Jahon | 11:31 / 16.11.2021
19013
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyalik harbiylar “Superkalashnikov” avtomati bilan qurollantirilmoqda

Rossiya dengiz piyoda qo‘shinlari yangi AK-12 “Superkalashnikov” avtomatlari bilan qurollantiriladi. Bu haqda Rossiya mudofaa vazirligiga tayanib “Izvestiya” nashri xabar berdi. 

Foto: Izvestiya

Ma'lumotlarga ko‘ra, Tinch okeani flotining Tog‘li Qorabog‘dagi tinchlikparvar bataloni “Superkalashnikov” bilan qurollantirib bo‘lindi. Shuningdek, avtomatni Qora dengiz flotining “qora beretlari” ham oladi.  

“AK-12’da an'anaviy Kalashnikov avtomatining ishonchli mexanik qismi saqlab qolingan va qayta ishlangan. Buning evaziga avtomatning jangovar imkoniyatlari keskin oshgan. Avval bizning qurol AQSh shturm miltiqlariga nisbatan kamroq darajada aniq bo‘lgan bo‘lsa, hozirda bu haqda umuman gap borishi mumkin emas. U shubhasiz “qora beretlar” bo‘linmasini kuchaytiradi”, deb aytgan harbiy ekspert Vladislav Shurigin.

Uning ta'kidlashicha, yangi avtomatni Rossiya qurolli kuchlarining eng kuchli qismlari – maxsus kuchlar, desantura va dengiz piyoda qo‘shinlari olmoqda.

Mutaxassislar ushbu qurol dengiz piyoda qo‘shinlari jangovar qudratini oshirishi, chunki nafaqat umumqo‘shin janglarida, balki binolar va kemalarni dushman kuchlaridan tozalashda ham qo‘l keladi.

Avtomatga har qanday kuzatuv qurilmalari – lazerli nishonga olgichlar yoki fonarlar o‘rnatilishi mumkin. Unga qo‘shimcha oldi dastak, stvoli ostiga esa granatomyot ham o‘rnatish imkoni bor. Rossiya mudofaa vazirligida ta'kidlanishicha, avtomatning Rossiya qurollanishida bo‘lgan asosiy avtomat AK-74M’ga nisbatan samaradorligi 2 marta oshgan. 

AK-12 “Kalashnikov” konserni tomonidan “Ratnik” dasturi doirasida ishlab chiqilgan. 2018 yil oxirida avtomat Rossiya armiyasi tomonidan qurollanishga olingan. 2020 yil avgustida konsern avtomatni yaqin xorijiy davlatlarga eksport qilishni boshlagan.

Mavzuga oid