishiga qarshilik qiladi. So‘zida qat'iy turgan Yulduzxon niyatiga yetib ayni kunda eri bilan birga va o‘zi mustaqil holda buyurtmaga asosan turli buyumlar yasamoqda.
To‘g‘risi, ikki o‘g‘il va bir qiz katta bo‘layotgan oilaning yashash sharoiti to‘kis deb bo‘lmaydi. Bir xonali uyda yashaydi. Lekin Yulduzxonning kelajakdan umidlari katta va tilidan “shukr” so‘zi tushmaydi.

“Haqiqatan sharoitimiz yaxshi emasdir. Xudoga ming marta shukr, boshpanamiz bor. Hozir biz uchun bir xonali uy yetib turibdi. Yoshligimda Hindistonga borib, odamlarning kapalar ichida, ko‘cha chetlarida yashayotganini ko‘rganman. Bizning yurtimizda tinchlik, osoyishtalik, ko‘chada yashaydigan odamning o‘zi yo‘q. Qornimiz to‘q, ustimiz but. To‘g‘ri, bolalar katta bo‘lyapti. Endi qo‘shimcha uy, sharoitlarni yaxshilashimiz kerak. Lekin men doim bugungi kunimga shukr keltiraman”, – deydi qahramonimiz.
Ayolning temir bilan ishlashini suratga olish davomida uning turli og‘irlikdagi temir xomashyolarni ko‘tarib og‘ir mehnat qilishiga guvoh bo‘ldik. Yulduzxon o‘zi mustaqil “brus”, “turnik” kabi sport anjomlari, temir tebranma skameyka, guldon, yotoqxona jihozlari yasay oladi.
U tanlagan hunari qay darajada murakkab ekanligi haqida shunday deydi:“Haqiqatan og‘ir ish. Kunduzi bilan qattiq mehnat qilgach, kechga borib qattiq toliqaman. Lekin o‘rganib ketdim. To‘y-hashamlarga borsam ham ko‘zim o‘sha yerdagi temir buyumlarda bo‘ladi. Ayollar taqinchoqlar, kiyim-kechakka qiziqsa, men mana shunday temir buyumlarga qiziqaman. Hozircha xo‘jayinim menga ustoz. Hali u kishidan ko‘p narsa o‘rganishim kerak”.
Yulduzxon atrofdagi mahalla aholisiga buyurtmaga asosan so‘ritoklar, dekorativ panjara, darvoza va temir so‘rilar yasab, o‘rnatib beradi. Uning ayollarcha did bilan qilingan ishlaridan xonadon egalari xursand.




“Maqsadim payvandlash yo‘li bilan tayyorlanadigan turli buyumlar yasaydigan sex ochish va o‘zim singari ayollarga hunar o‘rgatish. Mayli, ayollarimiz payvandchi bo‘lmasin. Lekin bo‘yoq ishlari va boshqa yengil hunarlarni o‘rganishlari kerak. Chunki bugun bu hunarlarga talab katta. Tuman hokimiga murojaat qilganman. Menga sex uchun joy va ishni boshlab olishga dastmoya kerak. Kutyapman. Kredit olmayman. Lekin dastmoya berishsa, Xudo xohlasa albatta qaytarishga ko‘zim yetadi.
Menga sektorimiz rahbari, tuman IIB boshlig‘i Farhodbek Maqsudov, tuman hokimligi xotin-qizlar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Mavluda opa ko‘mak berib kelishyapti. Ulardan juda minnatdorman.
Prezidentimiz ayollarga katta imkoniyatlar yaratib, e'tibor berib keladi. Ko‘plab opa-singillarimizga davlat mukofotlari berganlarida quvonib ketaman. Men ham payvandchilikni mukammal egallab, ayollarga hunar o‘rgatib va barchaga namuna bo‘lib prezidentimiz qo‘lidan orden olishni orzu qilaman”, – deydi Yulduzxon.

Qahramonimizning eng yaxshi fazilati bu – kelajakka ishonch bilan qarashida deb bildik. Mehnatkash ayolning besh kishidan iborat oilasi bir xonali uyda yashaydi va ularda bittagina payvandlovchi uskuna bor. Uskunani eri bilan navbatma-navbat ishlatadi. O‘ylaymizki, Andijon viloyat va Andijon tuman hokimliklari qahramonimizga albatta sharoit yaratib beradi va u o‘z orzusiga erishadi.
Elmurod Ermatov,
Azizbek Ismoilov
Mavzuga oid
16:35 / 29.01.2025
Andijon tumanida kitob o‘qigan ayollarga kommunal to‘lovlar to‘lab beriladi
14:18 / 15.01.2025
Mansab vakolatini suiiste’mol qilib sudlangan Andijon tumani sobiq hokimi viloyat kasaba uyushmalari kengashiga rais bo‘ldi
10:09 / 11.07.2024
Andijonda tez harakatlangan Tracker zovurga tushib ketdi
11:22 / 26.04.2024